Mamlakatimiz aholisi soni kundan-kunga ortib bormoqda. Bevosita bu maktablar va oliy ta’lim muassasalariga bo‘lgan talabni ham oshiradi.
So‘nggi 5–6 yil davomida ularning soni bir nechtaga ko‘paydi. Respublikamizda bugungi kunga kelib, jami 213 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Shundan 116 tasi davlat, 67 tasi nodavlat hamda 30 tasi xorijiy oliygohdir. 2023 yilning 20 dekabridan boshlab esa o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabul qilina boshlandi. Kimlarga o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat berilmasligi va oliy ta’limga oid boshqa savollarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi [Zafar Amirqulov]dan javob oldik.
O‘qishni ko‘chirishga bir yilda necha bor ariza qabul qilinadi?
Belgilangan tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalar yiliga ikki marotaba quyidagicha amalga oshiriladi:
A) Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlari hamda respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha amalga oshiriladi.
B) Uzrli sabablarga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha hamda har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvarigacha qabul qilinadi.
Qishki “perevod”ga kimlar hujjat topshirishi mumkin?
Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqat quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
Talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
Davlat organlari xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Nechanchi bosqichgacha o‘qishni ko‘chirish imkoni mavjud?
Tartibga ko‘ra, birinchi kursning birinchi semestrini tugallagan hamda belgilangan talablarga muvofiq o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar murojaat qilishi mumkin.
O‘qishni o‘zgartirishda talaba qaysi yo‘nalishlarni tanlay oladi (o‘zi o‘qiyotgan yo‘nalishga qay darajada yaqin bo‘lishi kerak)?
Talabalar o‘qishini faqat oliy ta’lim muassasalarining mos (o‘ziga) va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishlari mumkin. Ushbu yo‘nalishlar har yili Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. 2023/2024 o‘quv yili uchun klassifikatorlar bo‘yicha tasdiqlangan turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati vazirlik saytida mavjud.
Ba’zi OTMlarda 4-bosqich talabalari o‘quv yilining birinchi semestridayoq 100 foiz kontrakt pulini to‘lashlari aytilmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri? Bunday majburiyat yuklashga OTM haqlimi?
Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi PF-5953-sonli Farmoniga hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi 527-son qaroriga binoan respublika OTM talabalari o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini teng ulushlarda to‘rt qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkazishlariga ruxsat berilgan.
Bunda muddatlar quyidagicha:
25% qismini 1-kursga tavsiya etilganlar 15 sentabrgacha, ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalari uchun 1 oktabrgacha;
50% qismini 1 yanvargacha;
75% qismini 1 aprelgacha;
100% qismini 1 iyulgacha.
Bundankelib chiqadiki, 4-kurs talabalaridan dastlab 100 foiz to‘lov talab qilish amaldagi tartibga zid. Ular yuqorida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.
Ayni kunda HEMIS tizimiga o‘tmagan OTM ham mavjudmi? Mavjud bo‘lsa, qaysi sababga ko‘ra?
Respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari hozirda “HEMIS” — Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimiga ulangan.
Magistratura bosqichi hozirda necha yilni tashkil qiladi? Qaysi yo‘nalishlar uchun bir yil, qaysilari uchun ikki yil?
Davlat oliy ta’lim muassasalarida magistratura mutaxassisliklari davomiyligi ikki yil bo‘lib, tegishli qarorlar bilan Toshkent davlat yuridik universitetining ayrim magistratura mutaxassisliklarida o‘qish davri 1 yil etib belgilangan.
Qo‘shni mamlakatlarning davlat OTMlarida ta’lim olgan fuqarolarning diplomlari mamlakatimizda tan olinadimi? Yo‘q bo‘lsa, qanday holatlarda tan olinishi mumkin?
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, xorijiy davlatda 1992 yil 1 yanvardan keyin olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat tan olish jarayonidan o‘tkazilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qonuniy kuchga ega hujjat sifatida tan olinadi.
Xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Hujjatlarni tan olish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar Ekspert komissiyasining xulosasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (test sinovlarisiz) yoki test sinovlari orqali tan olinishi mumkin. Ekspertiza talabgor tomonidan o‘zlashtirilgan mutaxassislik (ixtisoslik) fanlari hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori), o‘qitilgan ta’lim dasturlari yoki o‘quv rejalari hajmi va mazmunini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Ekspert komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, 11 ish kuni ichida hujjatni tan olish yuzasidan xulosa taqdim etiladi.
Agar xorijiy davlatda kasbiy ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam bo‘lsa, bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa yoki Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plangan bo‘lsa, magistratura bo‘yicha o‘qish muddati bir yildan kam bo‘lsa, bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlari qo‘shib o‘qitiladigan dasturlar bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa, bunday hollarda hujjatni tan olish rad etiladi.
Xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olish quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi:
O‘zbekiston hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) yoki qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
Xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1000 o‘rinni egallagan xorijiy oliygohlarda o‘qigan talabgorlarning hujjatlari;
Yevropa oliy ta’limda sifatni kafolatlash assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) to‘laqonli a’zolari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida o‘qigan talabgorlarning hujjatlari;
AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida o‘qigan talabgorlarning hujjatlari;
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida nazarda tutilgan hollarda.
Diplomni nostrifikatsiya qilishda fuqarodan qanday hujjatlar va to‘lovlar talab qilinadi?
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik haqidagi hujjatlarni tan olish uchun hujjatlar (diplom, uning ilovasi hamda ularning O‘zbekiston Respublikasidagi davlat tiliga tarjima qilingan notarial nusxasi) Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda taqdim etiladi.
Bunda, nostrifikatsiya jarayoni uchun qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi talab etilmaydi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati 11 ish kunini tashkil etadi.
2019 yil 30 mayda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ta’lim, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolangan. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida ta’limning kunduzgi shaklida o‘qib olingan hujjatlar o‘zaro tan olingan hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasida o‘qishni davom ettirish va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradi.
Hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan toifaga kirmaydigan talabgorlar esa o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan test sinovini topshirishlari kerak.
Hozirda nechta turdagi davlat stipendiyalari mavjud va ularni qo‘lga kiritish uchun talaba qanday natijalarga erishgan bo‘lishi lozim? Ushbu stipendiyalarni qo‘lga kiritgan talabalar uchun qanday imtiyozlar beriladi?
Hozirda bakalavr, magistr va doktorantlar uchun Prezident stipendiyasi hamda 11 ta nomli davlat stipendiyalari mavjud. Jumladan:
texnika yo‘nalishlarida — [Beruniy];
tibbiyot yo‘nalishlarida — [Ibn Sino];
gumanitar yo‘nalishlarda — [Navoiy];
tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida — [Kamoliddin Behzod];
tabiiy yo‘nalishlarda — [Ulug‘bek];
kinomatografiya yo‘nalishida — [Xudoybergan Devanov];
tarix va geografiya yo‘nalishlarida — [Bobur];
jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida — [Pahlavon Mahmud];
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida — [Imom al-Buxoriy];
Qoraqalpog‘istondagi oliygohlarda — [Islom To‘lepbergen Qayipbergenov] va [Ibrohim Yusupov];
barcha yo‘nalishlarda — [Islom Karimov] nomli davlat stipendiyasi.
Ushbu stipendiyalarga qo‘yilgan talablar va rag‘batlantirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda batafsil bayon etilgan.