Goh mahzun, goh shodon boʻlsangiz, yurak yer-u koʻkka sigʻmay borligʻini bildirib turgan paytda bir hamdard, oʻzingizga sigʻmayotgan oʻzligingizni oʻz diliga jo qilguvchi doʻst izlaysiz. Uning hamrohligidan dardingiz yengillashadi, bahra olasiz, sezgir qalbning koʻzgusida kimligingizni koʻrasiz. Bir fikr qilasiz, bir shukur qilasiz. Oʻsha dasti uzun, soʻzlari jon tomiringizga quyilguvchi, sizning holatingizni oʻzingizdan-da oʻtqazib anglaguvchi doʻstlarning biri – [Zahiriddin Muhammad Bobur]! Uning ruhi shunday kuchliki, oradagi uzun yillarni, uzun yoʻllarni pisand qilmaydi. Olis kechangizdan turib, bugungi dil oʻrtanishlaringizgacha sherik boʻlaveradi… Doʻst bilan obod uying degan soʻzning magʻzini chaqqanday boʻlasiz. Qoʻlingizga [Bobur] devonini olasiz, ul doʻstga dil yorib boʻzlaysiz:
- Shundoq… shundoq…
Soʻng shoir [Bobur] soʻzlaydilar:
Oʻzim koʻngil aysh ichra tutmoq kerak,
Bizni unutqanim unutmoq kerak.
Shoirga yana kuyib pishasiz: uningsiz koʻngul qanday qilib aysh qilsun?! Axir rohatning har bir ildizi u tufayli tortgan azoblardan unib chiqmaydimi? Ayshning koʻzni yashnatib, dilni allalovchi har bir guli niholi uning hajri tigʻlari bilan chopiq qilinib, koʻzimning yoshlari bilan sugʻoriladiku! Shoirim, nechuk shuncha qiyin talab ustiga undan-da ogʻirrogʻini yuklab, meniyam oʻzingizning safingizga, himoyangizga olib, tayinlaysiz: “Bizni unutqanni unutmoq kerak…” deb. Hamma gap shundada, axir. Unutolmaslik dardi qon yuttirgach, sizga topingan edimku deysiz. Unutish darsini oʻting men noʻnoq jabrdiydaga deb yolvorasiz, bu dard bilan oʻzi-da ogʻrigan buyuk tabibga. Qanday unutib boʻladi, ul kunlarni. Soch tolalariga qadar, olar nafasiga qadar ulugʻlanaverib, boshi koʻkka yetgan ul siymoni qanday unutib boʻladi… Boshi koʻkka yetgan… Shul joyda surinib ketasiz. Peshonangiz taq etib, qaygʻu tutunining peshtoqlariga urilib, koʻzingizdan olov chiqib ketadi. Yurakning eng chekkasiga bekinib yotgan gʻurur beholgina uygʻonadi. Shoh [Bobur]ning ta’qidiga qoʻshilib ketasiz: “u-n-u-t-m-o-q k-e-r-a-k!” Alam tegirmonining toshi ostida ezilayotgan dilingizga [Bobur] yordam qoʻlini uzatadi, gʻurur ostonasidan turib, entikib navbatdagi satrlar sehriga ixtiyorni berasiz:
Ayshu tarab gulbunigʻa suv berib,
Gʻussa niholin qurutmoq kerak.
O, ayshu tarab shodlik gulbunigʻa doʻstlari davrasida oʻynab-kulib ketayotgan, quvonchlarga gʻarq odamdan bir hovuch shodlik soʻrasa boʻlar balki. Bir beparvo, bir loqaydga ishi tushib, dilining komi qurib, yolgʻizlik sahrosida tashnalik azobini tortib, dilining ohlari lablarigacha qaqratib, yorib yuborgan odamning ogʻziga umid tomchilarini tomizmoq oʻrniga, undan suv soʻramak? Buncha qahringiz qattiq shoirim, buncha…
Axir parcha-parcha boʻlgan yurakni oyoq ostidan yigʻishtirib olmoq uchun yana qaytib qad tiklamoq uchun kuch bormi? Dil poralangunga qadar chekilgan azoblar, intizor kunlar qaytadan azob yuklab qaytadan but anni qil koʻprikdan, doʻzax oʻtidan oʻtqazmogʻi, arosat oʻlkasida muallaqlikka duchor qilmogʻi iztiroblariga chidab boʻlarmikin?!
Zarralab sochilgan koʻngulni qum donalari kabi, undan ham mayda shisha siniqlarini yiqqan kabi yigʻib olmoq zahmatlariga oʻzni chogʻlash, shul shaylik aro sochmoq zavqiyu yigʻmoq qiynoqlari orasidagi yer-u osmoncha farqni anglashga, kurashmoqqa chorlamayabdimi, [Bobur]?! Yogʻolib boʻlmoq, yo beparvo oyoqlari ostida tuproq boʻlmoqdan oʻzga yoʻl yoʻqmi-a? aytaylik, tuproq boʻldik ham… Zero bul tuproqqa uning yuzlaridan yogʻdu sochilmasa, koʻzlaridan obi hayot toʻkilmasa, biror kun umid maysalari unib chiqmasa, xor boʻlmoqdan oʻzga xizmatga yaramasa, tuproqlik qismatidan na hojat bor? Undan koʻra boshni beparvo koʻngilning istaklaridan dordan qutilmoq kabi qutulmoq, malomat balchigʻini tark etmoq kabi tark etmoq yaxshi emasmi?! Shunda shoirning qattiq qahri sizni xorlik balosidan qutqarguvchi najot koʻprigi ekanini anglab qolasiz. Bu koʻprikka qadam qoʻya olsangiz, navbatdagi talab-gʻussa niholini qurutmoq – oʻz-oʻzidan bajariladi. Koʻzingizning yoshlari bilan sugʻormasangiz, koʻnglingizni gʻam bilan qayta-qayta shudgorlab, yaralamasangiz, gʻussa niholi oʻz-oʻzidan xazonrezlikka uchraydi. Oʻzingizni ozgina oʻnglab, umidvor koʻzlaringizni yana satrlarga tikasiz. Holatingizni sezib turgan shoir sizni yana yuksakroqqa chorlaydi:
Har nimaga gʻam yema, gʻam koʻp turur,
Aysh bila oʻzni ovutmoq kerak.
“Har nima” shunchaki har nima emasligini [Bobur] yaxshi biladi. Ildizlari yurakning tomirlari birla chiyralib ketgan bogʻlanishni uzmoq, kunu tunimizning shohiyu quli boʻlgan kimsadan koʻngulni sovutmoq uchun qancha jasorat kerak boʻlsa shuncha chorlaydi shoir.. Dunyoning gʻami koʻp axir.
“Bizni unutqon”ning gʻamini chekib yuraverib, oʻzga jamiki mavjudlikka qoʻl silqisak, uyat boʻlar… Tanimiz yaralgan tuproq, tomirimiz yayralgan suvdan tortib, yashagan kulbamiz, doʻstu tanishlarimiz, qiblagohlarimiz – padari buzrukvorimiz, volidai muhtaramamizga qadar – barcha-barchasidan mehrga qarzdormiz. Bizni asrab turgan buyuk mutanosiblikka ozgina putur yetsa halokatga uchraymiz. Mavjudligimiz boisiga shukronalikning oʻzi, ularga oʻzni bagʻishlash saodati baxtimiz emasmi?! Nega bizga osmondan tushguvchi, bizni mensimovchi yot bir nigoh uchun gʻam yeymiz? Zero bizningki bir xazon bargcha qadrimiz boʻlmagach, ul nigoh ham biz uchun “har nima”ga aylanishi shart. Koʻngli talangan, masxaralangan holda elga oshkor boʻlmaslik uchun ham shart!
Qoʻshni xonadan chaqaloq yigʻisi eshitildi. [Gʻolib] hayotning mangu davomchisi ovozidan, hali gʻussalarining xabari yoʻq pokizalikning ovozidan hayratga tushing!
Hovuchlaringizni buloq suvidan toʻldirib simiring. U sizga atalgan, sizning nasibangiz. Ona tabiatning sizga va millionlarga yetadigan mehridan in’om bu!
Oyoqlaringiz yurib turibdi. Ishgʻol qilinmagan choʻqqilar chorlayabdi. Koʻzlaringiz koʻrmoqqa, qoʻllaringiz tutmoqqa qodir. Muhimi quvonchlarning ham, qaygʻularning ham qadrini biladigan, birovlarnikiga oʻxshab loqayd boʻlmagan qalbingiz bor! Iztiroblar siqqan yurakka shodliklar yolqinini ham mehmon qiling. Siz kuchlisiz… kurashmoqni bilasiz…
Goh hazin kuylar sizni “Bizni unutqan”ning dargohiga yetaklab ketar damlardan saqlaning. Goh bedor tunlar koʻz oldingizga bir siymoni mixlab qoʻysa, uni qibla taraf devorlariga osmoqdan qoʻrqing! Shu kunlarda bardoshingizga, sabringizga yalining! Ojizligingizga koʻzingiz yetsa, yana [Bobur] shohga arzgʻa boring. Ul arzxonada shoh [Bobur] kutib olgani bilan yurak dardlaringizni shoir Bobur eshitadi. Yolgʻizlik yukini koʻtara olmasangiz, gʻussaning changali dilingizga tirnoq botirsa, shul dargohga yuguring. Bul dargohda sizni ketlaridan olov toʻkilgan qon tomgan, koʻz yoshi silqqan soʻzlar obi hayot tomchisidek tashna dilingizga tomchilab ovutadi.
Ehtimol bu dargoh ostonasidan najot izlab yugurgan damlaringizgacha oʻtgan quyuq lahzalaringiz olovidan bir olovxoʻr qush rohatlanar… Lahza choʻqqa aylangan yuragingiz gulxanlaridan hayot topib avjlanar… Oʻzining shul oʻt tufayli bunyod ekanidan bexabardir.. Shunda yana va yana fido boʻlmoqdan, uning oyoqlariga yiqilmoqdan, xoʻrlangan dilingni shoh [Bobur]ning zabardast ilkiyu shoir Boburning nozik qalbi qutqarib qoladi.
Siz oʻqiyotgan gʻazalning yarmiki sizni halokatdan asray oldimi, endi qolgani ravon oʻqiladi. Oʻqigan sayin qaddingizni tiklab olmogʻingizga ishonchim komil! Endi siz hayiqmay, titramay, yigʻlamay, yiqilmay qat’iy va ohista shivirlay olish imkoniga egasiz. Ana. [Bobur] dilining daryosidan suv ichgan lablaringiz pichirlay boshladi: B-i-z-n-i u-n-u-t-q-a-n-n-i u-n-u-t-m-o-q k-e-r-a-k… oh!
Total words
915
Unique words
700
Annotated anthroponyms
12
Toponyms
0
TTR
0.765
Hapax
586
Distribution
Top frequency chart
Dataset