🔍

Article

BOSH MAQSAD – INSON MANFAATLARI USTUVORLIGINI TA’MINLASH

By Ilmira ZAYNUTDINOVA • in 2008

Poytaxtimizda uchinchi chaqiriq xalq deputatlari $$Toshkent shahar Kengashi$$ning o‘n sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibiga ko‘ra deputatlar tomonidan $$Toshkent shahri$$ning 2008 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kutilayotgan yakunlari muhokama qilindi, shuningdek yangi yilning muhim vazifalari, jumladan, mahalliy byudjetning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqilib, Kengash vakolatidagi boshqa masalalar ustida ham to‘xtalib o‘tildi.

Sessiyani Toshkent shahar hokimi [Abduqahhor To‘xtayev] olib bordi.

Mamlakatimiz rahbari joriy yilning ijtimoiy-iqtisodiy jabhalardagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilar ekan, pirovardida bu boradagi sa’y-harakatlarimiz bosh maqsadimiz inson manfaatlari ustunligini ta’minlashga xizmat qilmoqligi lozim, deya ta’kidlagan edi.

Nihoyasiga yetayotgan yilda erishilgan natijalar bo‘yicha ko‘zlangan maqsadga erishildi desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunonchi, sessiyada poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi yuzasidan deputatlar e’tiboriga havola etilgan aniq raqamlar ham bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Ta’kidlanganidek, barcha jabhalarda islohotlar izchil davom ettirilishi, iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yanada chuqurlashtirilishi natijasida, shu jumladan, poytaxtda ham makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik ta’minlanib, barcha iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lishi, ijtimoiy vazifalar ham to‘liq bajarilishi kutilayotir.

Chunonchi, yalpi hududiy mahsulot hajmi 116,5 foizga teng bo‘lib, bunda sanoatning ulushi 38,5 foizga, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarilishi 24,3 foizga ko‘payishi, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 24,9 foizga oshishi kutilmoqda.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning barqarorligi va o‘sishi ta’minlanishida korxona va tashkilotlarning tashqi iqtisodiy aloqalari faollashishi, ishlab chiqarish jarayonlari texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilinishi va yangilanishi, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar hajmi ko‘payishi muhim rol o‘ynaydi. Tugayotgan yilda tashqi savdo aylanmasi hajmi o‘tgan davrga nisbatan 26 foizga ko‘payib, tovar va xizmatlar eksporti 28 foizga oshishi kutilayotir.

Joriy davrda barcha manbalar hisobidan iqtisodiyotga 1,5 trillion so‘m investitsiyalar jalb etildi. Bu esa sarmoyalar hajmi 51,2 foizga ko‘payganidan dalolat beradi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar salmog‘i ham 1,8 marotaba ortmoqda. Investitsion loyihalar asosida 30 dan ziyod korxonalar hamda ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi, bu esa 45 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha sarmoya o‘zlashtirildi demakdir.

Albatta, yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlar mahalliy byudjet daromadlarining ortig‘i bilan ta’minlanishiga zamin yaratdi (103 foizga teng kelishi kutilayotir), bu esa, o‘z navbatida, pensiya va ijtimoiy nafaqalar, stipendiya va byudjet tashkilotlari xizmatchilarining oylik maoshlarining vaqtida to‘lanishiga imkon berdi. Umuman olganda, byudjet mablag‘larining 67 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga va aholini moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

Jumladan, 8163 ta kam ta’minlangan oilaga 3,5 milliard so‘m, 18 yoshgacha farzandi bo‘lgan 18.718 ta oilaga 3,6 milliard so‘m, ikki yoshgacha farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘layotgan 12.585 onaga 6,3 milliard so‘m, 725 nafar yakka-yolg‘iz qariyalarga 125 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, byudjetdan 26 milliard so‘m obodonlashtirish ishlariga sarflandi.

Joriy yilida poytaxtda bunyodkorlik harakati keng ko‘lamda davom ettirilib, bir qator ijtimoiy-madaniy obyektlar foydalanishga topshirildi.

