🔍

Article

BIR TUN… YARATILGAN MANGULIK YOKI YOSH O‘ZBEK MUHANDIS OLIMI TOMONIDAN O‘RNATILGAN REKORD NATIJA HAMON BUTUN DUNYONI HAYRATGA SOLAYOTGANI HAQIDA

By A’zam AZIMIY, texnika fanlari doktori, … • in 2006

MUAMMO

1960-yil. Koinot kengliklarini zabt etishda sobiq sovet ittifoqi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi bellashuv keskinlashadi. Koinotni o‘zlashtirishda qo‘li baland bo‘lgan davlatning xalqaro siyosatda ham ustun bo‘lishini yaxshi bilgan o‘sha paytdagi davlat rahbarlari o‘z ixtiyorlaridagi ilmiy-texnik salohiyat va moliyaviy-iqtisodiy resurslarni ayamay, strategik ahamiyat kasb etgan «koinot dasturi»ga sarflardi. 1957-yilning bahorida Yerning, 1959-yilning o‘rtalarida Quyoshning Boyqo‘nurdan uchirilgan birinchi sun’iy yo‘ldoshlari sobiq ittifoq olimlarining AQSH mutaxassislariga jiddiy raqobatchi bo‘la olishini ko‘rsatdi.

Samoga birin-ketin uchirilgan sun’iy yo‘ldoshlar, ularning sayyoramiz atrofida qay tezlikda, yerdan qanchalik uzoqlikda aylanishi, jonivorlarning fazoga sayr qilishi haqidagi xabarlar omma uchun oddiy bir gapga aylanib qoldi. Endi ularning oldida kosmosga kim birinchi bo‘lib insonni uchirishdek og‘ir vazifa turardi. Buning uchun esa eng avvalo fazoga olib chiqa oladigan uchish moslamasi yaratish hamda uning tashqi g‘ilofini o‘ta yuqori kosmik issiqlik va mavjud ishqalanish kuchiga chidamli qilib yasash muammosini hal etish zarur edi. Sun’iy yo‘ldoshlar va jonzotlarni olib uchgan kichik raketalarning sirtqi qoplamalari volfram va molibden qo‘shilgan maxsus qorishmadan bo‘lib, kosmik kemaning vazni og‘irlashib ketgandi. Buning uchun har tomonlama qulay hamda ancha yengil bo‘lgan sof reniy elementi zarur bo‘ladi u esa faqat jezqazg‘anit minerali tarkibida bor edi.

Maxsus topshiriq asosida geologlarning uzluksiz olib borgan qidiruv ishlari, ti- nimsiz izlanishlar natijasida Qozog‘istonning janubida joylashgan Achchisoy polimetal kombinati hududidagi konlardan birining qa’rida reniy metaliga boy bo‘lgan ma’dan topiladi. Bu yangilik «Mutlaqo maxfiy» tamg‘asi bilan mutaxassislardan ham, odamlardan ham sir saqlansa-da, Achchisoy reniy qatlami haqidagi xabar o‘sha kuniyoq prezident Jon Kennidining qulog‘iga borib yetadi. Shundan so‘ng AQSH imkoniyatni qo‘ldan bermaslik uchun Kaliforniyadagi San-Jasinto nodir metallar konini o‘zlashtirishni tezlashtiradi. O‘z navbatida Xrushchev ham «otini qamchilab», reniy metali ishlab chiqarishni tazlashtirish yo‘lida jon-jahdi bilan harakat qila boshladi. Mutaxassislarning reniy qatlamiga yetib, undan dastlabki mahsulotni olish muddati 1962-yil yanvari deb ko‘rsatilgan loyihasini o‘qib jazavaga tushgan Xrushchev «Mablag‘ miqdori ikki karra oshirilsin. Reniy ishlab chiqarishning yagona muddati 1961-yilning 31-yanvari deb belgilansin!» degan so‘zlarni qizil qalamda katta-katta qilib yozib, imzo chekadi.

Chunki yer qa’rida yotgan, qalinligi 15-20 santimetrga zo‘rg‘a yetadigan reniy qatlamiga qay tarzda yondashilmasin, 1800 metr uzunlikdagi «shtrek» deb ataluvchi tog‘ o‘yiqligidan o‘tilishi shart edi. O‘sha paytda eng zamonaviy hisoblangan texnika va uslublarni qo‘llaganda ham shtrekdan o‘tish tezligi oyiga 150 metrdan oshmasdi. Amerikalik mutaxassislar esa Xrushchevning bu ko‘rsatmasi belgilangan muddatda bajarilmasligini va kosmosga insonni birinchi bo‘lib uchirish sharafi o‘zlariga nasib etajagiga qattiq ishonishardi.

Donbass ko‘mir havzasida oyiga 750-800 metr tezlikda shtrek o‘tayotgan mashhur kombaynlar tog‘ jins qattiqligi 4 ko‘rsatkichgacha bo‘lgan ko‘mir, gips, tuz va boshqa shu kabi «yumshoq» tog‘ jinsli qatlamlarga mo‘ljallangan bo‘lib, qattiqligi 18 ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan Achchisoydagi geologik sharoitga mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Shuning uchun ham, dunyoga mashhur geologlar Xrushchevning qizil qalam bilan dabdurustdan belgilagan muddatiga reniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha biror aniq yechim tavsiya aytolmay, Achchisoyga boshqa kelmaydigan bo‘lib izlariga qaytishardi.

