Mamlakatimizda korporativ boshqaruv tamoyillariga asoslangan mulkiy munosabatlarni rivojlantirish ishlab chiqarishga investitsiya jalb etishni rag‘batlantirib, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonini tezlashtirish hamda ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning 2015 yil 24 apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazkur yo‘nalishdagi islohotlarda yangi davrni boshlab berdi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarining joriy etilishi soha mutaxassislarining malaka va mahorati, xalqaro tajribani bilishiga bog‘liq. Farmonda bu jihatlar e’tiborga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabi hamda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Respublika biznes maktabi negizida Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazini tashkil etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 27 oktabrdagi “Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining samarali faoliyatini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida markaz faoliyatini tashkil qilish mexanizmlari tasdiqlangan.
Markazning asosiy maqsadi xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va tadbirkorlik subyektlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish, shuningdek, biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borishdan iborat.
Markazda magistratura va maxsus o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilangan. Ikki yillik magistratura yo‘nalishida xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tadbirkorlik subyektlarining 40 yoshgacha bo‘lgan, oliy ma’lumotli, kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlari va mutaxassislari “biznesni boshqarish” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi.
Korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirishda maxsus o‘quv kurslarining ahamiyati katta. Mazkur kurslarda magistr darajasiga yoki diplomga ega direktor, menejer va boshqaruvchilar biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv bo‘yicha qayta tayyorlanib, malakasini oshiradi.
Aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv tizimini xalqaro talablar darajasida tashkil etilishi nafaqat rahbar xodimlar, balki sohaga aloqador boshqa tuzilma mutaxassislaridan ham chuqur bilim va ko‘nikma talab qiladi. Shu maqsadda markazda aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlatning ishonchli vakillari, investitsiya aktivlarining boshqaruvchilari, kuzatuv kengashi va taftish komissiyalari a’zolari, xususiylashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozori, monopoliyaga qarshi tartibga solish, brokerlik, baholash va rieltorlik sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tuzilmalar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Ta’lim muassasasi pedagogik jamoasini shakllantirishda nomzodning oliy ta’lim muassasalarida kamida besh yillik o‘qituvchilik ish staji, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida amaliy ish tajribasi inobatga olinadi. Professor-o‘qituvchilar tarkibiga nafaqat mahalliy pedagoglar, balki yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, xalqaro moliya-iqtisodiyot tashkilotlari mutaxassislari ham kirishi mumkin.
Nazariy tayyorgarlikni amaliyot bilan birgalikda olib borish maqsadida markaz tinglovchilari xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tadbirkorlik subyektlari, xorijiy kompaniya va ta’lim muassasalariga olti oygacha stajirovkaga yuborilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’lim muassasasida, shuningdek, biznesni boshqarish va korporativ boshqaruvda xorijiy tajribani chuqur o‘rganish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini sinovdan o‘tkazish va joriy etish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarish tuzilmasini tubdan qayta tashkil etishni ilmiy-metodik ta’minlash, ularning tashkiliy shakllarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish ustida ish olib boriladi.
Markaz xodimlari olim va mutaxassislar ishtirokida turli munozaralar, davra suhbatlari, konferensiyalar, simpoziumlar tashkil etish bilan birga, biznesni boshqarish va korporativ boshqaruvning dolzarb muammolari bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib boradi, xalqaro tajribani o‘rganadi, biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida zamonaviy innovatsion texnologiya va usullarni joriy etish, boshqaruv kadrlarini tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish tizimining samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
Markaz pullik asosda konsalting xizmatlari ko‘rsatishi, jumladan, sohadagi ilg‘or tajribalarni umumlashtirish asosida tegishli tavsiyalar berishi, tashkilotlarda seminar, trening va forumlar, korporativ boshqaruv va menejment tizimlari diagnostikasini tashkil etishi, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘llanma va ichki korporativ hujjatlarni ishlab chiqishi mumkin.
Muxtasar aytganda, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda korporativ boshqaruv tizimining xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash, korxonaning haqiqiy mulkdori bo‘lgan aksiyadorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan murakkab mexanizmning to‘la ishga tushishi, pirovardida, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.