Ko‘chada ikki kishi bilan tanishib qoldik. Ular shahrimizga qarindoshlarini ko‘rganlik uchun kelgan, u-bu xarid qilish uchun “Oloy” bozoriga kelishayotgan ekan. Gurunglashib birga bozorga kirdik.
Bilasizmi, mehmonlar bundan ikki yil avval shu bozorda bo‘lishgan. O‘shanda bozor zamonaviy bo‘lganiga qaramay, ularning ko‘ziga galatroq ko‘rinibdi. O‘shanda bo‘sh peshtakhtalar qolib, ko‘pchilik mahsulotlar yerda savdo qilinar, xususan go‘sht va sut, baliq mahsulotlari rastalari sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob bermasdi.
Bu gal esa mehmonlar butunlay boshqa manzarani ko‘rishdi. Hamma joy ozoda, saranjom-sarishta. Sarchil meva-chevalar shunday did bilan terilgan-ki, ularning oldidan o‘tgan kishi bir zum mahliyo bo‘lib qolmay iloji yo‘q. Ilgarigi qovun-tarvuz rastasi o‘rnida zamonaviy kiyim bozori qurilib, ishga tushirilgan. Yangidan tiklangan baliq va go‘sht, sut hamda oziq-ovqat majmualari bozorga butunlay boshqacha qiyofa kashf etibdi. Bir so‘z bilan aytganda, bozor eng namunali bozorga aylanibdi.
“Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deganlaridek, respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlarni ta’sirlantirgan bozor oldidan har kuni ishga o‘tip, uyga qaytib, ba’zan esa shoshib-pishib bu yerga kelib kerakli mahsulotlarni xarid qilamiz, lekin bozoridagi o‘zgarishlarga unchalik ahamiyat beraveramiz. Mehmonlarning gapi bahona bo‘lib, u yerda bo‘lishga, bu safar bozoridagi yangiliklar, o‘zgarishlar, obodonchilik ishlari bilan yaqindan tanishishga, uning hududini bahurja aylanishga jazm etdik.
“Oloy bozori” hissadorlik jamiyati boshqaruvining raisi Mirzohid Odilov taklifimizni tinglab turib miyig‘ida kulib qo‘ydi. Buning sababini so‘raganimizda u shunday javob berdi:
Odatda biz maqtovdan ko‘ra ko‘proq tanqidiy so‘zlarni eshitamiz. Bozorimizga kelgan ba’zi tekshiruvchilar ko‘proq bizdagi nuqsonlarni ko‘rishadi. To‘g‘ri, kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Lekin ba’zan o‘ylab qolaman. Na-hot ular bozorimizda bo‘layotgan yirik-yirik o‘zgarishlarni payqashmasa? Taklifingizni eshitib xursand bo‘ldim.
Tekshiruvni yaqinda ishga tushirilgan zamonaviy baliq mahsulotlari majmuasidan boshladik. Bozorning sharqiy-shimoliy qismida joylashgan darvozasi yaqinidan o‘rin olgan ushbu majmua har qanday kishining e’tiborini o‘ziga tortadi. U sharqona go‘zalligi, qulayligi, xaridor va sotuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilganligi bilan yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.
Oppoq, pishiq plastmassalardan ishlangan ozoda rastalar mahsulotlar bilan to‘la. Xaridorlar chiroyli terib qo‘yilgan mahsulotlar oldida bir zum to‘xtab, ularning narxlarini so‘rab-surishtiradi. Narxlar ham risoladagidek, insaf bilan belgilangan.
Shunday go‘zal koshonaning bino ishlari bilan qiziqdik. Uni “Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat hissadorlik jamiyatiga qarashli qurilish tashkiloti bunday savdo rastasini tiklabdi. Quruvchilar qisqa muddat, 10 oy ichida shunaqangi bir savdo rastasini tiklashgan, bugun bu yerga kirgan har qanday kishi ularning mahoratiga, didu farosatiga tan bermasligi mumkin emas. Toshkent shahar bozorlar uyushmasi tarkibida hozircha izlab bo‘lmaydigan bu majmua yagona desak xato qilmaymiz.
150 o‘rinli rastaning ikkinchi qanotidan o‘rin olgan kichik do‘konchalar tadbirkorlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ular bu yerda o‘z mahsulotlarini bemalol sotishyapti. Binoning toridan esa ulgurji chakana savdo do‘konlari, ikkita bar o‘rin olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yildagi “Bozorlar faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan ancha ishlarni amalga oshirdik, dedi bizga Mirzohid Odilov. Avvalo shuni aytish kerakki, bozor odamlarning kundalik ehtiyojlarini qondiradigan, talab va takliflarini o‘rganadigan joy. Shunday ekan, bozorga kelgan har bir kishining kayfiyati tushib qaytmasligi kerak.
