🔍

Article

KREDITORLARNING HUQUQIY HIMOYASINI KUCHAYTIRISH VA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI MOLIYALASHTIRISH MEXANIZMLARINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

By O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOEV • in 2018

So‘nggi yillarda bozor islohotlarini izchil chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, raqobatni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Iqtisodiy taraqqiyotning bugungi bosqichi tadbirkorlik subyektlarining kredit resurslariga, investitsiyalarni jalb etishga va ilg‘or biznes loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlariga bo‘lgan kuchli ehtiyojini yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, garov bilan ta’minlangan kreditorlar talablarini kredit mablag‘lari qaytarilishining kafolati hisoblangan garovdagi mol-mulk qiymatidan qondirish tizimining samarasi pastligi qo‘shimcha mablag‘ jalb etish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qonunchilikda belgilangan imkoniyat bo‘lishiga qaramay, banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan avtotransport vositalaridan boshqa ko‘char mol-mulkni garov sifatida qabul qilish, shuningdek, garov predmeti qiymati kredit miqdoridan ancha ko‘p bo‘lsa ham, navbatdagi garovni qabul qilish amaliyoti qo‘llanilmayapti.

Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarga mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yuritishga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markaziy bankining 2019 yil 1 yanvardan quyidagi tartibni o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

garov bilan ta’minlangan kreditorlar talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qondirish qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda garov reestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritilgan sanaga ko‘ra kalendar ketma-ketligida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu tartib qarzdorning hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari unga qo‘yilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, pul mablag‘larini hisobdan chiqarish navbatiga tatbiq etilmaydi;

garov reestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritgan kreditor-garovga oluvchilar o‘z talablarini qondirishda garov reestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditor-garovga oluvchilarga nisbatan ustuvor huquqqa ega bo‘ladilar;

mol-mulkni xarid qilishni uni ta’minot sifatida qo‘yish evaziga moliyalashtirgan kreditor garov reestriga tegishli yozuvni kiritgan taqdirda, ushbu mol-mulk hisobidan o‘z talablarini qondirishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi;

navbatdagi garovga qo‘yishga garov reestriga tegishli yozuvni kiritish sharti bilan avvalgi garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi;

garovga qo‘yuVchi tomonidan garov predmetini ijaraga berishga garov reestriga tegishli yozuvni kiritish va bu haqda garovga oluvchini xabardor etish sharti bilan garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi.

2. Quyidagilar:
shartnomada o‘zga qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun taqdim etilgan mol-mulkdan foydalanish yoki uni sotishdan olingan hosil va daromadlarga (tushumga) kreditorning ustuvor huquqi;

lizing, bo‘lib-bo‘lib to‘lashni nazarda tutuvchi oldi-sotdi, ijara yoki boshqa bitimlar obyekti bo‘lgan hamda ushbu bitimlarda majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun qo‘yilgan mol-mulkka (mulk huquqiga) garov uchun belgilangan undirish qaratish tartibi;

yozma bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, garov predmeti yoki kreditorning majburiyatlar bajarilishini ta’minlash predmeti sifatida qo‘yilgan ko‘char mol-mulkka undirishni qaratishga sud buyrug‘i instituti tatbiq etilsin.

3. Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
mol-mulk bilan ta’minlanadigan majburiyatni shu mol-mulk qiymatidan qoplanishi mumkin bo‘lgan majburiyatning maksimal summasini ko‘rsatish yo‘li bilan aniqlashga ruxsat etiladi;

majburiyatlar bajarilishini mol-mulk bilan ta’minlashni nazarda tutadigan bitimlar, shu jumladan, garov shartnomasi majburiyatlar bajarilishining mulkiy ta’minoti predmetini batafsil bayon qilmasdan, uni umumiy tavsiflash orqali, jumladan, alohida toifa bo‘yicha tuzilishi mumkin;

garovga oluvchilar va boshqa kreditorlarning talab qilish huquqini ta’minlash uchun garovga qo‘yilgan hamda ularning talablariga ko‘ra undirish qaratilgan mol-mulk kreditga, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga, lizingga yoki qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi, ijaraga berilishi mumkin, sud qarorlari va boshqa organlar qarorlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni majburiy realizatsiya qilish hollari bundan mustasno.

4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplash bo‘yicha talablar to‘g‘risidagi yozuvlar garov reestriga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslardan garov reestriga yozuv kiritish uchun, shuningdek, garov reestridan ko‘chirma berish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamida ikki baravar kamaytirishni nazarda tutadigan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorning norma va talablarini amalga oshirishni nazarda tutadigan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Adliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini keng yoritishni tashkil etsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri [A.N. Aripov], O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari [Z.Sh. Nizomidinov] va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari [B.M. Mavlonov] zimmasiga yuklansin.

Total words

653

Unique words

393

Annotated anthroponyms

3

Toponyms

0

TTR

0.602

Hapax

279

Distribution

Top frequency chart

Dataset