🔍

Article

VATAN TAQDIRIGA MASʼULLIK 2008-yilni Yoshlar yili deb e’lon qilinishidan ko‘zlangan maqsadlar xususida mulohazalar

By Safar Ostonov • in 2008

Qaysi millat, xalq bo‘lishidan qat’i nazar, kimdan bo‘lmasin, «Ota-onaning eng katta boyligi nima?» - deb so‘ralsa, tabiiyki, hammaning o‘ziga xos javobi bo‘ladi. Boshqalarni bilmadigu, lekin o‘zbekning aytadigani aniq: «Asosiy boyligim farzandlarim», deydi u faxr bilan.

Agar yana «Eng katta orzu-umiding nima?» – deb so‘ralsa, kimning nima deyishiga kafolat berolmaymizu, biroq o‘zbekning javobi bitta bo‘ladi: «Farzandlarimning baxtini, kamolini ko‘rish».

Chindan ham butun umrini, joni-jahonini o‘z zurriyodiga bag‘ishlaydigan xalqmiz. Toki ko‘zimiz ochiq ekan, quvonchu tashvishlarimiz ularning sog‘lig‘i, turmushi, muammolari bilan bog‘liq bo‘ladi. O‘zingdan ko‘ra farzandlaringni ko‘proq o‘ylaysan, o‘zingning yutug‘ingdan ko‘ra, ularning yutug‘idan ko‘proq quvonasan. Ota-ona yuz yoshga kirsa ham yetmish-sakson yoshli bolasi tashvishini qiladi. Azal- azaldan shunday, qonimizga singib ketgan odat bu. Chunki farzand ota-ona umrini, ezgu amallarini davom ettiradi. Vaqti-soati kelib shu aziz Vatanni ham ularga meros qilib qoldiramiz. Ammo farzand ertaga ota-onani rozi qila oladimi, sha’niga rahmat yog‘diradimi, eng muqaddas meros Vatanni ko‘z qorachig‘idek asray oladimi, uning shon-shuhratini oshiradimi? Yoki…

Oila butunligi, millat kelajagi, Vatan taqdiri bugun yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxoʻrligimizga bog‘liq bo‘ladi.

Bu aslida hech kimga sir bo‘lmagan haqiqat. Lekin bilish boshqa, amaliy ish qila olish boshqa. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz tashabbusi bilan barkamol avlod orzusi davlat siyosatining dolzarb masalalaridan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Yoshlar tarbiyasi mustaqilligimiz mustahkamligi, abadiyligi, Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy kuch ekanligiga imon keltirdik. Eng og‘ir damlarda don, non, valyuta topish katta muammo bo‘lib turgan bir paytda yoshlarimiz zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgansin, bilim olsin, hech kimdan kam bo‘lmasin, degan buyuk orzu-umidlar bilan ularni dunyoning eng ilg‘or mamlakatlariga o‘qishga yuborish yo‘lga qo‘yildi. Ulug‘ ajdodlarimizning «Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir», degan otashin so‘zlarini dilimizga jo qilib oldik «Xar bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘likdir», degan o‘gitlari, «Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur» kabi da’vatlari qalbimizda qayta alangalandi. Mustaqil millat, xalq, Vatan bo‘lib oyoqda tik turmoq, dunyo uzra taraqqiy etib, o‘z nufuzimiz, kuch-quvvatimizga ega bo‘lmoq uchun ilm-fanga, ma’rifatga suyanmoq nihoyatda zarurligini chuqurroq angladik. Yoshlar sog‘lom, ilm-ma’rifatli, e’tiqodli bo‘lsa, zamonaviy kasb-hunarlarni egallasa, hech kimdan kam bo‘lmagan avlod kamol topsagina orzularimizga yetishishimiz, Vatanimiz gullab-yashnashini anglab yetdik.

