TRANSPORT VOSITALARINI VAQTINCHA SAQLASH JOYLARIDA HAQIQIY AHVOL QANDAY, TARTIB-INTIZOM TALABGA JAVOB BERADIMI? MASHINALAR FAVQULODDA VAZIYATLARDAN KAFOLATLANGANMI?…
Ko‘p narsa taqqoslanganda, solishtirganda bilinadi. Shu ma’noda o‘n yil avvalgi ahvol bilan bugungi bozorlarimiz qiyofasi, u yerda yaratilgan sharoitni chog‘ishtirsak ko‘p narsa oydinlashadi. Eslab ko‘raylik, bundan o‘n yilcha ilgari yo‘llarimiz, bozorlarimiz, bozor atroflari qanday edi-yu, hozir qanday? O‘sha paytlari boshqa joylarni-ku qo‘ya turaylik, hatto respublika poytaxtining asosiy bozorlari tartibsiz ahvolda edi. Bozorga kirish yo‘llari o‘ydim-chuqur. Mashina qo‘yishga tuzukroq joy yo‘q edi.
Hukumatimiz qarorlari asosida bozorlar faoliyati tubdan yaxshilandi, aholiga kulaylik yaratish yo‘lida ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi va bu harakatlar izchil davom ettirilmoqda Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Ammo, avtomobillar to‘xtash joylari haqida har xil e’tirozlar kulakka chalinib turadi. Kimdir xizmat haqidan, boshqasi sharoit yaxshi emasligidan noliydi. Masalaga oydinlik kiritish uchun poytaxtimizdagi qator «stoyanka»lar ishini kuzatdik.
$$«Parkent» dehqon bozori$$ oldidagi avtomobillar to‘xtash joyidamiz. «Stoyanka»ga kirayotgan mashinalarning keti uzilmaydi. Kirish joyiga o‘rnatilgan budkadagi e’lonni o‘qiymiz: «Chipta olishni unutmang, Yengil avtomobillar uchun - 600 so‘m. Yuk avtomobillari uchun - 800 so‘m. OOO «Barqaror xizmat»… Mutasaddi chek uzatyapti. Ayrim haydovchilar esa beparvo o‘tib ketyapti. Chek orqa mashinadagiga uzatiladi… O‘n besh-yigirma minut shu holatni kuzatdik. Kiruvchilar ko‘p, chiqib ketuvchilar-chi? Mashinalar oralab chiqish tomon bordik. Mashinalar zuv kirgan bo‘lsa, bu yerda ham zuv chiqib ketyapti. «Stoyanka» uchun hak olayotgan kishining qo‘li qo‘liga tegmaydi. «Quyon bo‘layotganlar ham bor. Shlagbaum oldida turgan yigit haq bermagan haydovchilar bilan g‘idi-bidi qiladi, Orqaga qaytib, chek berayotgan kishi bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. Salom-alik qilib, muddaoga ko‘chgan edik hamki bir militsiya xodimi kelib «bu kishi hech narsa bilmaydi, yuring «starshiysi» bilan gaplashasizlar», dedi.
– Biz shu joyda jamoat tartibini saqlaymiz, - dedi militsiya serjanti. - [Shuxrat Xudoykulov] bo‘laman. Hamza tuman ichki ishlar boshqarmasi munitsipial post-patrul xizmatidanman. Jinoyatchilikning oldini olish bizning burchimiz.
– Siz xizmat qilayotgan «stoyanka»da o‘g‘irlik holatlari bo‘lib turadimi?
– Yo‘q, Biz kirayotganlarni xam, chiqayotganlarni ham nazorat qilamiz. Qolaversa, bozor ma’muriyati, uchastka inspektorlari bilan hamkorligi- miz tufayli noxush voqealar yuz berishiga yo‘l qo‘ymayapmiz.
Avtomobillar chiqish joyidagi budkadan «starshiy» chiqib keldi. Unga o‘zimizni qiziqtirgan bir-ikki savolga javob olmoqchi zkanimizni aytdik.
– Men sizlarga hech narsa, deya olmayman, - dedi o‘zini Vladik Kim deb tanishtirgan yigit. - Bu yerning kattasi bor, hozir chaqiraman. U bilan gaplashasizlar.
