– Avvalo hamyurtlarimizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki haqidagi fikringizni bilmoqchi edik?
– Aslini olganda, terma jamoamiz futbolchilari finalda o‘ynashga munosib edilar, Iroqliklarni ham yengishga kuchimiz yetardi. Iroq terma jamoasi bilan o‘tgan uchrashuv bosh hakamining xatti-harakatlarini oqlashdan yiroqman. Haqiqatan ham u vaziyatni o‘z qo‘lidan chiqarib yubordi. Ko‘p hollarda antiqa qarorlari bilan millionlab muxlislarimiz qalbida e’tirozlar uyg‘otdi. Lekin bu to‘g‘rida qanchalik gapirmaylik, mulohaza yuritmaylik bari befoyda. Osiyo futbolidagi hakamlarning nohaqliklariga, ayrim arab mamlakatlari vakillarining hiyla-nayranglariga anchadan buyon duch kelyapmiz. Bu borada bir necha marta pand yedik. Qachonki, mana shu salbiy holatlarga qarshi kurashishda o‘zimizning munosib javobimizni bera olsak, ana shunda yutuq biz tomonda bo‘ladi, Masalan, o‘sha chorak finalda mag‘lubiyatga uchrashimizda hakamdan tashqari o‘zimizda ham qaysidir ma’noda ayb o‘tdi. Tan olish kerak, mavsumning oxiri, jismoniy charchoqlar, toliqishlar, jarohatlarning asoratlari o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Yigitlarga qoyil, shunday bo‘lishiga qaramay bor kuchlari bilan to‘p surishdi. Faqat futbolchilarimiz hakam ta’siriga tushmay sovuqqonlik, ruhiy vazminlik bilan o‘ynaganlarida yaxshi bo‘lardi.
– Nazarimizda, xalqaro maydonlarda futbolchilarimizga raqib o‘yinchisi bilan tortishmaslik kerakligi, hakamga e’tiroz bildirish foydasizligini anglash hissi yetishmayotgandek. Yodingizda bo‘lsa, yetakchi futbolchimiz Maksim Shatskix Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tgan uchrashuvda raqibi bilan «kelisha olmay» qolganligi uchun maydondan chetlatildi. Iroqliklar bilan bo‘lgan o‘yinda Asror Aliqulov qizil kartochka oldi. Bu bilan biz futbolchilarimizni qoralamoqchi emasmiz. Aksincha, ularni va jamoa manfaatini o‘ylab gapirayapmiz.
– Jahon futbolini olib qarasangiz ham oddiy o‘yinchidan tortib, yulduzgacha ko‘p holatlarda asablarini jilovlay olmay qolishadi. Hakam bilan tortishadi, muxlislarga biror-bir qiliq qilishadi, raqibiga past kelgisi kelmay urishib ketadi va hokazo. Bunday ko‘ylarga Zidan, Bekham, Maradona va yana ko‘plab futbolchilar tushganliklarini bilamiz Ammo bunday xatti-harakatlar kim haq yoki nohaqligidan qat’i nazar hech qachon ijobiy baholanmagan va futbolni ham bezamagan. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, bir-birlarining hamiyatiga tegadigan qiliqlari uchun raqibi bilan maydondan chetlatilgan Shatskixni, unga qo‘shib milliy federatsiyamizni ham OFK jazolashi mumkin edi. Xo‘sh, bundan kim yutardi? Albatta, biz emas.
– Keyingi yillarda o‘zbekistonlik hakamlar FIFA hamda OFK bayrog‘i ostidagi nufuzli musobaqalarga taklif etilmoqda. Siz ham katta-katta xalqaro musobaqalarda referi sifatida Vatanimiz nomidan maydonga tushyapsiz. Bunday uchrashuvlarda maydonga tushganingizda qalbingizdan nimalar kechadi?
– Buni bir og‘iz so‘z bilan ta’riflashning iloji yo‘q. 2003-yili Finlyandiyada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Yaman - Portugaliya va Serra-Leone - AQSH yoki 2006 yilgi jahon chempionati saralash bahslari doirasidagi Yaponiya - Bahrayn terma jamoalari uchrashuvlarini boshqarganim bir umr yodimdan chiqmaydi. Stadion suxandoni mamlakatlar terma jamoalar tarkibini tanishtirib bo‘lgach, hakamlar O‘zbekistondan, degan ajib va yoqimli so‘zni aytdi. Ana shunday lahzalarda mustaqillik sharofatiga shukrona aytib, shu ozod yurt o‘g‘loni bo‘lganliging va O‘zbekiston nomidan dunyoga chiqqanligingdan qalbing g‘ururga to‘ladi…
– Milliy chempionatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan hakamlarimiz orasida viloyatlardan vakillar barmoq bilan sanarli. Masala shu darajaga ko‘tarildiki, viloyatlardagi muxlislar «Nega «Paxtakor», «Traktor», «Lokomotiv» ishtirokidagi uchrashuvlarni betaraf joydan emas, aynan toshkentlik hakamlar boshqarishadi?», degan e’tirozlarni ham bildirishmoqda…
– Juda to‘g‘ri aytdingiz. Biz, ya’ni Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan hakamlar viloyatlarda ham munosib hamkasblarimiz yetishib chiqishini bu esa o‘z-o‘zidan sog‘lom raqobat, o‘sishni kuchaytirishini, futbolimiz rivoji yanada jadallashishini istaymiz.
Ko‘pchilik poytaxtda musobaqalar tez-tez o‘tkaziladi, hakamlarning mahorati oshishi uchun imkoniyatlar katta, degan fikrda. Ammo masalaning yana bir jihati shundaki, poytaxtda shu sohaning tajribali mutaxassislari ko‘pchilikni tashkil etadi. Sardor Najafaliyev, Anatoliy Kovalenko, Sayfiddin Ermatov… Bular safi juda keng. Ular yoshlarga hakamlik sir-asrorlarini o‘rgatishda hech charchashmayapti.
Haqli savol tug‘iladi: Joylarda ham o‘z davrining yaxshi hakamlari, bugunda tajribali mutaxassislar yo‘qmi? Bor, lekin… Hammani tanqid qilib bo‘lmaydi. Namuna ko‘rsatishga arzigulik insonlar ham bu borada fidoyilik ko‘rsatishyapti, Misol uchun, Noil Lutfulinni olaylik. Hali hakamlik faoliyatini tugatmasdanoq, qanchadan-qancha buxorolik yosh yigitlarni o‘z ortidan yetaklay oldi. Yoki shahrisabzlik Shamil Jumayev bir shaharning o‘zida Arslon Xotamov, Azamat Jalilovlarni tarbiyalab, kamolga yetkazdi. Qashqadaryoning boshqa yana bir qator yetakchi hakamlari - Amriddin Saydaliyev, Bahrom Norsafarovlar ham Shamil akani o‘z ustozlari, deb bilishadi. Qaniydi hamma shunday ishlasa…