Eslaylik, davlatimiz ta’sis etgan birinchi ordan «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bo‘ldi. «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro jamg‘armasi tashkil etildi. Muhtasham sport inshootlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etishga kirishildi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi orasida birinchi bo‘lib bizda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida (1991-yil, 20-noyabr) Qonun qabul qilindi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad - yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, iqtidorini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat»ligi ta’kidlab o‘tildi. 1992-yil 2-iyulda «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. «Ta’lim ilm berish va tarbiyalashni o‘z ichiga oladi, respublikamizning aql-zakovati va ilm borasidagi kuch-quvvatini rivojlantirish, jamiyat, oila va davlat oldidagi o‘z mas’uliyatini anglaydigan har jihatdan barkamol erkin shaxsni shakllan- tirish maqsadini ko‘zlaydi», deya uqtirildi.

1992-yil 14-avgustda «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. «Jismoniy tarbiya O‘zbekiston Respublikasi xalqlari milliy madaniyatining ajralmas qismi, jismoniy va ma’naviy kamolotning muhim vositasi», ekanligi e’tirof etildi.

Yoshlarga e’tibor kun sayin keng qamrov ola boshladi, «Kamolot» yoshlar jamg‘armasi tuzildi, Prezidentimizning «O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida»gi Farmoni (1993-yil, 5-fevral) chiqdi.

Ijodkor yoshlarning «Iste’dod-respublika jamg‘armasi, iqtidorli yoshlarning chet ellarda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash «Umid jamg‘armasi tashkil etildi. Yana ko‘plab qonunlar, farmonlar, qarorlar barkamol avlod tarbiyasiga qaratildi.

Prezidentimizning respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari to‘qqizinchi sessiyasidagi ma’ruzasida yoshlar siyosatining maqsad-mohiyati yana bir bor aniq-ravshan ifodalab berildi: «Kelajak bugundan boshlanadi. Hozir tarbiya masalasiga e’tibor qilinmasa, kelajak boy beriladi. Tarbiyadan hech narsani ayamaymiz. Ma’naviy va axloqiy poklanish, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat va shu kabi chinakam insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Hammasining zamirida tarbiya yotadi».

Davlatimiz tarbiyadan hech narsani ayamayotgani, yoshlar siyosati izchillik bilan davom ettirilayotgani, farzandlarimiz o‘z iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyat maydoni kengayib borayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Birgina misol.

Ta’lim sohasidagi milliy dasturlarni hayotga tatbiq etish boshlan- ganidan buyon 1 ming 140 taga yaqin akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 4 ming 680 tadan ziyod umumta’lim maktabi yangitdan qurildi va kapital ta’mirlandi. O‘tgan yillar mobaynida zamonaviy, har tomonlama jihozlangan o‘quv yurtlarini barpo etish uchun 5 milliard dollardan ortiq byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar yo‘naltirildi.

Bularning barchasi o‘z kuchimiz, mehnatimiz bilan amalga oshirildi. Qaysi sohada bo‘lmasin, o‘zini ko‘rsatayotgan yoshlar ham ma’naviy, ham moddiy tomondan munosib taqdirlanmoqda. Ayniqsa, «Zulfiya» va «Nihol» mukofotlari, «Yangi avlod» respublika bolalar ijodiyoti festivali va «Kelajak ovozi» ko‘rik-tanlovlari, «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirayotgan xayrli ishlar katta ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 15-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Yurtboshimiz yana bir ulug‘ vazifani ilgari surdi: «Yoshlarimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, ma’naviy olamini boyitish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish maqsadida yangi yilda respublikamizdagi bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturini ishlab chiqish va qabul qilish muhim vazifalarimiz qatoridan joy olishi kerak».

Bu vazifa zamirida qanday ma’no- maqsad yotganini chuqur o‘ylab, mag‘zini chaqib olmog‘imiz zarur, albatta. Musiqa va san’atga oshufta qalb faqat yaxshilikka, ezgulikka intiladi. San’atning yuksakligi millatning ma’naviyati va madaniyati asosiy belgilaridan hisoblanadi. San’at, sport, adabiyot, fan millatni, mamlakatni dunyoga eng tez tanitadigan, uning taraqqiyoti, nufuzi, intellektual kuch-qudratini namoyon etadigan vositalardan ekanligi bugun hech kimga sir emas.

Yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar qadrini chuqurroq anglash, his qilish uchun dunyoga nazar tashlab, mulohaza yuritishga to‘g‘ri keladi. Shunday mamlakatlar borki, bolalarini o‘qitish, qornini to‘q, ustuni but qilishga qurbi yetmaydi. Kambag‘allik, ocharchilik, turli xil kasalliklar girdobidan chiqib ketolmay boshqalarga ko‘l cho‘zib, xayriya so‘rab yashaydi, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 854 million odam ocharchilikdan aziyat chekmoqda, Bu raqam XXI asr boshidan buyon o‘smoqda. O‘rtacha 30 mamlakat oziq-ovqat muammolari yechimini topolmay ovora. Ochlik, to‘yib ovqat yemaslik oqibatida bolalar o‘rtasida turli kasalliklar tarqalishi tobora tashvishli bo‘lib bormoqda.

YUNESKO ma’lumoti bo‘yicha dunyoda maktab yoshidagi 100 million bola o‘qish imkoniyatidan mahrum. Katta yoshdagi odamlarning taxminan 770 milliontasi o‘qish-yozishni bilmaydi. Bu yer sharidagi har yettinchi odam savodsiz degani. Savodsizlar orasida ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi - 500 milliondan ko‘proq…

O‘tgan yilning sentyabr oyida BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda MDH mamlakatlarida ta’limni rivojlantirish sohasidagi o‘z tadqiqotlari natijasini e’lon qilgan edi. Qator davlatlarda bu masala o‘z yechimini topolmayotgani qayd etilgani holda O‘zbekistonda ta’lim tizimini rivojlantirish darajasi ijobiy namuna sifatida e’tirof etildi. Bu natijalarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q, albatta. Buning zamirida katta mehnat, katta mablag‘ yotibdi.

2008-yilni Yoshlar yili deb e’lon qilinishi bu boradagi ishlarimizni yanada keng qamrovda davom ettirishimizga xizmat qiladiyu

Yoshlar yili haqida gap ketganda ayrimlar ko‘proq qanday shart-sharoitlar yaratilishi, imtiyozlar berilishi, moddiy yordamlar ko‘rsatilishi haqida o‘ylashi mumkin. Bular Davlat dasturida o‘z ifodasini topishi muqarrar, albatta. Ammo shu o‘rinda har bir ota-ona, yoshlarning vazifasi, burchi ham muhimligini unutmaslik kerak.

Yoshlar yilida ta’lim-tarbiya, axloq-odob, milliy g‘oya va mafkura targ‘ibotini yanada kuchaytirish, milliy g‘urur, milliy qadriyatlarimizni ular ongiga yanada chuqurroq singdirish talab etiladi. Har qancha bilim bermaylik, kasb-hunar o‘rgatmaylik, agar ular e’tiqodli, fidoyi, qat’iyatli, ma’naviyatli bo‘lmasa, yuragida Millat, Vatan tuyg‘usi yonmasa ko‘zlangan maqsadga yetolmaymiz. Buni o‘z hayotimiz misolida, katta-kichik amaldorlar taqdirida ko‘rdik. Bildirilgan ishonch, berilgan imkoniyatdan foydalanib, xalqqa halol xizmat qilib, hurmat-izzat topish, o‘zidan yaxshi nom qoldirish o‘rniga shaxsiy huzur-halovati, manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yib, oxir-oqibatda el nazaridan qolganlar fojiasining asosiy sababi - ular tarbiyasidagi kemtiklikka borib taqaladi. Yaxshi mutaxassis bo‘lishi mumkin, lekin uning qalbida halollik, iymon, e’tiqod iroda, or-nomus, vatanparvarlik hukmron bo‘lmasa, istalgan paytda xiyonat yo‘liga o‘tib ketadi.

Insoniyat tarixidan ma’lumki, davlat va jamiyatning kuch-qudrati asosan ikki narsaga bog‘liq, Biri - ILM-FAN bo‘lsa, ikkinchisi - TARBIYA. O‘z o‘tmishimiz ham bunga yorqin misol bo‘la oladi. Qaysi zamonda ilm-fan, madaniyat, ma’rifat taraqqiy etgan bo‘lsa, aynan o‘sha davrda yurtimiz gullab-yashnagan, kuch-quvvatga, obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, Mamlakatimiz rahbari ma’naviyat va ma’rifatga, milliy g‘oya va mafkuraga betinim ahamiyat berayotganining asl sababi ham ana shundadir.