YECHIM

1960-yil 17-noyabr. Ertalab soat o‘n birda kombinat direktori Aleksandr Loginovning xonasida boshlangan yig‘ilish xuddi oldingilaridek natijasiz tugadi. Aslida kon muhandisi bo‘lgan markazkom vakili va boshqalardan ma’nili gap chiqmadi. Yig‘ilishda qatnashganlarning barchasi boshlarida Xrushchevning qamchisi o‘ynab, o‘z vazifalaridan ketishlari kun sayin yaqinlashayotganini bilgandek, qovoqlari ochilmay, tushkun kayfiyatda tarqaldilar. Shunda xuddi Loginovning dilidagisini bilgandek eski qadrdoni, mashhur xo‘jalik raisi Muzaffar Normetov qo‘ng‘iroq qilib, konda muhandis bo‘lib ishlayotgan o‘g‘lini ko‘rish uchun kelganini aytdi va uchrashuvga taklif etdi.

Birodarini quchoq ochib kutib olgan Muzaffar aka o‘g‘li Madalining shu kuni 22 yoshga to‘lgani munosabati bilan yaxshigina ziyofat boshladi. Loginovning charchog‘i tarqab, dilidagini to‘kib soldi.

Shunday tang ahvoldamanki, osmonga chiqsam oyog‘imdan tortib, yerga kirsam qulog‘imdan cho‘zib sharmandalarcha ishdan bo‘shatishadi.

O‘n yildan buyon ulkan kombinatni boshqarib kelayotgan, nomi butun mamlakatga mashhur bo‘lgan do‘stini bunchalik tushkunlikda birinchi bor ko‘rib turgan rais unga tasalli berishga so‘z topolmay:

– Nahotki buning iloji bo‘lmasa?! - deya oldi xolos.

– Iloji bor! - deb jilmaydi Loginov va umidsiz ko‘zlarini osmonga tikib, dona-dona qilib gapirdi: Faqat yaratganning rahmi kelib, oyiga ming metr «proxodka» beradigan yangi usulni menga ma’lum qilsa!

Oraga jimlik cho‘kdi. Qora ko‘zlari jovdirab, doim jilmayib turadigan Madaliga qarab, Loginov bir xo‘rsinib, dedi:

– Qani endi sen yoshlardan birortang shunday usul yaratsalaring edi, ko‘kraklaringga qahramonlik nishonini o‘zim taqib, kombinat darvozasining oldida marmardan haykallaringni o‘rnatar edim!

Og‘ir topshiriqning bosimi ostida iztirob chekkan direktorning alam bilan aytgan bu gapi Madalining yosh qalbida bir xitob, ulkan chaqiriqdek o‘rin oldi. Uning butun o‘y-xayolini uzunligi 1800 metrli o‘sha «la’nati» shtrekni o‘tish vaqtini tezlatish egalladi.

O‘sha kechasi boshida aylanayotgan o‘y-xayollar Madaliga uyqu bermadi. Yosh muhandis turli fikrlar qurshovida qiynaldi. Uning miyasida faqat «an’anani, shtrek o‘tish jarayonlari ketma-ket bajarilish tartibini buzsam-chi?», «Achchisoydagi geologik sharoitlarda ba’zi jarayonlar balki kerakmasdir, degan savollar aylanardi. Xayoliy hisob-kitoblardan so‘ng qattiqligi juda yuqori bo‘lgan Achchisoy sharoitida konlarni mustahkamlashdek qaltis jarayon mutlaqo kerak emas degan fikrga keldi. Uch-to‘rt bosqich qo‘shib bajarilganda tejalgan vaqtni hisoblab, ko‘ngli yorishib ketdi. Chunki aynan shuning hisobiga shtrek o‘tish tezligi besh marotaba oshardi-da. Turli chizma shakllar, matematik formulalar jilosi uni holi-joniga qo‘ymadi. Tanasi qizib bo‘shashdi va o‘zi uyquga ketgandek tuyuldi unga. Aslida esa Madali o‘sha damda qandaydir anomal quvvat ta’sirida trans holatiga tushib ishlayotganini bilmasdi…

Ertalab Madali odatdagidan bir soat kech uyg‘ondi. Shuning uchun nonushta ham qilmay, ishga otlandi. Ketayotib stol ustida yotgan qog‘ozlarni ko‘rib hayron bo‘ldi. Qog‘oz betidagi yozuvlarda uning dastxati bo‘lib, tepasiga «Asosiy jarayonlarni birga bajarib shtrek o‘tishning ilmiy asosi» deb sarlavha qo‘yilgandi. Mazkur loyihada qaysi ish jarayonini qay biri bilan birlashtirish, ularni bajarish uchun zarur bo‘lgan vaqtlar siklogrammada ko‘rsatilgan, ishlash usuli va boshqa zarur fikrlar qog‘ozda batafsil ko‘rsatilgan, tenglamalar bilan kuchaytirilgan edi. Xulosa qismida esa «Tavsiya etilgan usulga to‘la rioya qilinsa, shtrek o‘tish tezligi amalda 1200 metrga yetadi» deb yozilgandi.

Uyqusiz o‘tkazilgan tun Madalining quvvatini ancha olgan bo‘lsa-da, u o‘zini ruhan tetik, yengil his etardi. Ishxonasiga kelib loyihani Loginovga berishini aytib kotibaga tutqazdi-da, shaxtaga yer ostiga tushib, ishga butun vujudi bilan sho‘ng‘ib ketdi…

(Davomi bor...)

Total words

916

Unique words

699

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.763

Hapax

587

Distribution

Top frequency chart

Dataset