🔍

Article

MILLATIMIZ QADRINI BELGILAYDIGAN OMILLAR.

By Akmal Ro‘zitoyev, Toshkent shahar hokimining … • in 2024

Prezidentimiz ishtirokida 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi bilan birga, davlat tilini yanada rivojlantirish va bu boradagi islohotlarni kuchaytirish masalasiga ham alohida to‘xtab o‘tildi.

Prezidentimiz davlat tili masalasini Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida ko‘tarishi, albatta, bejiz emas, chunki til va ma’naviyatni ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Jamiyatda milliy qadriyatlar shakllanishi, ma’naviyatning yuksalib borishi bevosita til bilan bog‘liq.

Shu ma’noda, davlat rahbari o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilishini aytib, “O‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi adolatdan bo‘lishini” alohida ta’kidladi.

Ona tilimizning har tomonlama rivojlanishi, uni jamiyatning barcha sohalarida haqiqiy davlat tili maqomiga erishishi uchun davlat rahbari bu masalaga jiddiy e’tibor qaratayotgan ekan, xalqimizning barcha ziyoli qatlamlari, katta-yu kichik befarq bo‘lmasligi kerak. Zero, yurtboshimiz aytganidek, “…har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.”

Mazkur tadbirdan so‘ng Toshkent shahar hokimligida shahar va tuman hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarida ish yuritilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Toshkent shahar va tuman bo‘limlari mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, 2023 yil davomida o‘zbek tilini davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan va olib borilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilinib, shuningdek, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda 2024 yilga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligining chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar dasturi bandlarining ijrosini nazorat qilish maqsadida har haftada hokimlik tizimida reja-topshiriq bayoni qabul qilinib, davlat tili masalalari bo‘yicha tuman hokimliklari, bosh boshqarma, boshqarma va tashkilotlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar belgilanadi, hafta oxirida esa ijroning hisobotlari taqdim etiladi. Ya’ni, har oyda tuman hokimlarining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida qabul qilingan huquqiy hujjatlarning ijrosi davlat tili ustuvorligini ta’minlashga qaratilayotgani yuzasidan joylarda olib borilayotgan ishlar muhokama qilib boriladi. 2021–2023 yillar oralig‘ida barcha tuman hokimliklarida, shuningdek, korxona, tashkilot va idoralarda davlat tili va lotin alifbosida ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan edi. Shu bilan birga, xodimlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan o‘quv kurslariga jalb etish, hokimlik binolaridagi barcha e’lon, axborot va tashqi yozuvlarning qaror talabidan kelib chiqqan holda, ijrosini ta’minlash ishlari tegishli mas’ullar nazorati ostida amalga oshirildi.

Shu bilan birga, hokimlik tizimida ish hujjatlari bosqichma-bosqich lotin yozuviga o‘tkazilishi Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan mustahkamlab qo‘yildi hamda hokimlik rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridagi ma’lumot va axborotlarning o‘zbek tilidagi matnlari bugungi kunda to‘liq lotin alifbosida berilishi yo‘lga qo‘yildi.

2023 yilning sentyabr–noyabr oylarida poytaxtimizda qurilayotgan va qurilgan ko‘p qavatli turar-joy majmualari, savdo markazlari, turli boshqa inshootlar pasporti, qurilish obyektlari panjarasiga o‘rnatilgan va turli bannerlarga yozilgan tashqi yozuvlar holati o‘rganildi. O‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Toshkent shahar va tuman hokimlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari va qurilish boshqarmalari vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Bektemir tumanida to‘rtta, Mirobod tumanida yigirma bitta, Olmazor tumanida to‘qqizta, Sergeli tumanida beshta, Shayxontohur tumanida o‘nta qurilish obyektlarining loyihalari aks etgan peshtaxtalar, bino pasporti, reklama va e’lonlari “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga moslashtirildi.

Shu bilan birga, poytaxtdagi mavjud 321 ta mehmonxona, 201 ta xostel, 141 ta oilaviy mehmon uylarida, 16 ta axborot markazida, 39 ta muzeyda, 22 ta istirohat bog‘ida va boshqalarda axborot ko‘rsatkichlari davlat tilida va boshqa tillarda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borildi. Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu turizm obyektlarida ko‘cha va joy nomlari, peshlavhalarda aks etgan axborot ko‘rsatkichlari davlat tilida va boshqa tillarda yozilishi bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rildi. Toshkent shahar hokimligida ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, avtomobil yo‘llarida o‘rnatilgan yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlari yozuvlarining davlat tili qoida va talablariga mosligi, lotin alifbosida bo‘lishi hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomlardan foydalanilganligi o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida jami 5583 ta avtomobil yo‘llarida o‘rnatilgan yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlari, joy nomi yozilgan peshlavhalardan 51 tasida imlo xatolari mavjudligi va ikkita holatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida emasligi, shuningdek, ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan ko‘cha nomlarining 43 tasida eski nomlar saqlanib qolayotgani aniqlandi.

