Mamlakatimizda har yili 9 may sanasi umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu tadbirlar zamirida xalqimizga xos bo‘lgan ezgu maqsad mujassam.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashda keksa avlod vakillari, jumladan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda mehnat faxriylarining hayotiy tajribasi katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning o‘gitlariga amal qilish — hayotimizni yanada farovon etishning muhim omilidir.
Insoniyat boshiga mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushi asoratlarini hech kim unutmaydi, unutib ham bo‘lmaydi. Bu dahshatli urush vatanimiz sarhadlaridan ancha olisda yuz bergan bo‘lsa-da, uning cheksiz uqubatlari biror o‘zbek xonadonini chetlab o‘tgan emas.
Ayni paytda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan, bugun oramizda bo‘lgan faxriylarimizni e’zozlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish — ham qarz, ham farzdir. Chunki bugungi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun biz ulardan qarzdormiz.
Mashaqqatli urush yillarida xalqimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. El-yurtimiz urush hududlaridan evakuatsiya qilingan turli millatga mansub bir millionga yaqin bola, ayol va keksalarga boshpana berib, bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi.
Urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millionga yaqin kishi frontga safarbar qilingan. Afsuski, ularning yarmi halok bo‘lgan, 60 mingdan ortig‘i nogiron bo‘lib qaytgan. Bu holatning o‘ziyoq urush ko‘p insonlarning nafaqat jismiga, balki qalbiga ham ozor yetkazganini anglatadi.
Ayni paytda yurtimizda 838 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. Ular doimo ardoqda va e’zozda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23 aprel sanasidagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori — urushda halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham yurtimiz sha’ni va obro‘sini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash, urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi ham umumxalq bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yuqoridagi farmon va qaror ijrosi yuzasidan jamg‘arma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni izchil amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur farmon va qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida jamg‘arma Respublika boshqaruvining bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unda jamg‘armaning hududiy bo‘limlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ularning turar joylarini ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari belgilangan. Bu xayrli ishlar izchil davom etmoqda.
Bayram arafasida tibbiyot xodimlari har bir urush qatnashchisining xonadoniga borib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi, zarur tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bundan buyon ularga doimiy patronaj xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, joylarda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda urush qatnashchilari bilan uchrashuvlar, xotira marosimlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, ularning matonat, mardlik va jasoratini yoshlarga tushuntirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar maktablari hamda umumta’lim maktablarida urush va mehnat faxriylari ishtirokida “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik — insoniy burch” shiorlari ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “Mardlik, burch va sadoqat” mavzusidagi davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotini tantanali topshirish marosimlarida faol ishtirok etish, ularning istaklariga ko‘ra Respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborilishini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, urushda g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan va qahramon bo‘lgan faxriylarning har bir hudud kesimidagi ro‘yxatlari shakllantirilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilmoqda.
Bundan tashqari, asosiy bayram tadbirlarida qatnashadigan, Respublikamizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi urush va mehnat faxriylarining ro‘yxati tuzilgan. Ularning Toshkent shahriga kelib-ketishi, madaniy hordiq chiqarishlari hamda zarur kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi yuzasidan choralar ko‘rilgan.
Bayram arafasida hududlardagi qabriston va ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, xotira maydonlarini obod maskanlarga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Yoshlarning xotira maydonlariga, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga sayohatlari uyushtirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bayram tadbirlarini mamlakatimizning har bir go‘shasida, har bir xonadonda ajdodlarni xotirlash, keksa avlod vakillariga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatgan holda o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu kabi amaliy ishlar faqat bayram arafasida emas, balki yil davomida ham amalga oshiriladi.