🔍

Article

ELEKTR ENERGIYASIDAN OQILONA FOYDALANAYLIK

By Roman Bondarchuk • in 2012

Ko‘pchilik qishning sovuq kunlarida elektr moslamalaridan foydalanadi. Bu esa elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada oshiradi va energiya tarmoqlarining ishlashida muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanish maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish, energiya tejaydigan moslamalar va zamonaviy elektr hisoblagichlardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Poytaxtimizda energiya iste’moli yildan-yilga ortib bormoqda va bu aholi farovonligining oshayotganligi bilan bog‘liqdir. Masalan, ilgari xonadonlarimizda bitta televizor va bir nechta zarur maishiy elektr buyumlari ishlatilgan bo‘lsa, bugun bunday vositalar soni ancha ko‘paydi. Masalan, ayrim xonadonlarda beshtagacha konditsioner o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. Bularning barchasi poytaxtimizning energiya ta’minoti tarmoqlarini muntazam rivojlantirish, elektr uzatish liniyalarining uzatuvchanlik qobiliyatini kuchaytirish hamda transformatorli kichik stansiyalar quvvatini oshirishni talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi elektr ta’minoti tarmoqlarining ish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularni modernizatsiya qilish, shuningdek, poytaxtimiz aholisi hamda korxonalarga uzluksiz, sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 2009-yil 22-avgustda “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unda elektr energiyasini yetkazib beruvchilar va uning iste’molchilarining huquq hamda majburiyatlari belgilangan.

— Foydalanilayotgan energiya hajmi yildan-yilga ortib borishi bilan bir vaqtda iste’molchilar soni ham ko‘paymoqda, yangi korxona va firmalar tashkil etilmoqda, transformatorli kichik stansiyalar ta’mirlanmoqda, — deydi O‘zA muxbiriga “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati direktorining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi [Abror Inoyatov]. — Bugungi kunda xizmatimizdan 595 mingdan ortiq aholi va 18 mingdan ziyod yuridik shaxs foydalanmoqda. Ko‘rsatilgan xizmat haqini o‘z vaqtida to‘lash energiya ta’minoti tizimini rivojlantirishning muhim omillaridan biridir.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksiyadorlik jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtimizning ko‘pchilik aholisi foydalanilgan elektr energiyasi haqini ikki-uch oyda bir marta to‘lashga odatlangan. Qarzdorlarning asosiy qismini jismoniy shaxslar tashkil etadi. Shu bois bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari muntazam o‘tkazilmoqda, elektr energiyasi haqini o‘z vaqtida to‘lash muhimligi haqida eslatma va bildirishnomalar tarqatilmoqda.

Elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshib borayotgani uning sarf-harajatlarini kamaytirish hamda undan tejamkorlik bilan foydalanish uslublarini qo‘llashni taqozo etmoqda. Shu sababli energiya tejaydigan uskunalar va moslamalardan foydalanish sohadagi muhim vazifalardan biridir. Bu iste’mol qilinayotgan umumiy energiya hajmini kamaytiribgina qolmay, balki iste’molchilar mablag‘ini ham tejash imkonini beradi. Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqilayotgan va keng foydalanilayotgan energiya tejaydigan lyuminessent lampalar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Kam energiya sarflaydigan ushbu lampalardan uzoq muddat foydalanish mumkin.

Elektr energiyasini iste’mol qilishni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan aloqa qarzdorlikni to‘lamaydiganlarni tarmoqdan uzish haqidagi axborotni yetkazish hamda to‘lov tushishi bilan tezkor ulash imkonini beradi. Zero, 2015-yilgacha “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik jamiyatining barcha abonentlari ushbu tizimga o‘tkaziladi.

Elektr energiyasi haqini o‘z vaqtida to‘lash energiya ta’minoti tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning muhim omillaridandir. Joriy yilning o‘zida Toshkent shahridagi 500 transformatorli kichik stansiya kapital ta’mirlandi, ishdan chiqqan yoki elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirmayotgan kam quvvatli stansiyalar yangilari bilan almashtirildi. Uzunligi 42 kilometrdan ortiq elektr tarmog‘i rekonstruksiya qilindi. Shu bilan birga, kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlari bir maromda ishlashini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizning barcha tumanlarida ishlarni tezkor muvofiqlashtirish shtablari faoliyat ko‘rsatmoqda, tuman elektr tarmoqlari xodimlarining kecha-kunduz navbatchiligi tashkil qilingan, avariya brigadalari doimiy tayyor holatga keltirilgan. Ayni paytda Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizning barcha jabhalariga, jumladan, energiya ta’minoti sohasiga ham faol joriy etilmoqda. “Elektr hisoblagich” dasturiy kompleksidan foydalanish yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun mablag‘larni o‘z vaqtida to‘plash jarayoni samaradorligini oshirish va takomillashtirishga yordam bermoqda, hisob-kitob va to‘lovlar ishonchliligi jarayoniga inson omili ta’sirini kamaytirmoqda. Buning natijasida elektr energiyasi uchun haq to‘lash tizimi soddalashtirildi, undan foydalanish qoidalariga rioya qilish nazoratga olindi.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlarga haq to‘lash tizimini takomillashtirish usullari sifatida tijorat banklari, “O‘zbekiston pochta”, “Paynet” va SMS-to‘lov tizimlari joriy qilingan. Ular orqali har bir fuqaro mamlakatimizning boshqa tumani yoki shahridan ham xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.

Dastur onlayn texnologiyalari yordamida iste’molchiga “shaxsiy kabinet” yoki SMS-xabar orqali tezkor ma’lumot yetkazilishini ta’minlaydi. Unda joriy hisob raqam balansi, hisoblagich ko‘rsatkichlari, avvalgi hisob-kitoblar va joriy to‘lovlarga oid ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Iste’molchi, shuningdek, nosozliklarni bartaraf etish uchun mutaxassis yoki ko‘rsatma olish, hisoblagichni almashtirish uchun inspektorni chaqirish imkoniga ega. Bundan tashqari, real vaqt rejimida energiya ta’minoti korxonalari faoliyatini monitoring qilishga yordam beradi. Bularning barchasi “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasi iste’molchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirmoqda.

— Menga elektr energiyasidan qarzdor emasligim to‘g‘risida ma’lumotnoma kerak bo‘lib qoldi, — deydi poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi ^^A. Tursunova^^. — Tuman energiya ta’minoti bo‘limida mening qarzim borligini aytishdi. Foydalanilgan elektr energiyasi haqini to‘laganim to‘g‘risida qo‘limda kvitansiyalarim bor edi. Ma’lum bo‘lishicha, pul tushumida kechikishlar ro‘y bergan ekan. Haqiqatan ham to‘lov ikki haftadan keyin kelib tushgan ekan. Keyinchalik “Elektr hisoblagich” dasturiy kompleksi to‘g‘risida xabar topdim va ushbu tizim imkoniyatlaridan foydalanishga qaror qildim. Hozirda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni har safar bankda amalga oshiraman, internet tarmog‘i orqali esa o‘z shaxsiy hisob raqamimni tekshirib turaman.

Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash minglab odamlar mehnati samarasi hisoblanadi. Undan oqilona foydalanish orqali biz nafaqat o‘z burchimizni bajargan, balki mamlakatimiz farovonligiga ham hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Total words

782

Unique words

504

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

0

TTR

0.645

Hapax

385

Distribution

Top frequency chart

Dataset