🔍

Article

O‘ZBEKISTON TA’LIM TIZIMIDAGI O‘ZGARISHLAR HAQIDA AYTILDI

By Barno MELIQULOVA • in 2020

$$O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi$$ huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot anjumani o‘tkazdi.

“O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzuidagi anjumanda ta’lim sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish, o‘quv jarayonlari samaradorligini xolisona baholanishni nazorat qilish borasidagi natijalar tahlil qilindi.

2019 yili O‘zbekistonda ilk marotaba umumta’lim maktablari reytingi e’lon qilindi (reyting.tdi.uz). Bunda Xalq ta’limi vazirligi tavsiya qilgan 956 maktab faoliyati 4 indikator asosida baholandi. Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Namangan, Xorazm va Navoiy viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyatlari qayd etildi. Joriy yilda 20 foiz, ya’ni 1345 maktab reytingga jalb qilinmoqda. Hozirgi vaqtda maktablarda nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish jarayoni davom etmoqda.

Oliy ta’lim muassasalari reytingini baholash mexanizmi ishlab chiqildi. 2018 yilda ilk marotaba OTM reytingi e’lon qilingandan so‘ng aksariyat ta’lim muassasalari mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga o‘tdi va ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, fan doktori yoki professor unvoniga ega o‘qituvchilar ulushi 2019 yilda 23,6 foizga, fan nomzodi ilmiy darajasi yoki dotsent unvoniga ega o‘qituvchilar ulushi esa 19 foizga oshdi. Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlardan ilmiy daraja olgan professor-o‘qituvchilar soni 2018 yilda 128 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda 301 nafarga yetdi.

Anjumanda pedagog kadrlar attestatsiyasining yangi tartibi xususida ham ma’lumot berildi. Jumladan, maktab o‘qituvchilariga navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish imkoniyati berildi.

Avvalgi tartib bo‘yicha pedagog qanchalik malakali, o‘z bilimi va salohiyatiga ishonsa-da, har besh yilda attestatsiyaga jalb etilgani sababli mutaxassislikdan oliy toifali o‘qituvchilikka qadar 13 yil vaqt kutish lozim edi. Yangi tartibga ko‘ra, endilikda o‘z bilimi va tajribasiga ishongan pedagog besh yillik muddatni kutmasdan arizasiga binoan navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishi mumkin. 2019 yilda muddatidan ilgari attestatsiyadan o‘tishni so‘rab 35 ming 208 pedagog ariza bilan murojaat qilgan. Talabgorlarning 3036 nafari oliy malaka toifasiga, 13 ming 151 nafari birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan.

Ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi ham ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganilgan holda takomillashtirildi. Muassasalarga o‘z faoliyatini baholash hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati berildi. Yangi tartiblar asosida 2020–2025 yillarda 8187, shu jumladan 2020 yilda 1911 maktabgacha ta’lim muassasasi yangicha tartibda attestatsiyadan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2019 yil so‘nggida 357 ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi va maktab-internati o‘quvchilarining bilim darajasi o‘rganilganda, ularning bilim va o‘zlashtirish darajasi belgilangan davlat ta’lim standartlariga mos kelmasligi aniqlangan. Nazorat ishida qatnashgan 12 ming 790 o‘quvchining 7 ming 387 nafari qoniqarsiz baholangan.

Bugun ko‘pchilik uchun xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha joriy etilgan yangi tartib ham qiziq.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tahlillariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda xorijiy oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar 5,3 marta o‘sgan. 2019 yilda xorijiy davlatlarda ta’lim olinganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘yicha jami 12 ming 867 murojaat tushgan bo‘lib, shundan 3327 tasi qanoatlantirilgan. Jumladan, 997 diplom maxsus sinovlarsiz tan olingan va nostrifikatsiyalangan.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, fuqarolarning talab-istaklarini inobatga olgan holda yangicha tartiblar ishlab chiqildi. Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali litsenziya qabul qilish uchun murojaat qiluvchining arizasini elektron qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Anjumanda, shuningdek, professional ta’lim tizimi, reytinglarda e’tiborli jihatlar, pedagoglar bilimi, salohiyati, qo‘shma dasturlarning ahamiyati haqidagi savollarga javob berildi.

Total words

513

Unique words

351

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

1

TTR

0.684

Hapax

266

Distribution

Top frequency chart

Dataset