🔍

Article

PARRANDA GRIPPIGA YO‘L YO‘Q

By O‘zA muxbiri Aminboy ORTIKBOYEV yozib … • in 2006

Ko‘pchilikni tashvishga solayotgan parranda grippi xavfining oldini olish va unga qarshi chora-tadbirlarni belgilash borasida Orolbo‘yida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ushbu savolga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bojxona boshqarmasi boshlig‘i [Ziyovuddin Bobonazarov] javob beradi:

Ochiq aytganda, jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan parranda grippining hududimizga kirib kelish xavfi bartaraf etilgan. Shunday bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘istonning qo‘shni davlatlar bilan chegaradoshligini hisobga olib, tashqaridan keltiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini qattiq nazorat ostiga oldik.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakatimiz hududiga tirik tovuq, tovuq go‘shti, tuxum va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlarni olib kirishni vaqtincha taqiqlash to‘g‘risidagi tegishli qarori faoliyatimiz uchun dasturilamal bo‘lmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda 9 ta chegara bojxona maskani faoliyat yuritmoqda. Ayni damda ularda nazorat har qachongidan-da kuchaytirilgan.

Qoraqalpog‘istonlik Karantin xizmati va Sanitar-epidemiologiya markazi bilan hamkorlikda tovuq va tovuq go‘shti hamda tuxum va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlarning tashqaridan kirib kelishini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha tegishli tadbir ishlab chiqilgan. Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlari bilan chegaradosh hududlarda bu ishlar talab darajasida amalga oshirilmoqda.

Qo‘shni Turkmaniston davlati bilan 200 kilometrlik chegaramizda ilgari to‘rt joyda bojxona maskani bor edi. Endilikda faqat bitta bojxona maskanidan avtoulov va odamlar o‘tkazilmoqda.

Bojxona xizmati xodimlari tomonidan asosiy e’tibor aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilmoqda. Tez-tez mahalliy matbuot nashrlari, televidenie orqali chiqish qilinib, bu borada ma’lumotlar berib borilmoqda.

Yana bir muhim jihat. Bugungi kunda tadbirkorlar kerakli axborotlardan doim xabardor bo‘lib, biron bir mahsulotni mamlakatga kiritish taqiqlansa, bunday ishga qo‘l urishdan darhol tiyadilar. Aks holda qonunda belgilangan tartibda javob berishlari lozimligini yaxshi anglaydilar. Parranda grippi haqida jahon ommaviy axborot vositalari bong ura boshlagandan buyon bojxona maskanlari orqali parranda mahsulotlarini chegara orqali olib o‘tish hollari deyarli kuzatilmadi. Orolbo‘yida tabiiy ko‘llarning ko‘pligi yovvoyi qushlar qo‘nib o‘tishi uchun juda qulay shart-sharoit tug‘diradi. Shu bois, erta ko‘klamda Hindistondan va Arabistondan, kech kuzda Qozog‘iston va Rossiyadan uchib kelayotgan qushlar bizning o‘lkamizda to‘xtab, dam olib, oziqlanib, yana uchib ketadilar.

Bu hol ham parranda grippining tarqalishi uchun bir omil bo‘lishini hisobga olib, chegara tumanlardagi tabiiy ko‘llar qattiq nazorat ostiga olindi. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, ovchilar uyushmasi bilan hamkorlikda uchib kelayotgan qushlarning hisob-kitobini olish, ularda kasallikning bor-yo‘qligini aniqlash rejalarni ishlab chiqdi.

Albatta, chegaralarimiz mustahkam, tashqaridan har qanday yuqimli kasallik kirib kelishining oldini olish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlarni ko‘ryapmiz. Biroq, bu jarayonda faqat tegishli mutasaddilar emas, balki har bir fuqaromizdan ogohlik talab etilishi unutmaslik lozim.

Total words

365

Unique words

267

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.732

Hapax

207

Distribution

Top frequency chart

Dataset