Darhaqiqat, oradan yigirma minut o‘tar-o‘tmas o‘rta yashar bir kishi keldi. U bizdan maqsadimizni so‘rab-surishtirdi. Guvohnomamizni olib, sherigiga uzatdi. U esa nimalarnidir yozib oldi. Shundan keyin biz ham u kishidan ismi-sharifini so‘radik.
– Meni oddiygina qilib Ivan Ivanovich, deydilar, - deya o‘zini tanishtirganday bo‘ldi boyagi kishi. - O‘tgan yilning noyabridan beri shu joyda ishlayapmiz. Jamoamiz o‘n kishi atrofida. Militsiya xodimlari bilan yaqin hamkorlikda ish yurityapmiz. Bironta o‘g‘irlik holati bo‘lgani yo‘q.
– «Stoyanka»laringizga bir kunda o‘rtacha qancha mashina kirib-chiqadi, so‘raymiz undan.
– O‘rtacha 800 ta… Bizda qat’iy hisob-kitob olib boriladi. Soliklarni vaqtida to‘lab boramiz. Boshqa kerakli ma’lumotlarni ofisimizdan olishlaringiz mumkin…
Bir qarasang hammasi joyidagidek tuyuladi. Lekin, talab qanday?
Ana shu suhbatdan keyin avtomobillar to‘xtash joylarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi, unga qo‘yiladigan talablar, soliq solish va faoliyat tartibi, shuningdek, avtomobillar to‘xtash joylarining javobgarligiga oid me’yoriy hujjatga yana bir bor ko‘z yugurtirdik.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-avgustdagi 387-sonli qaroriga 1-ilova.
$$O‘zbekiston Respublikasi$$ hududida avtotransport qisqa muddat saqlanadigan avtomobillar to‘xtash joylarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyati to‘g‘risida Nizomni o‘qiymiz:
«…Avtomobillar to‘xtash joylariga nisbatan qo‘yiladigan talablar:
Avtomobil to‘xtash joyi: qattiq qoplamaga ega bo‘lishi, o‘ralgan, yoritilgan, axlatlarni yig‘ish uchun konteynerlarga, yong‘inga qarshi vositalarga, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun binolarga yoki bosh ko‘cha yoki yo‘llarga chiqiladigan (kirish va zaxira) darvoza yoki shlagbaumga ega bo‘lishi kerak…
Avtomobillar to‘xtash joylarining faoliyati tartibi
Avtomobillar to‘xtash joylarida avtotransportni saqlaganlik uchun belgilangan namunadagi kvitansiya rasmiylashtirilgan, kvitansiya koreshogi berilgan xolda avtomobillar to‘xtash joylari tomonidan belgilanadigan tariflar bo‘yicha haq undiriladi…
Bu yer esa o‘ralmagan, axlatlar uchun konteynerlar, yong‘inga qarshi vositalarni ko‘rmadik.
Navbatdagi «obyekt» Qo‘yli dehqon bozori atrofidagi avtomobillar to‘xtash joyi. «Stoyanka» bahosi bir joyda yengil avtomobillar uchun - 500 so‘m, yuk avtomobillari uchun 700 so‘m bo‘lsa, ikkinchi to‘xtash joyida yengil avtomobillar uchun 600 so‘m, deya e’lon yozib qo‘yilgan. Avtomobillar ichidagi buyumlarga javob bermasliklari haqidagi ogohlantirish xam bor.
«Qo‘yliq» dehqon bozoriga kiraverishdagi avtomobillar to‘xtash joyida biz bilan gaplashadigan odamni budkadan chaqirib chiqishdi. Uning ham ismi Ivan ekan, Ivan gapni qisqa qildi:
– Sizlarga hech qanday ma’lumot bera olmaymiz, - dedi u. - Nima, qancha, qanaqa? Kattalarimizga boringlar, ular aytishadi. Biz ishchilarmiz…
Ko‘prik tagidan o‘tib vodiy tomon ketuvchilar «stoyanka»siga keldik.
Farg‘onalik, andijonlik haydovchilarni gapga tutamiz.
Har bir kirishimizga 600 so‘mdan to‘laymiz, - deyishdi ular.
– O‘g‘irlik ham bo‘lib turadimi?
«Ugon» yo‘q. Sababi, har doim mashinamiz oldida bo‘lamiz. Lekin kechasi mashina ichidan magnitofonni yechib olib ketgan hollar bo‘lib turadi.
– Nima, kechasi «stoyanka» yoritilmaydimi?
– Yo‘q, Mashinaning chirog‘ini yoqib ko‘zmiz. Orqa tomon bundan-da qorong‘i.
Atrofga nazar tashlaymiz. Yerga shag‘al to‘shalgan. Yoritgich chiroqlari ko‘rinmaydi. Yong‘inga qarshi vositalar yo‘q yoki bor bo‘lsa-da ko‘zdan panada. Sanitariya holati maqtagulik emas.
Ortga qaytib shahar markazidagi $$«Oloy» bozori$$ga keldik. Bu yerdagi «stoyanka»larga kiruvchi avtomobillar soni $$«Parkent» va «Qo‘yliq» bozori$$ atrofidagilarga nisbatan kam. $$Amir Temur ko‘chasi$4dan kirishdagi budkaning ikki tomonida shlagbaum! Kelganlarga chek berilyapti. Chekni olmay o‘tib ketayotganlar ham uchrab turibdi. Bozordan u-bu narsa xarid qilib chiqayotganlardan birini suhbatga tortdik.
– Hafta-o‘n kunda bozorga tushsam mashinamni shu joyga qo‘yaman, 500 so‘m to‘lab chiqib ketaman, - dedi yoshi yetmishlarga borgan otaxon. Bir mulohazam bor. Avtomobillar to‘xtash joyida ishlovchilar madaniyatli, xushmuomalaliroq bo‘lishsa. Ya’ni, kirayotganingizda gohi-gohida bo‘lsa-da xush kelibsiz, deyishsa. Mashinada chiqib ketayotganingizda oq yo‘l, yaxshi yetib oling, degan bir og‘iz gap ko‘ngilni ko‘tarib, kayfiyatni chog‘ qiladi-ku. Xizmat ko‘rsatuvchilar masalaning shu jihatiga ham e’tibor berishsa, degan fikrdaman.
Sobiq «Bolalar dunyosi» do‘konidan $$«Oloy» bozori$$ga kiraverishdagi $$«SHOXRUX - GULRUX» vaqtinchalik avtomobillar to‘xtash joyi$$ rahbarini ish joyida uchratdik.
– Bu joyni 1999-yilda tenderda yutib olganman, - deydi ^^Gulbahor Sulaymonova^^. – 2000-yilda xususiylashtirib ishni boshlab yuborganmiz. Jamoamiz 4-5 kishidan iborat. 2001-yildan buyon ham ta’sischi, ham direktor vazifasida ishlab kelayotirman. Nolimayman, ishimiz yaxshi. Namunali solik to‘lovchimiz, deya maqtanishim mumkin. Halollik va insof bosh mezon bo‘lsa ish yurishaveradi. Men bu gaplarni tajribamdan kelib chiqib aytyapman.
Poytaxtimizdagi eng katta bozorlardan biri $$«Ippodrom»$$ $$Chilonzor$$- bu buyum bozori yaqinidagi avtomobillar to‘xtash joyida narx yengil avtomobillar uchun 600 so‘m, avtobuslar uchun 6000 so‘m. Bozor-bozor-da, Kimdir kelyapti, boshqasi ortiga qaytyapti, Mavridi kelganda aytib o‘taylik, $$«Chilonzor» buyum bozori$$ atrofida so‘nggi paytlarda juda ko‘p bunyodkorlik ishlariga oshirildi. Obodonlashtirish, poytaxt aholisi va mehmonlariga kulaylik yaratish borasidagi yumushlar davom etyapti.
$$«Ippodrom»$$da bir necha avtomobillar to‘xtash joyi mavjud, Yengil avtomobillar uchun alohida, shaharlararo qatnovchi avtobuslar uchun alohida. Hatto $$Qashqadaryo$$ «stoyanka»si bor. Bularning bari yaxshi. Barchasi yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish uchun qilingan,
Avtobuslar to‘xtash joyida «kliyent» chorlayotgan haydovchining oldiga borib yo‘l haqini so‘raymiz.