Yoshlar tarbiyasiga mas’ullik haqida gap ketganda, turli mulohazalar bildiriladi. Eng avvalo, kimdan so‘rash kerak yoki kim ko‘proq mas’ul? Oilami, maktabmi, mahallami, davlatmi? Hammasining o‘z o‘rni, vazifasi bor, albatta. Ammo yerning dumaloqligiyu tepamizda quyoshning yagonaligini inkor etib bo‘lmaganidek, bola tarbiyasi eng avvalo ota-ona, oila muhitiga bog‘liqligini ham rad etib bo‘lmaydi, Faqat bu azaliy haqiqatni ongu shuurimizga singdirish, qalbimizga muhrlash oson kechmayotganini hayot saboqlari ko‘rsatib turibdi. Ko‘z yumib bo‘lmaydi. ozmi-ko‘pmi, jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgan, giyohvandlik balosidan umri zavol topayotgan, yot g‘oyalar, yovuz kuchlar domiga tushib, hayoti xazon bo‘layotgan yoshlarning ham borligi hammamizga ma’lum. Ayrim ota-onalar tasavvurida esa Xudo bergan farzand o‘zidan o‘zi o‘sadigandek, ulg‘ayib ketaveradigandek. Bola yo‘ldan adashib, tarbiyasi og‘irlashib, boshi devorga teggach, ota-ona bag‘ri-dili kuyib, oylab-yillab yelib-yuguradi. O‘ylab qolasan kishi: ana shu harakatlarning bir qismini o‘z vaqtida qilsak bo‘lmasmidi? O‘shanda jondan aziz ko‘rgan bolamizni balo-qazolardan asrab qolardik-ku, boshimizga shuncha tashvish, g‘am-g‘ussa tushmasdi-ku!

Ming afsus, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklar, achchiq qismatlarning go‘yo bizga daxli yo‘qdek, go‘yo bizni chetlab o‘tib ketadigandek tuyuladi. Vaholanki, turli tasodiflar bilan yoki kimlarningdir g‘arazli maqsadi oqibatida bolalarimizni ko‘ldan berib qo‘yayotgan hollar ham uchrab turibdi.

Bir yaqin tanishimiz bor edi. Oilasi tinch, ahildek ko‘rinardi. Uzi xushmuomala, fan nomzodi, bir oliy o‘quv yurtida o‘qituvchilik qilardi. To‘y, ma’rakalarga to‘ng‘ich o‘g‘li bilan borardi. O‘g‘li ham kamtar, odobli bola edi. Bir kuni kutilmaganda xunuk xabar eshitdik. O‘sha o‘g‘il diniy ekstremistlar ta’siriga tushib, terrorchi guruhga qo‘shilib qolgan ekan. Qamalib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, ota ham, ona ham mo‘min-qobil o‘g‘ilga ishonib, bamaylixotir yurgan. O‘g‘il esa o‘zi bilib-bilmay yovuz niyatli guruhlar domiga tushib ketgan, Endi ota-onaning ahvolini tasavvur qilib ko‘ring. Bolaga biror shikast yetadigan bo‘lsa, hammadan ko‘proq ular aziyat chekadi. Sog‘lom, barkamol farzand o‘ssa, bu ham eng avvalo ota-onaning baxti…

Bundan qariyb yigirma yilcha ilgari sobiq ittifoq o‘smirlar terma jamoasi a’zosi, umidli futbolchi Mirjalol Qosimov haqida maqola yozish uchun uning Oqtepadagi uyiga borgandim. Otasi Qo‘shoq aka o‘g‘lini futbol maktabiga qanday olib borgani, nimalarni orzu qilayotganini gapirib bergandi, Qo‘shoq aka ishdan qaytgach,

tengdoshlari qatorida choyxonaga chiqish, ulfatchilik qilish o‘rniga bolasini yetaklab Chig‘atoy futbol maktabiga oshiqardi. Mashg‘ulotlar tugagunicha maydonning bir chetida kutib o‘tirardi. Bunga yillar ketdi. Keyin nima bo‘ldi?

