19-20 AVGUST KUNLARI BUTUN RESPUBLIKADAGI KABI, POYTAHTIMIZDA HAM BARCHAMIZ UCHUN ENG ULUR, ENG AZIZ BAYRAM – MUSTAQILLIGIMIZNING 15 YILLIGINI MUNOSIB KUTIB OLISHGA BAG‘ISHLANGAN UMUMXALQ HASHARI BO‘LIB O‘TADI.
Mamlakatimiz bosh shahri – poytaxtimizni esa, har doimgidek, katta shodiyonalar oldidan ulkan qurilish maydoniga taqqoslash mumkin. Zero, Mustaqillik bayramiga quruvchilar munosib tuhfa tayyorlashmoqda. Birgina Toshkent shahrining o‘zida 20 ga yaqin yirik obyektlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, deyarli har bir tuman, har bir mahallada ijtimoiy-maishiy va madaniy ahamiyatga ega yangi bino va inshootlarning ochilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan avgust obodonlashtirish va tozalik oyligi deb e’lon qilingan bo‘lib, uning doirasida ushbu yo‘nalishdagi qayriya ishlarining dastlabkisi sifatida 19-20 avgust kunlari respublikamiz bo‘ylab ommaviy xashar bo‘lib o‘tadi. Shubhasiz, bu xayriya kunlari kishilarimiz kayfiyati va harakatlarida xalqimizga xos bo‘lgan saxovat, muruvvat, o‘zaro yordam, hamjihatlik kabi olijanob xususiyatlar namoyon bo‘ladi.
Shahrimizda bayramga taraddud ancha ilgari boshlandi. Toshkent shahar hokimining qarori bilan iyul-avgust oylarida 60 kunlik xashar kunlari deb e’lon qilingan. Ta’kidlab o‘tish lozimki, «Mening uyim, mening mahallam, mening shahrim» shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan ushbu ommaviy tadbirlar doirasida poytaxtimizdagi turar joy mavzelarining hududlarida keng qamrovli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
«Mahalla» jamg‘armasining shahar bo‘limidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, joriy oyning faqatgina birinchi o‘n kunligida 474 ta mahallalar kesimida tadbirlarda 446,9 mingdan ziyod kishi ishtirok etib, ular kuchi bilan 1021 gektardan iborat hudud obodonlashtirilgan, 137,7 kilometr irrigatsiya tarmoqlari tozalangan, ming tup manzarali va 21 mingdan ziyod gul ko‘chatlari o‘tkazilgan, shuningdek, 78 mingdan oshiq daraxtlar butalib, oqlangan. Ushbu ishlarga autokorxonalarning 520 dan ziyod texnika va mexanizmlari jalb qilingan.
An’anaga ko‘ra, umumxalq xashari kunlari barcha asosiy muvofiqlashtirish ishlari respublika, viloyat, shahar va tumanlar miqyosida «Mahalla» jamg‘armasi tomonidan olib boriladi. Erta tongdan to oqomga qadar ikki kun davomida joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qiluvchi maxsus shtab-markazlar tuziladi. Bu borada poytaxt xashar markazi o‘z ishini bir-ikki kun oldin boshlab, 139-05-08, 136-79-01 telefonlari orqali qayriya ishlariga oid barcha ma’lumotlarni taqdim etishga shaylangan.
Dastlabki olingan ma’lumotlarga qaraganda, poytaxtimizda xashar tadbirlarida 700 mingdan ziyod aholining ishtiroki kutilmoqda. Xashar kunlari asosiy e’tibor mahallalarimiz obodonchiligi va ayni paytda keng ko‘lamda olib borilayotgan ko‘p qavatli uylar tashqi ko‘rinishi va yo‘llarini ta’mirlash, asfalt yotqizish, sport va o‘yin maydonchalarini qurish ishlari ham davom ettiriladi.
