🔍

Article

KORRUPSIYA – ILTIMOIY BARQARORLIK KUSHANDASI.

By U. Haqberdiyeva tayyorladi • in 2025

O‘zbekiston Korruptsiyani qabul qilish indeksida 5 pog‘onaga yuqoriladi. Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korruptsiyani qabul qilish indeksining o‘tgan 2023 yil natijalari e’lon qilindi. 180 ta davlat orasida O‘zbekiston 33 ball bilan 121-o‘rinni egalladi.

Ahamiyatlisi, mamlakatimiz 2 ballini oshirib, reytingdagi pog‘onasini 5 ta yuqoriga ko‘tardi. 2022 yil bilan taqqoslaganda 126-o‘rinda edi. O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi 7 yil davomida o‘sish sur’atlarini qayd etayotgan davlat sifatida e’tirof etildi. Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan turli aksilkorruptsiya tartib-taomillarining ishlab chiqilgani, vazirlik va idoralarda korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari samarali joriy etilgani qayd etilgan.

Shuningdek, korruptsiyaviy jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari qo‘llanilgani ham alohida ta’kidlangan. Bugun O‘zbekiston korruptsiyaga qarshi kurashish jarayonida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirayotgani, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgani ta’kidlandi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etilgan. Hukumat faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, mas’uliyatni oshirish, davlat byurokratiyasini kamaytirish, xizmatlarni soddalashtirish, korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi. O‘zbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda. Har yili Toshkentda an’anaviy xalqaro aksilkorruptsiya forumi o‘tkazib kelinmoqda.

Korruptsiya deganda shaxsiy manfaatlar uchun ishonib topshirilgan hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki shaxsiy manfaatlar uchun axloqiy me’yorlarni buzish tushuniladi. Bu davlat yoki xususiy resurslardan noto‘g‘ri foydalanish yoki o‘zlashtirish, poraxo‘rlik, qarindosh-urug‘chilik, firibgarlik va boshqa noqonuniy harakatlarni o‘z ichiga oladi.

Korruptsiya turli shakllarda va turli sohalarda, jumladan, hukumat, siyosat, biznes va fuqarolik jamiyatida yuzaga kelishi mumkin. Bu illat oshkoralik, hisobdorlik va adolat tamoyillariga putur yetkazadi, aholining hukumat institutlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.

Korruptsiya jamiyatlar, iqtisodlar va shaxslar uchun keng ko‘lamli, tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Korruptsiyaning keltirib chiqaradigan ba’zi oqibatlari haqida gap ketganda, iqtisodiy ta’sirni eng birinchi o‘rinda aytib o‘tish joiz. Bunda korruptsiya bozor mexanizmlarini buzib, ishlab chiqarish tarmoqlaridan resurslarni chalg‘itadi. Xorijiy investitsiyalarni to‘xtatib, iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga putur yetkazadi.

Keyingi ta’sirlar ham iqtisodiy, ham ruhiy nomutanosiblik holatini keltirib chiqaradi. Ularga qashshoqlik va tengsizlik kiradi. Korruptsiya sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilma kabi davlat va fuqarolar farovonligi uchun mo‘ljallangan resurslarga aralashganda, mamlakatda qashshoqlik va tengsizlik kuchayadi. Natijada ijtimoiy xizmatlarga tayanadigan zaif aholi bundan eng ko‘p aziyat chekadi.

Korruptsiyaning tuzatib bo‘lmas oqibatlaridan yana biri — samarasiz davlat xizmatlarining olib borilishidir. Pora natijasida taqsimlangan davlat shartnomalari sifatsiz infratuzilma deganidir. Ya’ni qurilgan yo‘llar, ko‘priklar, bino-inshootlar turli tabiiy yoki texnogen holatlarga chidamsiz bo‘ladi.

Korruptsiya shunday illatki, qaysi sohaga aralashmasin, uni vayron qilmaguncha qaytarish imkonsiz. Xususan, ta’lim sohasidagi korruptsion holatlar eng dolzarb hisoblanadi. Chunki tibbiyot yo‘nalishida pul kuchi bilan o‘qigan chala shifokor qo‘lida kelajak avlod qirila boshlaydi. Tanish-bilish bilan universitetni tugatgan pedagog o‘zida yo‘q bilimni qanday qilib farzandlarimizga bersin? Pul kuchi bilan o‘qigan arxitektor shahar infratuzilmasini yaxshilash o‘rniga borini ham buzadi.

Umuman olganda, korruptsion holatlar bilan viruslangan ta’lim tizimida tarbiyalangan avlod mamlakat kelajagini yo‘q qilib yuborishi hammamizga ayon. Xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishi natijasida, davlat amaldorlarining halolligi va adolatiga putur yetadi.

Aholi davlatda korruptsiya keng tarqalganligini sezganda, hukumatning xalq uchun amalga oshirayotgan islohotlarini ham shubha bilan qabul qila boshlaydi. Bu esa fuqarolar o‘rtasida tartibsizlik va siyosiy beqarorlikka olib keladi.

Korruptsiyaning keyingi jiddiy oqibati — jinoyatchilar o‘rtasida jazodan holilik va uyushgan jinoyatchilikni kuchaytiradi. Inson ongida “pul bilan hal qila olaman” degan o‘y paydo bo‘lishi uni mas’uliyatdan qochishga undaydi. Afsuski, ba’zi hollarda korruptsion holatlar bilan qo‘lga olingan jinoyatchilar javobgarlikka kam tortilgan.

Lekin bugungi kunda, hatto davlat amaldorlari ham bo‘ysunayotgan qarorlar qabul qilinishi, jirkanch illatga qarshi murosasizlik jamiyatda anchagina ijtimoiy mas’uliyatni oshirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

[Muzaffar Ahmedov], Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi:

Korruptsiyani kamaytirish uchun bir qancha yondashuvlarni amalga oshirish mumkin. Xususan, huquqiy va institutsional bazalarni mustahkamlash orqali hukumatlar korruptsiyaga qarshi mustahkam qonunlarni qabul qilishlari va amalga oshirishlari, korruptsiya holatlarini tergov qilish va ta’qib qilish uchun mustaqil, shaffof va hisob beruvchi institutlarni yaratishlari kerak.

Bu sud-huquq tizimini mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Hukumatlar davlat boshqaruvi va moliyaviy boshqaruvda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashi va rag‘batlantirishi kerak. Bunga davlat xaridlarini isloh qilish, davlat mansabdor shaxslari uchun moliyaviy ma’lumotlarni oshkor qilish talablarini joriy etish, ma’lumot beruvchilarni himoya qilish mexanizmlarini o‘rnatish kabi choralar orqali erishish mumkin.

Bundan tashqari, davlat sektorida halollik madaniyatini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu davlat amaldorlarini axloqiy me’yorlarga o‘rgatish, xulq-atvor kodekslarini o‘rnatish va korruptsion amaliyotlarga yo‘l qo‘ymaydigan ish muhitini yaratishni o‘z ichiga oladi.

Axborot asrida faol fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari korruptsiyaga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Hukumatlar fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun davlat institutlarini monitoring qilish va korruptsiyaga qarshi targ‘ibot bilan shug‘ullanish uchun qulay muhit yaratishi kerak.

Xuddi shunday, korruptsiyani fosh etish va jamoatchilik xabardorligini oshirish uchun matbuot erkinligi va tergov jurnalistikasini himoya qilish juda muhimdir. Jurnalistik surishtiruv uchun ham yengilliklar berish orqali shaffoflikni ta’minlashni unutmaslik lozim.

Total words

807

Unique words

555

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.688

Hapax

449

Distribution

Top frequency chart

Dataset