Yangi yilning birinchi kuni Do‘rmonga xuddi bulturgiday qalin qor tushdi. Avvaliga shunchaki uchqunlab turdi, kechasi laylakqorga aylanib, bir tashladi, bir tashladi… Yakkam-dukkam, katta-kichik chorbog‘larga olib boruvchi yo‘llar yopilib, ba’zi muyulishlardan odam tugul mashina xam o‘tolmay qoldi. Bir-birlarini kunda-kunora ko‘rmasa, dunyoning ne-ne yangiliklari-yu, ahli qalamga taalluqli mish-mishlardan bexabar qoladigan faol qo‘shnilar xam darvozalaridan tashqariga aqalli mo‘ralab qo‘yishgani yo‘q. Mahalla qiyofasini ola boshlagan ikki ko‘chadan iborat bu go‘sha ajabtovur jim-jit bo‘lib qoldi. Chala, bitmagan imoratlarning tomida tinimsiz taraqa-turuq qilayotgan ustalar bugun ham dam olishmoqda chog‘i, tiq etgan ovoz eshitilmaydi. Ayrim mo‘rilardan chiqayotgan quyuq tutunni aytmasa, aralashko‘rg‘onda e’tiborga molik narsaning o‘zi yo‘q.
Bunday paytda, agar bitgan bo‘lsa, ijodxonaga kirib, bir nimalarni qoralash yoki divanga astoydil joylashib, choyni achchiqroq damlab, televizor ko‘rib yotish mumkin. Men uzoq o‘ylab o‘tirmay ikkinchisini tanladim. Qani, bu yil teleijodkorlarimiz bizni nima bilan xursand qilisharkin…
Dastlab latifalar tanlovi ketdi. Yomon emas, yangi-yangi latifago‘ylar paydo bo‘libdi. Ular orasida yosh-yosh singilchalarimiz, bola-chalarimizning borligini aytmaysizmi? Latifadan keyin boshqa kanalni burab, chiroyli qo‘shiqlar tingladim. Bo‘sh yotganingda, bitta ashulani hafta ichida elliginchi bor eshitsang ham bo‘laverar ekan. Keyinroq Rahimjon Mahkamov ssenariysi asosida suratga olingan yangi «Oqtosh asirasi» filmini tomosha qildim.
Film namoyishi oldidan ijodiy guruh a’zolari tomoshabinlarga, jumladan studiyaga taklif etilgan muxlislarga ham, bu film qanday paydo bo‘lgani, qayerda va qanday sharoitda, nima maqsadda suratga olingani, aktyorlarni tanlash jarayoni; syomka chog‘ida yuz bergan voqealar to‘g‘risida batafsil desam kam bo‘ladi, undan ham oshirib gapirib berishdi. Chunonan gapirishdiki, milliy kino san’atimizda buyuk, betakror bir asar yaratilganiga deyarli hammani ishontirishdi. Ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan ayollardan biri «Men bu filmni hali ko‘rmagan bo‘lsam ham, yaxshi ko‘rib qoldim», devordi.
Qoyil, mana buni reklamaning kuchi deydilar. Kinoya qilayotganim yo‘q, mening o‘zim xam shuncha maqtovdan keyin «Oqtosh asirasi»ga qiziqib qoldim. Maqtov shu qadar kuchaydiki, mabodo shu paytda saxovatli qo‘shnilarimizdan biri ot yoki tuya so‘yib, mehmonga chaqirsa ham chiqmas edim. Shundoq filmni ko‘rmay o‘tkazib yuborish insofdan emas-da!
Nihoyat, film boshlandi. Film ijodkorlari bugun xususiy va havaskor kino san’atimizda urf bo‘lib borayotgan, boshni qotirib o‘tirmaydigan «o‘xshatma» usulini tanlashgan. Ya’ni, hali namoyish etilmay turib maqtovi osmon qadar ko‘tarilgan «Oqtosh asirasi»ning syujeti mashhur «Kavkaz asirasi» filmi syujetining naqd o‘zginasi. Ipidan ignasigacha, kiyimidan latifasigacha! Voqealar, qahramonlar bir xil. U yerda ham, bu yerda ham uchta masxaraboz lakalumlang kelinchakni o‘g‘irlashadi. Kelin har ikki filmda ham shartakilik qilib, kuyovning qulog‘iga gul «taqib» qo‘yadi. Farqi – yangi film voqealari Kavkazda emas, o‘zimizning Oqtoshda kechadi. Dialoglar, qo‘shiq biroz o‘zgartirilgan. Aktyorlar rus tilida, sharqona lahjada gapirishadi, ba’zi «qichima» iboralarni esa o‘zbekcha talaffuz qilishadi. Bor gap shu.
Taqdimot ko‘rsatuvida bu film tomoshabinlarga yangi yil sovg‘asi ekanligi aytilgan edi. Yana, Obid Asomov «Oqtosh asirasi»ni bevosita «Kavkaz asirasi» deb tushunmaslikni takror-takror so‘radi. Ammo bu iltimosni bajarishning mutlaqo iloji yo‘q. «Kavkaz asirasi» sho‘rolar zamonida favqulodda jur’at bilan yaratilgan noyob kino- asar, dublyajda unga iste’dodli aktyorlarimiz ovoz berishgan. Ya’ni bu – allaqachon kuylab bo‘lingan qo‘shiq, o‘rischasiga «spetaya pesnya». Undan xom-xatala tarzda ko‘chirma ko‘chirishdan muddao nima?