- 5 ming, - deydi u
– Tushmaysizmi?
– Yo‘q. Bo‘lari shu. Kecha atigi uch yo‘lovchi bilan $$Toshkent$$ga kirib keldik. Yo‘l mashaqqatini aytmaysiz- mi? «Stoyanka»ga ham bir kirib-chiqishimizga 10 ming so‘m to‘laymiz.
– Shunga yarasha chek berganmi?
– Bergan. Olti mingga chek yozib bergan.
Haydovchi iltimosimizga ko‘ra, chekni bizga ko‘rsatdi.
Ha, haqiqatdan ham chekda olti ming so‘m yozilgan.
– Nega, sizdan oshiqcha pul olishadi?
– Bahonasi shuki, senlar yo‘l haqini oshirdinglar, shunga yarasha 10 ming so‘m berasizlar, degan talabni qo‘yishgan.
Bu gaplarga izoh berish ortiqcha bo‘lsa kerak…
Aeroportdagi «stoyanka»ni ham bir ko‘rmoqchi bo‘ldik. Bu yerdagi biz ko‘rgan ikkita avtomobillar to‘xtash joyida narx bir xil - soatiga 700 so‘m. Bir soatdan bir minut o‘tsa ikki soatga hisoblanib, 1400 so‘m to‘laysiz. «Stoyanka»ga kirishingiz bilan kompyuterdan chiqarilgan chekni qo‘lingizga tutqazishadi. Qaysi kun, soat nechada kirganligingiz chekda aniq ko‘rsatilgan. Kompyuterdan o‘tkazilgan chekka qarab hisob- kitob qilib boriladi. Kunlik tushum qancha, bangga qancha pul topshirilyapti? Hammasi aniq.
Aeroportdagi «stoyanka»ning shu tomonini Toshkentdagi boshqa avtomobillar to‘xtash joylarida joriy etsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, degan fikrdamiz.
Mavzuni o‘rganish davomida yana bir muammoga duch keldik. Shahardagi aksariyat mahallalarda yengil avtomobillarni saqlaydigan may- donchalar yo‘q ekan.
Bu haqda shunday gaplarni eshitdik.
– Mashina olishga olib qo‘ydim. Ilojsiz «dom»ning oldida saqlayapman. Ishonchli joyga qo‘yay desam, yaqin atrofda avtomobillar saqlash joyi yo‘q - deb qoldi yon qo‘shnilardan biri. - Mashina tashqarida turgandan keyin hatto uyquda halovat bo‘lmas ekan. Tashqarida nimadir «tiq» etsa, derazaga chopasan.
- Kech kirdi deguncha «dom»imiz oldi qator mashinalarga to‘ladi. Tong sahardan esa mashina motorini qizdirishadi, tirillatishadi, signal berishadi. Erta tongdan asabni buzishadi. Hayronman, bularni nima qilish kerak?
$$Toshkent shahar$$ IIBB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda ayni kezda poytaxtda 300.000 tadan oshiq shaxsiy avtomobillar bor.
Shahar bo‘yicha esa 70 ming atrofida shaxsiy avtogaraj mavjud. Shaxsiy avtogarajlarni joylashtirish masalasida aholining e’tirozlari hamon davom etmoqda. Ko‘pqavatli uylar oralig‘idan tartibsiz joy olgan yoki qaqqayib manzarani buzib turgan shaxsiy garajlar oz emas. Eng tashvishlisi bunday garajlar atrofi o‘ralmagani, nazorat yo‘qligi, pana-pastqamligi uchun yengil-yelpi yoshlar to‘planadigan, chekadigan, spirtli ichimliklar ichadigan v.h. joylarga aylanib qolmoqda. Bunday ahvolni deyarli barcha shaharlarimizda uchratishimiz mumkin.
Yana bir muammo - ochiq maydonda atigi 900 ga yaqin mashina saqlash joylari bor. Lekin ularning aksariyati faqat kunduzi «faoliyat» ko‘rsatadi. Demak, shaxsiy avtomobillar asosan ko‘pqavatli uylarning oldiga qo‘yiladi.