Buning uchun esa bozorlarda xaridorlarga zarur tartib va qulayliklar yaratib berish lozim, toki ular kerakli mahsulotlarini qidirib ovora bo‘lishmasin.
Kiraverishning ikkinchi tomonida osmonga suv purkab turgan favvoralar e’tiborimizni tortdi. Ularning biri tirik baliqlar saqlanadigan havza, ikkinchisi esa zarur bo‘lsa xaridorlarga baliqlarni tozalab, kesib tayyorlab beradigan joy ekan.
Bozorning o‘ng tomonida joylashgan yana bir yangi majmua jahon andozalariga mos qilib qurilgan ikki qavatli go‘sht va sut mahsulotlari rastasi tomonga yo‘l oldik. 200 o‘rinli bu savdo majmuasi ham yaqinda ishga tushirilgan. Avvalo bu o‘rinda loyiha chizgan me’morlar, quruvchilar mehnati va san’ati qoyil qoladigan darajada. Hamma narsa o‘z o‘rnida. Rastaga qadam qo‘yish bilan o‘zingizni serfayz, saranjom-sarista, ozoda xonadongga kirgandek his etasiz. Bir nechta bo‘limlardan tashkil topgan majmua hamma narsasi joyida. Usti silliq marmarlar bilan qoplangan peshtakhtalarga did bilan kesib tarashlangan go‘shtlar terib qo‘yilgan. Peshtakhtga tutash ilgaklarda turli vazndagi go‘shtlar osilgan. O‘rtada ikkinchi qavatga olib chiquvchi zina. Chap tomondagi bo‘lim sut va qatiq mahsulotlariga mo‘ljallangan. Bu yerda pishloqdan tortib sariyog‘ga qadar turli-tuman mahsulotlar. Ularning ustki qismi ozodalik qoidalariga rioya qilingan holda oppoq yupqa dokalar bilan yopilgan. Peshtakhtdan o‘rin olgan sut va qatiq mahsulotlari ham sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob beradi.
Bu yerda biz bir necha xaridorlar bilan suhbatlashdik, ularning fikrlari bilan qiziqdik.
O‘zim shu atrofda turaman. Bozor yaqinimda joylashgani uchun barcha kerakli mahsulotlarni shu yerda xarid qilaman. So‘nggi yillarda bozorimizning ko‘rinishi tubdan o‘zgardi. U faqat yangilanib qolmay, balki bu yerda madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Xususan bunday holatni birinchi navbatda sotuvchi va xaridorlar o‘rtasidagi hushmuomalalikda ko‘rish mumkin, - deydi bizga o‘z fikrini bayon etib xaridor Xolis Mamedov.
Shunday fikrlarni Muxlisa Hikmatova, Erkin Rahimov singari xaridorlardan ham eshitdik.
Ikkinchi qavatga ko‘tarildik. U o‘zining hozirgi ko‘rinishi bilan bizni lol qoldirdi. Bozorda shunday ko‘rinishli qasrni albatta mo‘jiza deb atsak yanglishmaymiz. Bir tomonda billiard xona, qahvaxona, bir tomonda bir piyola choy ustida suhbat qurish uchun choyhona. 6–8 kishiga mo‘ljallangan nakshinkor yog‘och karavotlarda xaridor va sotuvchilar o‘tirishibdi. Ular orasida qaysi sohaning kishilari yo‘q, deysiz. Narigi burchakda joylashgan kutubxona ham e’tiborimizni tortdi. Bu joyda faqat yangi kitob turlari bilan emas, balki gazeta va jurnallarning kundalik sonlari bilan ham tanishasiz.
Navro‘z ayyomida yana bir majmua ishga tushirdik, - deydi Mirzohid Odilov. - Bu o‘ziga xos bo‘lgan mo‘jizagina kiyim-kechak bozoridir. Yangi majmuaning bunday qurilishi xaridorlarning talab va istaklari sabab bo‘ldi. Endi shu yaqin atrofda turuvchilar kiyim-kechak qidirib “Otchopar”, “Chorsu” bozorlariga yugurishmaydi. Ushbu bozorlarda bor narsalar o‘zimizda ham muhayyo.
Bugungi kunda 92 541 kvadrat metr maydonni egallagan bu bozorda yaqin bir yil ichida shuncha qurilish va yangiliklarni amalga oshirish albatta o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Bu katta o‘zgarishlar bozor ma’muriyatidan tinimsiz mehnat, izlanish, qunt va sabotni talab qilgani aniq.
Biz bu o‘rinda faqat “Oloy” bozorida ro‘y bergan uchta yangi majmua qurilishi va ularning ishga tushirilishi bilan bog‘liq yumushlar haqida so‘z yuritdik. Va alohida, bozordagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mavjud rastalarni qayta ta’mirlash, bir qator irrigatsiya tarmoqlarini ishga tushirish, soliq tayanch punkti, veterinar laboratoriyasini jihozlash kabi ishlar ham alohida mavzuga arzigulik.