Ushbu hujjatga muvofiq OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi Respublika komissiyasi tuzildi. OITSga qarshi kurash markazlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Prezidentimizning ushbu qarori ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 2009–2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishi profilaktikasi bo‘yicha sa’y-harakatlar milliy rejasi ishlab chiqildi.
Bugungi kunda xalqaro miqyosda OITSga qarshi keng ko‘lamli kurash olib borilayotganiga, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari qo‘llanilayotganiga qaramay, bu bedavo dard hamon insonlar hayotiga jiddiy tahdid solayotgan global muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Nosog‘lom turmush tarzi, giyohvandlik ushbu kasallik tarqalishining asosiy omillaridandir.
Shunday ekan, bu illatga qarshi kurashda keng jamoatchilik yanada faolroq ish olib borishi, xalqimizning boy an’ana va urf-odatlarida o‘z ifodasini topgan ezgu tamoyillarni yoshlar ongiga chuqur singdirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda tegishli davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat birlashmalari ham faol ish olib bormoqda. O‘zbekiston “Mahalla” jamg‘armasining faoliyati bunga misoldir.
Mamlakatimizda inson salomatligini asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, OITS, giyohvandlik illatlarining oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishida muhim omil bo‘lmoqda.
Xalqimizning ezgu qadriyatlari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan mahalla tuzilmalari tomonidan yoshlarni salbiy illatlardan asrash va ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarorida bu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Mahalla” jamg‘armasi boshqaruvining rayosat qarori va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Jamg‘armaning oila va xotin-qizlar yo‘nalishida ishlaydigan barcha mutaxassislari uchun maxsus o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlarda OIV infeksiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalish usullari, oldini olish borasidagi vazifalar va bu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda alohida e’tibor qaratiladigan jihatlar yuzasidan to‘liq ma’lumot berilmoqda.
Yurtimizdagi barcha mahallalarda OIV profilaktikasi va OITSga qarshi kurash usullariga oid targ‘ibot burchaklari tashkil etilgan. Malakali shifokorlar ishtirokida mahallalarda, ta’lim maskanlarida keng aholi ishtirokida tibbiy savodxonlik tadbirlari o‘tkaziladi. O‘tgan yili bu borada Andijon viloyatida Respublika reproduktiv salomatlik markazining viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘nga yaqin o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda ikki yuz nafardan ko‘proq mahalla faollari ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyatida “Mahalla” jamg‘armasi tomonidan YUNISEF bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishda jamoat tuzilmalarining o‘rniga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘quv-seminarda tumanlardan besh yuz nafardan ziyod diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha mahalla maslahatchilari malaka oshirdi. Jizzax viloyatida tashkil etilgan ana shunday tadbirda Jizzax, Zomin, Forish, Paxtakor tumanlaridan kelgan mutaxassislar malaka va mahoratini oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu boradagi ishlarni tashkil etishda tegishli davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda.
Misol uchun, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda aholi va yoshlar o‘rtasida reproduktiv salomatlik va sog‘lom oila shakllantirish, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yuzasidan ishlab chiqilgan loyiha asosida izchil ish olib borilmoqda. Ushbu mavzuda yurtimizning barcha hududlarida mahalla yoshlari, o‘quvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar ishtirokida seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.
— Mahallaning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va nufuzi tobora ortmoqda, — deydi poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Oqtepa mahallasi oqsoqoli [Erkin Tursunov]. — OITS va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashda hamkorlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirish zarur. Bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishda oila, mahalla, maktab va boshqa jamoat hamda tegishli davlat tuzilmalari hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Targ‘ibot-tushuntirish ishlari uzluksiz yo‘lga qo‘yilgani, aholini skrining va tibbiy ko‘rikka to‘liq jalb etishga erishilayotgani xalqimizning tibbiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Hozirga qadar mahallamizda OITS bilan bog‘liq biror holat qayd etilmagan. Bunday muammolarning oldini olishda mahalla mustahkam himoya qalqoni bo‘lib xizmat qilishi lozim.
Bu yo‘nalishdagi dolzarb vazifalarni hal etishda targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish, yoshlarning tibbiy bilimi va ma’naviy dunyosini boyitish muhim ahamiyatga ega. “Mahalla” jamg‘armasining joylardagi tuzilmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari OITSga qarshi kurash hududiy markazlari bilan OIV infeksiyasi profilaktikasiga oid tadbirlar rejasini ishlab chiqgani bunday ishlar izchilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
OITS, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashda bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini muntazam tahlil etish, natijalarni muhokama qilish va galda turgan vazifalarni belgilash imkonini bermoqda.