$$O‘zbekiston$$da mustaqillikning ilk yillaridan narkoguruhlarning noqonuniy faoliyatiga barham berish, kontrabanda kanallarini yopib qo‘yish, tarkibida giyohvandlik moddalar bo‘lgan ekinlarni yo‘q qilish, shuningdek, giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni amalga oshirish masalalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, narkotiklarga qarshi kurashni kuchaytirish va ularning tarqalishining oldini olish maqsadida shu yilning 1 februlidan 1 martiga qadar mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalar tarqatilishiga qarshi kurash oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida joylarda giyohvand moddalarni tarqatish, sotish va iste’mol qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga yo‘naltirilgan tushuntirish ishlari, profilaktik muloqotlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda, ma’ruzalar o‘qilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining sho‘’ba korxonasi Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi ishchilari va xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Giyohvandlik vabosi” mavzusidagi tadbir shular jumlasidandir. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash bo‘limi tomonidan tashkil qilindi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi paytda barcha mamlakatlarda giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili o‘n minglab odamlar giyohvandlik tufayli hayotdan ko‘z yummoqda. O‘z umriga zomin bo‘lish bilan birga, ular qarindoshlari va yaqinlarining hayotini ham barbod etadi, jamiyatga katta zarar yetkazadi. Aksariyat hollarda giyohvandlar yuqimli kasalliklar tarqalishining sababchisi bo‘lib, ushbu og‘u ta’sirida turli jinoyatlarga qo‘l uradi.
Huquq-tartibot idoralarining xodimlari seminar ishtirokchilariga davlat darajasida olib borilayotgan giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, kontrabanda kanallarini to‘sib qo‘yish, tarkibida giyohvandlik moddalar bo‘lgan ekinlarni yo‘q qilish, giyohvand moddalar tarqatilishining oldini olish, bu borada idoralaro va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan aniq maqsadli kompleks chora-tadbirlar haqida so‘zlab berdi. Jumladan, 1995 yilning fevralida mamlakatimiz BMTning 1961 yildagi Narkotik vositalar to‘g‘risidagi, 1971 yildagi Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi va 1988 yildagi Narkotik vositalar va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konvensiyalariga qo‘shildi. 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ta’kidlandiki, Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi va uning ijroiya organi bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi, huquq-tartibot organlari, boshqa vakolatli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimiz hududi orqali o‘tadigan giyohvand moddalar tranziti oqimini kamaytirishga erishilmoqda. Narkotik moddalarni suiiste’mol qilishga va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha 2011–2015 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida keng ko‘lamli profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Bu borada xalqaro hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining vazifalaridan biri narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdir. Mamlakatimiz Narkotik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi ishida ham faol ishtirok etmoqda.
Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkiloti narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston, shuningdek, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EYHHT), Jahon bojxona tashkiloti, Interpol kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik qilmoqda.
Hozirgi paytda O‘zbekiston narkotiklarni nazorat qilish bo‘yicha 9 xalqaro loyihani amalga oshirishda ishtirok etmoqda, deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish