Mamlakatimiz inson huquqlariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda jamiyatda inson qadri va manfaatlarini ta’minlash borasida qator islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jamiyatning yaxlit rivojlanishi va uning barcha a’zolari farovonligining oshirilishi erkaklar bilan xotin-qizlarning to‘liq va teng ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlarni taqozo etadi. Ayollar tomonidan o‘z inson huquqlarini to‘la va teng amalga oshirishlari mamlakatda tinchlikni mustahkamlash va demokratiya uchun eng muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi. Ayni vaqtda davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar tufayli ayollarimiz davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda, ularning mavqei tobora oshib bormoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashlari uchun ularning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash, intellektual va ma’naviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Prezidentimiz [Shavkat Mirziyoyev] ta’birlari bilan aytganda, “Ayollarimizning baxti xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir”.
Mamlakatimiz xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va gender tengligi borasidagi xalqaro talablarni bajarib kelmoqda. Xususan, 1995 yil 6 mayda “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi, 1997 yil 30 avgustda “Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan.
Qolaversa, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-158-sonli Farmoni bilan 100 ta maqsadni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston 2030 strategiyasi” tasdiqlandi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash mazkur hujjatda 25-maqsad qilib belgilandi. Bu borada, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kabi vazifalar aniqlab olindi.
Barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad hisoblanmish, gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga erishish borasida O‘zbekistonda gender tengligiga erishishning xalqaro ko‘rsatkichlari va talablar doirasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, jamiyatda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish, imkoniyatlarini kengaytirish, muammolarini hal etish, ijtimoiylashuvini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatoridan o‘rin egallagan. Xususan, davlat va jamiyat hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortgan.
Davlat hokimiyatining oliy organlarida, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini ta’kidlash lozim. Ushbu ko‘rsatkichlar orqali Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Siyosatda ayollar” jahon reytingining “Parlamentdagi ayollar” qismida O‘zbekiston 130-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, shahar, tuman hokimi, vazir, elchi kabi mas’uliyatli lavozimlarga ayollarning tayinlanayotgani, ularga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganligini ko‘rsatadi. Xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi ulushi 37 foizga, siyosiy partiyalarda 47 foizga yetdi. Yurtda mehnat faoliyatini olib borayotgan ayollarning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.
Bu borada xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligi qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatganlar bilan bir qatorda, farzandlarini barkamol etib tarbiyalab voyaga yetkazgan ayollarga (jumladan, uy bekalariga) ham beriladigan “Mu’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. O‘tgan davr mobaynida 1000 dan ortiq faol ayollar ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
^^Zulfiya^^ nomidagi Davlat mukofotini 2019 yildan boshlab har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorga berilishi, mukofot laureatlari bo‘lganlarga bakalavriat va magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinishi belgilandi.
Yurtimizda xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga jalb qilish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Shu tufayli respublika xotin-qizlari ilm-fan taraqqiyotining barcha sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Bugungi kunda respublikada 5 nafar akademik, 700 dan ziyod fan doktori darajasiga ega bo‘lgan olima ayollar fan tarmoqlarining turli sohalarida ilmiy faoliyat olib bormoqdalar.
Gender tenglikni ta’minlashning institutsional tuzilmalari tashkil etildi. Parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi, Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari yo‘lga qo‘yildi.
Gender tengligini ta’minlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, uning asosiy strategiyasi ishlab chiqildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash masalasi e’tibor markazida bo‘ldi. Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi qomusimizning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablar tufayli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilangan bo‘lsa, 58-moddasida esa, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi, deb belgilandi.
Qolaversa, yurtimizda ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi amalga oshirib kelinmoqda.
Xotin-qizlarga qarshi qaratilgan tazyiq va zo‘ravonlik borasida javobgarlik mexanizmlari kuchaytirildi. 2023 yil 11 aprel kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-sonli Qonunning qabul qilinishi ham bu borada qilinayotgan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Qonun bilan 30 kungacha uzaytirish mumkin hisoblangan himoya orderining amal qilish muddati 1 yilgacha jinoiy ishlar bo‘yicha sud tomonidan uzaytirish imkoniyati yaratildi.
Gender tengligi borasidagi xalqaro munosabatlarga va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish borasidagi masalalarga katta e’tibor berib kelinmoqda. Ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqoti tashkil etildi. Gender masalalari yuzasidan O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari orasida yuritayotgan ilg‘or siyosati natijasida 2021 yilda birinchi bo‘lib muloqotga O‘zbekiston raislik qildi. 2022 yili Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti o‘tkazildi.
Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini oshirish, rahbar ayollar safini yanada kengaytirish, ularning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yosh qizlarni rahbarlikka tayyorlash, gender tenglik muammolarini bartaraf etish uchun xizmat qiluvchi Respublika bo‘yicha turli sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi faol ayollarni birlashtirish maqsadida O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasi tashkil etildi.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga asosan Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi O‘zbekiston Respublikasi ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatiga kiritildi va unga mas’ul davlat organi etib Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi belgilandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda, ya’ni inson huquqlari kafolatlari ta’minlangan demokratik va fuqarolik jamiyatida ijtimoiy-siyosiy faol ayollarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtiroki muhim. Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamjamiyat tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni olib borilayotganligini qo‘llab-quvvatlanishi, O‘zbekistonni dunyoga yanada xalqchil, demokratik davlat sifatida tan olinishi imkonini yaratadi. Mazkur ishtirokni ko‘pchilik bo‘lib ta’minlash esa barchamizning zimmamizdagi vazifamizdir. Shu bois, jamiyatda xotin-qiz va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni yaratishda ilmiy asoslangan g‘oyalar, takomillashgan qonunlar hamda samarali amaliy chora-tadbirlar bilan ishlarni davom ettirish o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.