KECHA shahar hokimi [Abduqahhor To‘xtayev] raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xasharni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, unga ommaviy tus berish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, belgilangan tadbirlarda samaradorlikka erishish uchun avvalambor barcha bo‘g‘indagi rahbarlar obodonlashtirish ishlarda shaxsiy namuna ko‘rsatishi orqali aholining ham keng qatlamining faol qatnashishiga erishish mumkinligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda shuningdek, xashar kunlari bajariladigan ishlar hajmi belgilandi, bu borada shahar tuzilmalari asosiy ishni olib boradigan joylariga aniqlik kiritildi. Har safargi dek, shahar hokimligi ishchi-xizmatchilar bir qator jamoat tashkilotlari xodimlari bilan hamkorlikda keramika bog‘i hududini tartibga keltirib, obodonlashtiradilar.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan xashar bilan poytaxtimizga ko‘plab mehmonlar tashrif buyuradi. Dastlabki qadamdan ularni yurtdimiz haqida yaxshi taassurot qolishi uchun aeroport hamda markaziy temir yo‘l vokzali atrof hududlarida kam keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari o‘tkaziladi. Ushbu manzildagi ishlarni muvofiqlashtirish mas’uliyati shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmasiga yuklatilgan.
O’z navbatida shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, hashar an’alari bizning doimiy mehmonlarimiz – mamlakatimizda uzoq muddatli faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va turli xalqaro tashkilotlar vakillariga ham ko‘nikma bo‘lib qolgan. Ular ham shahrimizning bayram oldidan ko‘rkam va obod bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shish niyatida. Bir qator elchixonalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, diplomatik korpus va xorijiy vakolatxonalar xodimlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarni tozalash, shuningdek, o‘z qo‘llari bilan yaratilgan bog‘u xiyobonlarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi. Shubha yo‘qki, hasharda katta va kichik faol ishtirok etadi va albatta, bu borada katta avlod o‘rnagi ko‘rsatadi.
«Nuroniy» jamg‘armasining shahar bo‘limi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ko‘magida va «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda barcha ziyoratgoh va qabristonlarda xashar tadbirlari boshchilik qilishni o‘z zimmasiga olgan.
«Homiylar va shifokorlar yili» dasturiga asosan bugungi kunda poytaxtimizdagi 20 dan ziyod tibbiyot muassasalarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi doirasida yangi o‘quv yiliga bitta yangi maktab, kapital rekonstruksiyadan o‘tkazilgan uchta, tubdan va joriy ta’mirdan so‘ng 35 ta umumta’lim muassasasi topshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Toshkent Tibbiyot akademiyasiga qarashli akademik litsey hamda Milliy va texnika universitetlari negizida sport majmualari ham qad rostlamoqda. Kayd etilgan bu obyektlarga xashar kunlari quruvchilarga madad ko‘rsatish niyatida sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi tizimi ishchi-xizmatchilari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalar, yaqin atrofdagi mahalla fuqarolari, mehnat jamoalari jalb etilib, birgalikda hududlarni obodonlashtirgan holda ushbu ahamiyatga molik obyektlarni belgilangan muddatga topshirishga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Asosiy ish kuchi yirik qurilish obyektlariga ham jalb etiladi. Bu joylarda quruvchilar bilan bir qatorda obodonlashtirish va tozalash ishlari da turli davlat va jamoat tuzilmalar vakillari ishtirok etadi.
Albatta, xashar an’analari bo‘yicha, ikki kun davomida xayriya aksiyalariga ham alohida e’tibor qaratiladi, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamiga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatiladi, shu jumladan yolg‘izlar, nogironlar xonadonlari hamda «Muruvvat», «Saxovat», Mehriibonlik uy-lari ta’mirlanib, obodonlashtiriladi.
Hashar xalqimizning qadimiy an’anasi. Azaldan shunday bo‘lib kelganki, xashar bayram kunlari, shuningdek, qalb da’vati bilan qachonki muhtojga yordam ko‘rsatish kerak bo‘lsa yoki birgalikda o‘z uyimiz, o‘z ko‘chamiz, o‘z mahallamizni obodonlashtirishga shay bo‘lsak, o‘tkaziladi. Xalqimiz uchun muqaddas bo‘lgan Mustaqillik kuni oldidan o‘tkazilayotgan ikki kunlik xashar barcha sa’y-harakatlarimizga yangi ko‘tarinki ruh bag‘shida etib, ko‘chalarimiz, mahallalarimiz, shaharlarimiz, butun mamlakatimizning yanada obod va go‘zal bo‘lishiga xizmat qilishga shubha yo’q.