Mamlakatimizda mebel ishlab chiqarish jadalik bilan rivojlanmoqda. Prezidentimiz [Islom Karimov] tomonidan qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli iqtisodiyotning sanoat sektori, shu jumladan, mebel ishlab chiqarish sohasi salohiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Mebel ishlab chiqarish korxonalarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida jahon standartlariga mos mahsulot turlari ko‘paymoqda.
Ana shunday sub’yektlardan biri Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik mebel ishlab chiqaruvchi “Fayz-holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasidir. Mazkur korxona tomonidan savdo tarmog‘ida “Fayz” savdo belgisi ostida ko‘plab turdagi mebellar taqdim etilgan bo‘lib, ular yotoqxona, mehmonxona, bolalarxonasi va boshqa xonalar uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlarni o‘z ichiga oladi. Bu jihozlardan har kim o‘z didiga ko‘ra to‘plam qilib olishi yoki dizaynerlar tomonidan ishlangan mebel garniturini tanlashi mumkin. Korxona mijozlarga o‘z istaklarini ro‘yobga chiqarish va uyini o‘ziga xos tarzda jihozlab olishi imkonini yaratadi. Mebel modullari osongina jamlanadi.
Mebellarning keng assortimenti interyerni istalgan uslubda bezatish imkonini beradi. “Fayz” mebellarining dizayni yetakchi nemis ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda va dunyo moda olamining eng so‘nggi yutuqlari asosida ishlanmoqda.
Stol va stullar, divan va krovatlar, shkaf va kursilar, maktab partalari va doskalar — bularning bari ko‘rkam va qulay mebellar bo‘lib, uy, o‘quv maskani va ofislarga o‘zgacha fayz va shinamlik baxsh etadi.
Hozirgi vaqtda korxonada ishlab chiqarilgan yuzdan ziyod turdagi mebel mahsulotlari — maktab partalari, oshxona va yotoqxona mebellari, bolalar uchun stol va stullar ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalariga yetkazib berilmoqda va ular aholida tobora xaridorgir bo‘lmoqda. Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, korxonada puxta o‘ylangan marketing siyosati olib borilayotgani samarasida mahsulot sifati yaxshilanib, hajmi oshmoqda.
Qo‘shma korxona bosh direktorining ishlab chiqarish va mahalliylashtirish bo‘yicha o‘rinbosari [Zoir Mannopov] istiqbol rejalar haqida shunday deydi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 21 noyabrda qabul qilingan “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi maktab mebellari, umumta’lim maktablaridagi o‘quv-laboratoriya sinflari, kompyuter texnikasi va sport inventarlari uchun maxsus mebellar, shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablari uchun mebellar xaridi bo‘yicha har yili tender savdolarini o‘tkazadi. Bizning holding korxonamiz bu yilgi tenderda g‘olib chiqib, 9 milliard 300 million so‘mlik mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu yil may oyida bo‘lib o‘tgan Sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birja savdolarida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan 2 milliard 400 million so‘mlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ayni paytda barcha ishlab chiqarish sexlarida ta’lim muassasalari uchun turli-tuman mebellar tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
“Fayz-holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tarkibida 19 ta asosiy sex bo‘lib, ulardan 7 tasi ishlab chiqarish sexlaridir. Barcha turdagi mebellarni ishlab chiqarishda asosan qarag‘ay, yong‘oq va chinor yog‘ochlaridan foydalaniladi.
Har bir sex o‘ziga xos ishlab chiqarish yo‘nalishiga ega. Masalan, o‘yinchoq sexida bolajonlarning intellektual salohiyatini o‘stirish va o‘rab turgan olam haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qiladigan rang-barang mahsulotlar tayyorlanadi.
Holdingdagi ishlab chiqarish sexlari “Nomad” (Germaniya), “Krauss Maffei” (Germaniya), “Griggio” (Italiya), “Sahos” (Chexiya) kabi xorijning eng zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan.
Qo‘shma korxonada 400 nafardan ziyod ishchi ishlaydi, ularning samarali mehnat qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Kelgusida yana 28 ish o‘rni yaratish borasida ish olib borilmoqda.
Yangi ishga joylashganlar orasida o‘tgan yili Sergeli sanoat-kasb hunar kollejini tamomlagan [Denis Sokmarkin] kabi kollej bitiruvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi. [Denis]ning aytishicha, u o‘qish davridayoq bu yerda amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tgan bo‘lib, o‘sha paytda to‘plagan tajribasi ish jarayonida unga qo‘l kelmoqda. [Denis Sokmarkin] endi eng zamonaviy uskuna operatorligi ishini o‘rganish haqida o‘ylamoqda.
“Fayz-holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi yog‘och qirindilaridan ishlangan plita (DSP), yog‘och qirindilaridan tayyorlangan laminatlangan plita (LDSP) va mayda dispersiyalangan bo‘laklardan tayyorlangan (MDF) tovarlar ishlab chiqarish bo‘yicha ham O‘zbekiston bozoridagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi.
Yuqori sifatli uskunalar va malakali ishchilarning samarali mehnati tufayli yog‘ochga ishlov beruvchi sex detallarni yig‘ishda katta aniqlikka ega bo‘lgan yuqori sifatli buyumlarni ishlab chiqarmoqda. Bu esa barcha duradgorlik mahsulotlarining mustahkamligi va foydalanishdagi chidamliligini ta’minlaydi. Mahsulot tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari yong‘in xavfsizligi me’yorlariga qat’iy rioya qilingan hamda sifat sinchkovlik bilan tekshirilgan holda bajariladi. Yog‘ochga ishlov berish sexida ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar amaldagi sifat standartlariga mos keladi.
Bugun “Fayz-holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki eksportga ham chiqarilmoqda. Yaqin kelajakda yangi-yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirish mo‘ljallanmoqda.