Jumladan, Chilonzor tumanida ikkita dispanser va oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi, ettita kasb-hunar kolleji va oltita akademik litsey, 31 ta maktab, uchta sport majmuasi to‘liq ta’mirlanib, yangitdan jihozlandi. Toshkent Islom universitetining yangi o‘quv binosi, “Qatag‘on qurbonlari” muzeyining ikkinchi navbati ham qurib bitkazildi.

Abdulla Qodiriy, Amir Temur, Parkent, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘ylab ta’mirlash ishlari olib borildi. Markaziy va ko‘p qavatli uy-joy mavzelarida 542,4 ming kvadrat metr maydonda yangi asfalt yotqazildi. “Yoshlar yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga byudjetdan 38 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, yil davomida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga 152 milliard so‘m sarflandi. Bu borada homiylar va ijrochi tashkilotlarning hissasi ham katta bo’ldi.

Hisobot yilida “Bandlik” dasturi doirasida 63 mingdan ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratildi, shu jumladan 10.496 kishining uy sharoitida mehnat bilan shug‘ullanishi ta’minlandi. Darvoqe, yaratilgan ish joylarining asosiy salmog‘i — 72 foizi tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Poytaxt aholisiga asosiy oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sifatli va arzon narxlarda muntazam yetkazib berish maqsadida alohida dasturlar joriy etilib, ularning izchil amalda tatbiq etilishi hisobiga shahar aholisi, xususan meva-sabzavotga bo‘lgan ehtiyoji yil davomida qondirib borilishiga erishilmoqda.

Joriy yilda uy-joy kommunal sohasidagi islohotlar davom ettirilib, o‘z ijobiy natijalarini bermoqda. 1991 yilgacha qurilgan uylarni tubdan ta’mirlash dasturiga muvofiq 424 ta ko‘p qavatli uylar ta’mirlandi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 6 avgustdagi “Toshkent shahri aholisining uy-joy kommunal sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, qo‘shimcha ravishda yana 500 ta ko‘p qavatli uylardagi muhandislik tarmoqlari ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shaharga issiqlik quvvati yetkazib beruvchi turli hajmdagi 78 ta qozonxona ham kapital ta’mirlandi. Muhandislik xizmatlari tomonidan 40 kilometr markaziy issiqlik, 12,1 kilometr sovuq suv va 44,1 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirdan chiqarildi. Uy-joy boshqaruvi, uning moddiy negizi takomillashuvida ham sezilarli natijalarga erishildi. Ushbu sohada bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ixchamlashtirilib, 2274 taga yetkazildi.

Bugungi kunda 841 ta XUJMSH bittadan uyga xizmat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, joriy yil shirkat rahbarlari uchun hal qiluvchi yil bo‘ldi desak bo‘ladi. Fevral-aprel oylarida XUJMSH ish faoliyatini yaxshilash maqsadida shirkat raislari shahodatdan o‘tkazildi. Natijada ularning 509 tasi zimmasidagi vazifalarni bajarishda talabga javob bermagani sababli vakolatini topshirishga to’g’ri keldi.

Yuqorida qayd etilgan raqamlar, shubhasiz, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi ijobiy o‘zgarishlardan darakdir. Shu bilan birga, sessiyada deputatlar, tuman hokimlari va tuzilma rahbarlari e’tibori ba’zi yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolarga ham qaratildi.

Xususan, mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha ayrim loyihalarning bajarilishidagi sustlik, korxonalarning zarar bilan ishlashi, kommunal xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorlik haqida tahliliy-tanqidiy fikrlar bildirildi. Ta’kidlanganidek, bu boradagi vaziyatni yaxshilashda barcha mutasaddilar mas’uliyatni his etgan holda hamjihatlik bilan ish tutishlari lozim. Faqat shundagina kelgusi yil uchun ko’zlangan maqsadlarda ijobiy natijalarga erishish mumkin bo’ladi.

Yangi yil rejalari haqida so‘z borganda, jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,8 foizga ko‘paytirish, shu jumladan sanoatda o‘sish sur’atlarini 110,6 foizga, chakana savdo aylanmasini 115 foizga, pullik xizmatlarni 119 foizga oshirish belgilangan.

Barcha korxonalarda ishlab chiqarish hajmini kamida 10 foizga ko‘tarib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida 44 korxona bo‘yicha qo‘shimcha 450 milliard so‘mga teng sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zlangan.

