🔍

Article

YOSHLAR TARBIYASIDA IJTIMOIY AHAMIYATGA MOLIK QONUN.

By Abduqahhor To‘xtaboev, Mirzo Ulug‘bek tumani … • in 2014

Respublikada yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2014 yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi va shu munosabat bilan Davlat dasturining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturining tasdiqlanishi bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida yurtimizda yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Istiqlolning dastlabki davrida, ya’ni 1991 yilning 20 noyabrida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo‘lida imkon qadar to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir.

2010 yil 29 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi bilan, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi tushunchasi, bu boradagi faoliyatning asosiy vazifalari, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar tizimi aniq belgilab berildi.

Mazkur qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi deganda voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligiga, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriiijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan, yakka tartibdagi profilaktika ishi bilan birgalikda amalga oshiriladigan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi tushuniladi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasiga doir faoliyatning asosiy vazifalariga voyaga yetmaganlar nazoratsizligi, qarovsizligi, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriiijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, ularga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, voyaga yetmaganlarda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlar va oilalarni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish hamda voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriiijtimoiy xatti-harakatlarni sodir qilishga jalb etish holatlarini aniqlash va ularga barham berish kiradi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar tizimiga voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, ichki ishlar organlari, ta’limni boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, vasiylik va homiylik organlari, sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari kirishi belgilab berildi.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan organlar hamda muassasalar voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar ushbu tizimda alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 21 sentyabrdagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish haqida”gi, 2011 yil 17 yanvardagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari va “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar to‘g‘risida”gi Nizom bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish va mutasaddi idoralarning tashabbuskorlik bilan faoliyat ko‘rsatishiga huquqiy imkoniyatlar yaratib berdi.

Mazkur qarorlar asosida respublikamizning barcha shahar, tuman va viloyatlari miqyosida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar tashkil etilgan bo‘lib, voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ushbu komissiyalar tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan ham voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar qilinmoqda.

2014 yilning o‘tgan 6 oyi davomida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan 12 marotaba yig‘ilish o‘tkazilgan. Mazkur yig‘ilishlarda jami 201 ta masala ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shulardan 143 tasi voyaga yetmaganlar masalasiga taalluqli, voyaga yetmaganlarning 36 nafari profilaktik ro‘yxatga olingan, 48 nafari ogohlantirilgan, 71 nafar ota-ona farzandiga yetarlicha tarbiya bermaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Yoshlar va voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasiga oid qonunchilik asoslari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Nizom o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Nizom voyaga yetmaganlarning qonuniy huquq va manfaatlari, mulkiy hamda shaxsiy huquqlarini himoya qilishni tartibga solib kelgan.

2014 yil 2 yanvarda qabul qilingan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonun bilan esa vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlab berildi.

Mazkur qonunga ko‘ra, vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramoqidan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek, sud tomonidan muomala layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramoqidan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.

Vasiylik va homiylik organlarining asosiy vazifalariga esa vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash va hisobga olish, zarur hujjatlarni tayyorlash, ularni joylashtirish, vasiylikdagi yoki homiylikdagi hamda vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishini, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning ta’minoti, ularning tarbiyasi, ta’limi va mol-mulki but saqlanishini ta’minlash ustidan nazorat qilish kiradi.

Aytilishicha, farzandlikka olish oila qonunchiligining muhim huquqiy institutlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda farzandlikka olish bilan bog‘liq masalalar Oila kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyaga olish to‘g‘risida”gi Nizom asosida tartibga solib kelingan edi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar talabiga ko‘ra, farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslar arizasi va vasiylik hamda homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra, tuman yoki shahar hokimi qarori bilan amalga oshirilardi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2013 yil 20 martda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2013 yil 28 martda ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq Fuqarolik protsessual kodeksi “Farzandlikka olish” deb nomlangan yangi 31-1-bob bilan to‘ldirildi.

Farzandlikka olish instituti ota-ona qaramoqidan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning asosiy kafolatlaridan biri hisoblanishini nazarda tutgan holda, ushbu masalani hal qilish vakolatining sudlarga berilishi oila institutini yanada mustahkamlash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning ahamiyatini kuchaytirish hamda oilaviy munosabatlarda qonuniylikni ta’minlashda sud hokimiyatining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Tuman prokuraturasi tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar ijobiy natija berganligi tufayli tuman hududida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etish 2013 yilning shu davriga nisbatan 30 foizga kamaygan, voyaga yetmagan shaxslar tomonidan esa 54,35 foizga kamaygan.

Shuningdek, tuman prokuraturasi hamda tuman IIB voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlik profilaktikasi guruhi bilan hamkorlikda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Masalan, 2014 yil aprel oyida o‘tkazilgan tungi tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Cotton club” nomli tungi klubda soat 22:30 larda 3 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvisiz ekani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi natijasida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining qaroriga ko‘ra, klub rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188²-moddasi bilan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan, shuningdek, tuman hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaning qaroriga ko‘ra 3 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onasidan biri O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Total words

1,154

Unique words

550

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.477

Hapax

361

Distribution

Top frequency chart

Dataset