Bugungi kunda Qurolli kuchlarimiz safiga nafaqat ma’naviy yetuk, balki sport maydonlarida chiniqqan, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, texnika sir-asrorlarini o‘rgangan, qiyinchiliklarni yenga oladigan mard, jasur o‘g‘lonlarni yetkazib berish davlat miqyosidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu ma’noda Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar O‘zbekiston fuqarolarining mustaqil ommaviy himoya, sport-texnik va vatanparvarlik jamoat tashkiloti”ning faoliyati diqqatga sazovordir. Bizning ushbu tashkilotning Toshkent shahar Kengashi raisi Nazriddin RIZAMETOV bilan suhbatimiz ham aynan “Vatanparvar” amalga oshirayotgan o‘ziga xos ishlar xususida bo‘ldi.
— Asosiy maqsadimiz O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi, uning Qurolli Kuchlari, mudofaa qudratini mustahkamlashga ko‘maklashish, keng xalq ommasi, xususan yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlashdir, — deydi Nazriddin Rizametov. — Bu borada harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirish, texnik mutaxassislar hamda ommaviy kasbdagi xodimlar tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, yangi ish joylarini tashkil qilish va aholini ish bilan ta’minlash kabi vazifalarni bajarishda davlat tashkilotlariga ko‘maklashishni o‘z zim-mamizga olganmiz.
Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent shahar Kengashi 11 ta tuman Kengashlari va sport-texnika klublari, bitta birlashgan texnika maktabi, bitta bolalar va o‘smirlar sport o‘quv birlashmasidan tarkib topgan bo‘lib, 576 ta boshlang‘ich tashkilotga ega. “Vatanparvar” a’zolarining 80 foizini yoshlar tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonunlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini ta’minlash, Qurolli Kuchlar uchun texnik mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, xalq xo‘jaligiga harbiy ahamiyatga ega ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish va ommaviy-vatanparvarlik ishlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi Rayosati va Toshkent shahar hokimligining qo‘shma qarori qabul qilingan. Biz o‘z ish dasturimizni mana shu asosda olib borishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Ayniqsa, biz yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, ularda harbiy ko‘nikmalar hosil qilish, harbiy qism hayoti bilan uzviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash ishlariga katta e’tibor qaratganmiz. Rejada belgilangan 200 nafar kursant o‘rniga 229 nafar kursantlar Qurolli Kuchlarga tayyorlandi. Kursantlar o‘rtasida “Alpomish va Barchinoy” ko‘pkurash musobaqalari, “Eng yaxshi mutaxassis” viktorinalari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Markaziy Kengash tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot”, “Eng mohir usta”, “Tadbirkor rahbar”, “Eng yaxshi murabbiy” ko‘rik-tanlovlarida faol ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egalladik.
“Voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha Kengashlar maxsus muvofiqlashtirish komissiyasi tuzildi. Rejalar ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishda Mirobod, Shayxontohur, Akmal Ikromov, Sergeli va qator tashkilotlarda ijobiy ishlar olib borilmoqda. Voyaga yetmagan yosh o‘smirlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, giyovandlikka qarshi kurash mavzularida mahalla oqsoqollari, prokuratura va huquq-tartibot organlari vakillari bilan hamkorlikda uchrashuvlar, davra suhbatlari, ma’ruzalar uyushtirilmoqda.
Umuman olganda, voyaga yetmaganlarni “Vatanparvar” tashkilotida sport seksiyalari va to‘garaklarga jalb etish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. 40 dan ziyod tarbiyasi og‘ir o‘smirlarning sport to‘garaklariga bepul qatnashish imkoniyati yaratilgan.
Shuni aytish kerakki, “Vatanparvar” tashkiloti bu o‘z-o‘zini mustaqil boshqarish va mablag‘ bilan ta’minlovchi jamoat tashkiloti ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, ishlab topilgan mablag‘larning asosiysi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni amalga oshirishga sarflanadi.
Yurtboshimiz Oliy Majlis ikkinchi chaqiriq, to‘qqizinchi va o‘ninchi sessiyalaridagi ma’ruzalarida Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish to‘g‘risida alohida to‘xtalib, kelajakdagi faoliyatimiz yo‘nalishlarini ko‘rsatib berdilar. Bu esa zimmamizga juda muhim va mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Kelgusida yetuk, sog‘lom, baquvvat, ma’naviy kuchli, ma’rifatli yoshlarni tarbiyalash va Qurolli Kuchlarimiz safiga haqiqiy vatanparvar, mard, jasur yigitlarni yetkazib berish shular jumlasidandir.