Mirjalol nafaqat ota-onasi, balki xalqning, Vatanning faxr-iftixoriga aylandi. Nafaqat futbol yulduzi bo‘ldi, ayni chog‘da halol, fidoyi, vatanparvar inson bo‘lib voyaga yetdi. Yoki Buxoroning oddiy bir qishlog‘ida tugilib o‘sgan Abbos Atoyevni olaylik. Endigina 21 yoshga kirgan bu hamyurtimizning boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishi hammamizni behad quvontirdi, g‘ururlantirdi. El-yurt uni qanday izzat-hurmat bilan kutib olganini ko‘rgan ota-onaning quvonchu shodligini bir tasavvur qilib ko‘raylik! Farzandining ana shunday g‘alabasi, shon-shuhratini ko‘rishning o‘zi ota-ona uchun beqiyos baxt, bebaho mukofot emasmi?!

Mamlakatimizda Vatan iftixoriga aylangan bunday yoshlar oz emas. Ruslan Chagayev, Muhammadqodir Abdullayev, Dilshod Mansurov, Abdulla Tangriyev, Iroda To‘laganova, Rustam Qosimjonov…

Yaqinda respublika maxsus musiqa akademik litseyining 4-sinf o‘quvchisi, 10 yoshli Tohirjon Asqarov Italiyada bo‘lib o‘tgan yosh pianinochilar xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lganini qanchalik quvonch bilan kutib oldik. Bunday iste’dodli, tayanchimiz, suyanchimiz bo‘la oladigan yoshlarimiz ko‘p. Ular sportda, san’atda, ilm-fanda o‘z salohiyatlarini tobora keng namoyon etib borishayotir. Iqtidorli yoshlarning yuzaga chiqayotgani, ko‘payib borayotgani mamlakatimizda ularga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar samarasidir.

«Albatta, har qaysi bolaning o‘z ota-onasi va yaqinlari bor. Va ayni shu insonlar bolaning sog‘lom va oqil bo‘lib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega bo‘lib hayotda o‘z o‘rnini topishini istaydi va kerak bo‘lsa, shu yo‘lda butun borlig‘ini bag‘ishlaydi.

Lekin men shu yurtning rahbari bo‘lib, xar qaysi ota-onaning yoni- da turib, jondan aziz farzandlarimizga bildiradigan orzu- niyatlarni amalga oshirishda o‘zimni mas’ul, deb bilaman va bunday vazifadan hech qachon qaytmayman».

Bu ezgu niyatlarni Prezidentimiz Konstitutsiyamizning 15-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tdi. Bu so‘zlar mazmun-mohiyatida mamlakatimizdagi har bir farzand taqdiri uchun kuyunish, yoshlarga mehr-muhabbat, g‘amxo‘rlik, ishonch, barkamol avlod, kuchli davlat, kuchli millat orzusi charaqlab turibdi. Bu so‘zlar kishini hayajonga soladi, ayni chog‘da o‘ylashga da’vat etadi, Yurtboshi farzandlarimizni asrash, avaylash, tarbiyalash yo‘lida xar bir ota-ona yonida turishini bildirayotgan bir paytda ota-onalardan nima talab etiladi? Ta’lim dargohlari, jamoat tashkilotlaridan-chi?…

Yoshlar tarbiyasiga nega bu qadar muhim vazifa sifatida qaralayotgani Prezidentimizning quyidagi so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: «O‘z-o‘zidan ayonki, yangi davlat barpo etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va zamonaviy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi muhim prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega».

2008-yilning Yoshlar yili deb e’lon qilinishidan ko‘zlangan maqsad, barkamol avlod orzusi yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha-barcha ishlar zamirida kelajakka, Vatan taqdiriga mas’ullik yotadi.

Total words

1,946

Unique words

1284

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.660

Hapax

989

Distribution

Top frequency chart

Dataset