Keyingi yillarda $$Toshkent Moliya instituti$$da katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan yirik iqtisodchi olimlar maktabi yaratildi. Iqtisod fanlari doktori, professor Alisher Vaxobov, iqtisod fanlari nomzodi, professor [Akromjon Ibrohimov] va yosh iqtisodchi [Nizomjon Ishonkulov]lar hamkorlikda yaratgan «Moliyaviy va boshqaruv tahlili» darsligi talabalarni yangicha fikrlashga o‘rgatishda muhim o‘rin egallaydi.
Iqtisodiyotdagi yangi o‘zgarishlar boshqa o‘quv fanlari kabi «Moliyaviy va boshqaruv tahlili» fanini o‘qitish, binobarin, uning mazmunini respublikamizda amal qilayotgan «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda tubdan yangilashni taqozo etdi. Ana shu o‘zgarishlar nazarda tutilgan holda yaratilgan mazkur darslikda firmalar, kompaniyalar va aksionerlik jamiyatlarining buxgalteriya hisobotlarini moliyaviy hamda boshqaruv tahlili uslublari keltirilgan. Darslikning afzallik tomonlaridan biri shundaki, unda amaliy ma’lumotlar, raqamlar va yillik hisobot shakllarining eng so‘nggi variantlari keltirilgan hamda katta hajmdagi test topshiriqlari va adabiyotlar ro‘yxati ilova qilingan.
Bozor iqtisodiyotini erkinlashtirish jarayonlari jadal ketayotgan hozirgi davr har birimizdan buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit haqida muayyan darajadagi bilimga ega bo‘lishimizni talab etadi. Chunki, tadbirkorlik faoliyatining muvaffaqiyati hisob-kitoblar puxtaligi, pul oqimlarining oqilona boshqaruvi, moliyaviy masalalardagi qarorlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilinishiga hamda moliyaviy tahlilning sifatli tashkil etilishiga uzviy bog‘lik.
Mazkur darslik firma va kompaniyalar mablag‘larini, uning tashkil topish manbalarini, moliyaviy natijalarini, asosiy vositalar harakatini, pul oqimi va xususiy kapital o‘zgarishini omilli, qiyosiy tahlil qilishning amaldagi tartibi, firma hamda kompaniyalarning kreditga layoqatliligi, moliyaviy barqarorligini aniqlashning uslubiy asoslarini o‘rganishga yordam beradi.
Shu jihatdan olganda, darslik garchi oliy o‘quv yurtlarining talabalari uchun tavsiya qilinsa-da, bozor munosabatlari sharoitida biznes samaradorligini oshirilishining yangi imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiluvchi zamonaviy qo‘llanma sifatida soha rahbar va xodimlariga ham yaqin ko‘makchidir.