Bu holat odamlar asabini buzishidan tashqari aholi istiqomat joylarida havo zaharlanayapti, o‘g‘irlik va mayda bezorilikka yo‘l ochilmoqda.
Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: rivojlangan xorijiy mamlakatlarda avtoulovlarni saqlaydigan qavat-qavat binolar qurilgan. Shu tajribalardan foydalansak bo‘lmaydimi? To‘g‘ri, mablag‘ kerak. Lekin hech bo‘lmaganda mahallalar orasida usti ochiq maydonchalarni ko‘paytirish mumkin-ku,
Hisob-kitoblarga qaraganda, mamlakatimizning shimoliy hududi hisoblangan $$Xorazm viloyati$$ va $$Qoraqalpog‘iston Respublikasi$$ga tashilayotgan, u yerdan poytaxtga olib kelinayotgan yuklarning aksariyat qismi yuk avtomobillarida tashiladi.
Poytaxtimizga ushbu hududlardan kelib-ketuvchi yuk avtomobillarining ma’lum vaqt to‘xtab turish joyi qayerdaligi bilan qiziqdik.
$$Chilonzor sanoat zonasi»$$da joylashgan $$Xorazm - Qoraqalpoq hududlari$$ga qatnovchi yuk avtoulovlari stoyankasiga muntazam ishimiz va yo‘limiz tushib turadi. Lekin avtostoyanka talabga mutlaqo javob bermaydi, - deydi o‘z avtomobilida Xorazmga muntazam yuk bilan qatnovchi Qurbon Sobirov.
Aytishlaricha, mazkur $$«Xorazm va Qoraqalpoq»$$ deb nom olgan «stoyanka» 6-avtobazaga qarashli hududda joylashgan ekan. Atrofi beton devorlar bilan o‘ralgan joyda bir-biriga tiqilinch, qator qo‘yilgan yuk avtomobillarini ko‘rasiz. Kun sovuq bo‘lsa-da, yerlarga to‘kilgan aftol, yoqilg‘i moylarining hidi anqiydi. Tungi yorituvchi chiroqlar, yong‘in chiqqan paytda o‘t o‘chirish uskunalari ham ko‘zga tashlanmaydi, Xudo ko‘rsatmasin, Yong‘in chiqqudek bo‘lsa, biri-biriga yopishib qator turgan mashinalarni asrab qolish oson bo‘lmaydi.
- Kuniga 800 so‘mdan to‘laymiz. Mashinaning kabinasida yotamiz. Qorovullikni o‘zimiz qilamiz, deydi 22103-87 davlat raqamli «KamAZ» haydovchisi.
- Sherigim yoki men doim mashina oldida bo‘lishimiz kerak. Bo‘lmasa, buyumlarimizdan ajralib qolishimiz hech gap emas, - deydi 23C6870 davlat belgili mashina egasi…
Xullas, aksariyat haydovchilardan shu kabi gap-so‘zlarni eshitdik, Darhaqiqat, bu «avtostoyanka» Nizom talablariga mutlaqo javob bermaydi. Hatto bu yerni avtomobil saqlaydigan joyga aylantirish haqida zarur hujjatlarni surishtirib topa olmadik. Agar bu yer «avtostoyanka» sifatida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, unda hisob-kitob, soliq to‘lovi nima bo‘layapti? Bizningcha, masalaning bu tomoni bilan soliqchilar va huquq-tartibot idoralari qiziqib ko‘rishar…
Ko‘rganlarimizdan xulosa shuki, avtomobillar to‘xtash joylari juda zarur. Ammo, ular xizmat sifati, madaniyatini oshirish ustida jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Qolaversa, narx-navoni kim belgilaydi, 500-600-700-800 yoki 6000 so‘m xizmat haqqi qanday omillardan kelib chiqib qo‘yilgan? Tushumlardan soliqlar to‘lash qoidalari buzilmayaptimi? Bu masalalarni kim o‘rganadi? Yoki har kim bilganini qilaveradimi?
Avtomobillar to‘xtash joylari zamonga mos, tartib-intizomli, qonun-qoidali bo‘lsa, bundan tabiiyki, hamma manfaatdor bo‘ladi.