Kelgusi yili 18,2 mingga yaqin yangi ish joylarini yaratish, shu jumladan xorijiy investitsiyalar hisobiga 2,2 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. O‘z navbatida, belgilanaotgan ko‘rsatkichlarga erishilishi 2009 yil byudjetining vaqtida shakllantirishga asos bo‘ladi.

Mahalliy byudjetning yangi 2009 yildagi asosiy yo‘nalishlari qanday maqsadlarni ko‘zlaydi? Ushbu masala yuzasidan shahar Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i [Mirsaid Mirmakhmudov] axborot berdi. Aytib o‘tilganidek, shahar byudjeti loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlangan 2009 yilgi Davlat byudjeti asosida tayyorlandi.

Kelgusi yildagi mahalliy byudjetda hukumat tomonidan soliqni soddalashtirish va uning yukini yanada pasaytirish, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan maqsadlar asos qilib olingan. Soliq siyosatidagi o‘zgarishlar natijasida, xususan, jismoniy va yuridik shaxslar daromadlarining ancha iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Birinchi va ikkinchi guruh bo‘yicha jismoniy shaxslar daromadlari stavkalari bir foizga, uchinchi guruhi bo‘yicha esa uch foizga pasaytirilib, ishchi-xizmatchilar foydasi uchun 33,4 milliard so‘m iqtisod qilinadi. Bundan tashqari, aholining kredit uyushmalaridagi deposit omonatlari bo‘yicha olingan daromadlarini soliqka tortishdan ozod qilish nazarda tutilgan.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga yagona soliq to‘lovi 8 foizdan yetti foizga tushiriladi. Bu esa o‘rtacha 800 million so‘m miqdoridagi tadbirkorlarning mablag‘i o‘z ixtiyorida qolishi imkonini beradi. Bundan tashqari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarning ham daromadlariga solinadigan qat’iy soliq miqdorlarini 30 foizga kamaytirish belgilangan.

Byudjet mablag‘larini taqsimlashda har doimgidek asosiy xarajatlar ijtimoiy soha, aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Pensiyalar va nafaqalar, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdorlarini oshirish siyosatini davom ettirish ko‘zda tutilgan. Byudjetda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirishga oid maqsadli dasturlar ijrosiga ham katta e’tibor berilgan. Shahar Kengashi deputatlari shularni inobatga olgan holda, pirovardida aholi turmush tarzini oshirishga mustahkam asos yaratadigan poytaxtning bosh moliya hujjatini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.

Shuningdek, joriy yil noyabr-dekabr oylarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘tkazilgan saylov yakunlari yuzasidan axborot tinglandi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasining raisi [Mirzayusuf Rustamboev] ta’kidlaganidek, bu yilgi saylov kampaniyasi birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligi darajasi ancha oshganligini namoyon etdi.

Saylovchilar qatori bevosita ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirga mas’ul bo‘lganlar, shu jumladan, maxsus komissiyalar va joylardagi ishchi guruhlariga kiritilgan jamoat tashkilotlari vakillarining faolligi ham e’tiborga molikdir. Aynan ularning faoliyati samarasida 474 ta mahalladagi saylov yig‘ilishlari to‘liq qonunchilikka rioya qilingan holda, oshkora va ochiq o‘tkazildi. Alohida aytib o‘tilganidek, endilikda mutasaddilar oldidagi asosiy vazifa bu fuqarolar yig‘inlariga saylangan yangi faollar uchun turkum seminarlar uyushtirish orqali ularning mahallalarimiz farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlarga avvalambor yuridik nuqtai nazardan to‘g‘ri yondoshib, mas’uliyatni to‘laqonli his etgan holda kirishishlariga imkon yaratish va birinchi navbatda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashdir. Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad fuqarolar ishonchini ham oqlashdir.

Sessiyada shuningdek xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining ayrim doimiy komissiyalari hisobotlari ma’qullandi, shahar Tabiyatni muhofaza qilish qo‘mitasining oxirgi ikki yil davomidagi faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi, ba’zi tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Total words

1,319

Unique words

852

Annotated anthroponyms

3

Toponyms

2

TTR

0.646

Hapax

632

Distribution

Top frequency chart

Dataset