Kino san’atimiz bugun, shubhasiz, rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Ko‘rsa bo‘ladigan filmlar peshma-pesh chiqib turibdi, turli tanlovlarda g‘olib bo‘lishmoqda. Bunda xususiy tarmoqning ham o‘ziga yarasha hissasi bor, albatta. Kino ijodkorlari safiga yosh ssenariynavislar, malakali rejissyorlar, iste’dodli operator va mahoratli aktyorlar kirib kelayotganini ham ko‘rib turibmiz. Shunga qaramay «Oqtosh asira»si menda qorishiq bir taassurot qoldirdi. Ijodiy jamoa ssenariy muallifining niyatini amalga oshirish uchun ko‘p ish qilgan, mahorat sarflagan. Aksariyat aktyorlar (xonanda Samandardan tashqari) o‘z rollarini durust ijro etishgan. Moslashtirilgan dialoglarda o‘zbekona lutf, ma’nodor ibora-yu, tagdor qochirimlar bor. Rejissyor va operatorga e’tiroz bildirish qiyin - ularning kinoda, harqalay, yangi odamlar emasliklari ko‘rinib turibdi. Bunday jamoa bilan har qanday vazifani qiyomiga yetkazib bajarsa bo‘ladi.
Shu fikrga kelganingizda bir narsa nafsoniyatingizni qitiqlaydi – aktyorlar mahoratli, ssenariy muallifi iste’dodli, Oqtosh Kavkazdan qolishmaydigan chiroyli bo‘lsa, hayotimizda latifalar to‘lib-toshib yotsa, quvnoqlikda bizdan o‘tadigan xalq dunyoda topilmasa, bu filmni mashhur filmga o‘xshatma qilib emas, original syujet asosida suratga olish mumkin emasmidi?! Nima, o‘zimizda Saaxovga o‘xshagan mug‘ombirlar, cho‘ntagiga bir nima solib qo‘ysangiz, yaqin jigaridan ham kechib yuboradigan lo‘ttivozlar, sallasi desa, kallasini olib keladigan labbaychilar yo‘qmi, sodda, beg‘ubor Shuriklar topilmaydimi?!
Gurjilarning qisqa metrajli kinolarini har gal zavq bilan tomosha qilaman. Mualliflarning mahoratiga qoyil qolaman. Ammo hayotimizga kinochilar ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, bizda bundan zo‘r hangomalar bor-ku. Rus satirasining donishmand oqsoqollari Xazanov, Petrosyan va boshqalar tan berishgan, Maksim Galkinning ichagini uzvoray degan kulgi san’atimiz mavjud-ku. Nega ularni kino tiliga ko‘chirmaymiz, xalqimizning beg‘ubor qalbi, sodda ko‘ngli, odamoxunligi, mehr-oqibatini badiiy satira orqali ko‘rsatmaymiz? «Oqtosh asirasi», bordi-yu, u har jihatdan mukammal bo‘lganida ham, «Kavkaz asirasi»ning moslamasi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha mashhur, ta’mi ko‘pchilikning og‘zida qolgan sho‘rvaning sho‘rvasi. Qo‘shni- ning taomi bilan uyda maqtanib bo‘lmaydi. Shunday ekan, iste’dod va mahoratni behuda isrof qilmagan ma’qul emasmi?!
Badiiy adabiyotda, tasviriy san’atda, jumladan kino san’atida ham, biror-bir original asarning nusxasi yoki mantiqiy davomini yaratish an’anasi bor. Ammo bu an’ana ijodkor uchun asosiy yumushga aylanib qolmasligi kerak. Yangi «Tohir va Zuhra» ni yaratdik, «Yer-yor»dan nusxa ko‘chirdik, «Parvona»ni yangiladik. Eng nomdor san’atkorlarimiz uchun ham boshqa xalqlarning musiqasini shundoqqina olib, so‘zini o‘zgartirib kuylayverish odat tusiga kirib bo‘ldi – birov bir nima deyayotgani yo‘q. Mana endi «Oqtosh asirasi». Ertaga kimdir shu o‘xshatmadan ilhomlanib, xonaki studiyalardan birida «Ko‘ktosh asirasi»ni suratga ola boshlasa yoki «Malinovkadagi to‘y», «Ishdagi ishq», «Taqdir hazili» kabi betakror filmlarning moslamasini yaratishga kirishib ketsa, unda nima bo‘ladi? Shu xususda boshimizni biroz qotirmasak bo‘lmaydi shekilli. «Oqtosh asirasi» ijodkorlari bu mulohazalarni to‘g‘ri qabul qiladilar, kelinni qarindoshlar yordamida o‘g‘irlatish biz uchun mutlaqo yot hodisa ekanligini anglab yetadilar va yil davomida bizni yangi, original asarlar bilan xushnud etishadi, degan umiddamiz. Zero, bu ish ularning qo‘lidan keladi. Gap chin ma’nodagi ijodni soxta ko‘chirmakashlikdan farqlashda qolgan xolos.