Jumladan, Bektemir tumanida O‘hangaron shossesi, Bektemir shoh ko‘chasi, Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasi, Mirobod tumanida Afrosiyob ko‘chasi, [Amir Temur] shoh ko‘chasi, [Haydar Aliyev] va Sariko‘l ko‘chalari, Olmazor tumanida Nurafshon shoh ko‘chasi, [Beruniy] ko‘chasi, [Mirzo G‘olib] ko‘chasi, Katta halqa aylana yo‘li ko‘chasi va [Beruniy] maydoni, Shayxontohur tumanida [Beruniy], [Furqat], Nurafshon, Aloqa, [Alisher Navoiy] ko‘chalari, Xadra maydoni, Yunusobod tumanida [Amir Temur] shoh ko‘chasi, Yashnobod tumanida Parkent, [Mahtumquli], Farg‘ona yo‘li ko‘chalari va O‘hangaron shoh ko‘chasida o‘rganishlar olib borildi. Mazkur ko‘chalarda o‘rnatilgan yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlarida juz’iy xatoliklar aniqlanib, asosan “U” va “G‘” harflaridagi ilmoq belgilarining noto‘g‘ri qo‘llangani kuzatildi. Sergelida o‘rnatilgan yirik axborot ko‘rsatkichi ham shunday xatoliklar bilan bir qatorda, ushbu yo‘l axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning ko‘rish va aniq o‘qishga to‘sqinlik qilishi hamda yaroqsiz holga kelganligi aniqlandi. Albatta, xato va kamchiliklar bo‘yicha tegishli mas’ul tashkilotlarga ushbu holatlar yuzasidan ma’lumotlar kiritildi hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish topshirig‘i berildi.

Yana bir muhim yo‘nalishdagi ishlarimizdan biri poytaxtimizdagi nomsiz ko‘chalarni nomlash va bir hudud doirasida takrorlangan yoki qonun hujjatlari talablariga zid geografik obyektlarni qayta nomlash, davlat ekspertizasidan o‘tkazish, tegishli qarorlar qabul qilish hamda geografik obyektlarning nomlari davlat reyestriga barcha joy nomlarini belgilangan tartibda to‘liq kiritish yuzasidan amaliy tadbirlar belgilandi. Oxirgi uch yil ichida Toshkent shahridagi 2810 ta nom davlat reyestriga kiritildi.

Aholining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan Toshkent shahar hududida joylashgan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirishda mahalliy aholining fikrini inobatga olishga mo‘ljallangan maxsus geonom.toshkent.uz veb-sayti ishga tushirildi. Ushbu veb-saytning birinchi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan geonom.toshkent.uz saytida shahar metropoliteni yer usti liniyasining “Do‘stlik–Qo‘yliq” va “Olmazor–Sergeli” yo‘nalishlaridagi 19 ta bekatga nom berish bo‘yicha poytaxtimiz aholisidan takliflar yig‘ish va keyingi bosqichda ushbu takliflardan ishchi guruhi tomonidan tanlab olingan nomlarni keng jamoatchilik uchun ovozga qo‘yish ishlari amalga oshirildi. Saitdan tashqari, aholi fikri og‘zaki ravishda, yozma va elektron shakllarda ham qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenining yer usti yo‘li bekatlariga nom berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va unda metro bekatlari nomlari bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish natijalari inobatga olindi. Xususan, tuman komissiyalari tomonidan kiritilgan ayrim nomsiz geografik obyektlarni nomlash, takroriy yoki qonunchilik talablariga zid bo‘lgan obyektlar nomlarini qayta nomlash, geografik joylashuviga aniqlik kiritish maqsadida, ya’ni 900 dan ortiq ko‘chalar bo‘yicha takliflar berildi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlari qabul qilindi.

Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod tumanlari hududiga Toshkent viloyatidan qo‘shilgan takroriy nomga ega 28 ta mahalla, Olmazor, Uchtepa, Sergeli, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Yangi hayot tumanlarida takroriy nomli 10 ta mahallaning nomlari o‘zgartirildi.

Bir hudud doirasida nomi takrorlangan turdosh 49 ta ko‘cha qayta nomlandi va bugungi kunda takroriy nomli obyektlarni qayta nomlash ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, geografik obyektlar nomlarini bir xilda yozilishini ta’minlash maqsadida, shahrimizdagi jami 171 ta mahalla nomlari shahar komissiyasi tomonidan kartografik, arxivga oid, statistik, tarixiy, ma’lumotga oid ensiklopedik va boshqa materiallar asosida atroflicha o‘rganilib, geografik obyektlar nomlarining davlat tilida yozilishi yo‘riqnomasi asosida normallashtirildi va bu bo‘yicha Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2023 yil 27 iyuldagi qarori qabul qilindi.

Xullas, Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari bilan birga, poytaxtimizdagi obyektlar e’lonlari, yozuvlar va ko‘cha nomlarining to‘g‘ri yozilishi va davlat tili talablariga to‘liq javob berishini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni, albatta, nihoyasiga yetkazamiz.

Total words

1,251

Unique words

692

Annotated anthroponyms

10

Toponyms

0

TTR

0.553

Hapax

487

Distribution

Top frequency chart

Dataset