🔍

Article

TOSHKENT ISLOM UNIVERSITETI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

By Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV • in 1999

$$O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti$$ning $$“Toshkent islom universiteti$$ni tashkil etish to‘g‘risida” 1999 yil 7 apreldagi Farmonini bajarish yuzasidan, islom diniga oid boy va noyob ma’naviy-madaniy merosni chuqur o‘rganish, uni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish va ushbu sohada aholining bilim darajasini oshirish, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining tuzilmasi va Nizomi tasdiqlansin.

2.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, ikki oy muddatda Toshkent islom universitetining oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha davlat ta’lim standartlarini, o‘quv jarayoni uchun zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlarni jahonning ilg‘or hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.

3.1999/2000 o‘quv yili uchun Toshkent islom universitetining ikkala fakultetining har biri uchun talabalar qabul rejasi 25 tadan davlat granti va 25 tadan to‘lov-kontrakt asosida (jami 100 ta) belgilansin.

4.Toshkent islom universitetida o‘qituvchi-professorlar tarkibi talabalar bilan 1:4,5 nisbatda bo‘lishi belgilab qo‘yilsin.

5.Universitetga moddiy va ma’naviy yordam beruvchi Homiylar kengashi tarkibi hamda universitet qoshidagi islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi tuzilmasi tasdiqlansin.

6.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi universitet taqdimnomasiga muvofiq, oliy ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari klassifikatoriga hamda ilmiy xodimlar mutaxassisliklari nomenklaturasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsinlar.

7.Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda universitet qoshidagi islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi Nizomini va universitetni rivojlantirish jamg‘armasi Nizomini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;

islom ta’limotiga oid manbalar ro‘yxatini tuzish, ularni jamlash hamda tashkil etilgan Manbalar xazinasi faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqsin va ularning bajarilishini ta’minlasin.

8.O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi universitet ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini davlatning ilmiy-texnika dasturlari ro‘yxatiga kiritsin va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha grantlar ajratishni nazarda tutsin.

9.Mustaqil Vatanga va milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqatli hamda islomshunoslik, din tarixi, huquqi va falsafasi bo‘yicha ushbu universitetning uchinchi va undan yuqori kurs iqtidorli talabalari uchun uchta [Imom al-Buxoriy] davlat stipendiyasi joriy etilsin.

Mazkur stipendiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmonida o‘rnatilgan davlat stipendiyalari miqdorida belgilansin va ularni tayinlash Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 25 martdagi 157-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat stipendiyalari to‘g‘risida Nizom” va ularni tayinlash tartibi asosida amalga oshirilsin. Ushbu tartibga to‘ldirishlar kiritilsin.

10.O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Yetuk mutaxassislarni ishga taklif etish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlari, xalqaro ilmiy konferensiyalarda qatnashishlari, talabalarining yirik o‘quv markazlarida ta’lim olishlari, shuningdek, chet elda chop etiladigan davriy nashrlarga obuna bo‘lish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini xarid qilish, Manbalar xazinasini to‘ldirib borish uchun har yili universitet buyurtmalari bo‘yicha erkin almashtiriladigan valyutadagi xarajatlarni qoplash uchun;

universitet, uning qoshida tashkil etilgan islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi va akademik litsey, shuningdek, Manbalar xazinasi faoliyatini moliyaviy ta’minlash uchun;

universitetning o‘z matbaa va tahririyat-nashriyot bazasini barpo etish uchun taqdim etiladigan hisob-kitoblarga muvofiq zarur mablag‘lar ajratsin.

11.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 2 apreldagi 154-son qaroriga muvofiq qisqartirilayotgan engil avtomobillardan ikkitasini Toshkent islom universiteti balansiga bepul o‘tkazsin.

12.Toshkent islom universiteti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadigan qonunlar va qarorlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirliklar va idoralar me’yoriy hamda yo‘riqnoma hujjatlari majburiy tartibda tarqatiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.

13.O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi:

universitet kutubxonasini to‘ldirish uchun maxfiy bo‘lmagan bosma asarlar va kitob mahsulotining (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, tabiiy) nazorat nusxalarini (2 nusxada) bepul oluvchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritsin;

universitet buyurtmalari bo‘yicha o‘quv-uslubiy va ilmiy mahsulotlarning o‘z vaqtida nashr etilishini ta’minlasin;

universitetning o‘z matbaa va tahririyat-nashriyot bazasini barpo etishga va uning faoliyatini tashkil etishga yordam bersin.

14.O‘zbekiston Respublikasi davlat va nodavlat hamda jamoat tashkilotlarining Toshkent islom universitetini rivojlantirish jamg‘armasi homiylari sifatida Jamg‘armaga moliyaviy va moddiy-texnikaviy yordam ko‘rsatish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.

Jamg‘armaning barcha yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xorijiy tashkilotlar, uyushmalar, jamg‘armalar va fuqarolar uchun ochiq ekanligi belgilab qo‘yilsin.

15.Jamg‘arma barcha turdagi soliqlardan va bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari) 5 yil muddatga ozod qilinsin.

16.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va uning tarkibiy tuzilmalari hamda yotoqxonasi Toshkent shahar, Bobur ko‘chasi, 55-uy (5-son kasb-hunar maktabi binolari majmuasi)ga joylashtirilsin.

Toshkent shahar hokimligi 1999 yil 1 iyulga qadar universitet binosi xonalarini o‘qish jarayoni xususiyatlarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirsin hamda binoni universitet balansiga o‘tkazsin.

Universitet, islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi va akademik litseyni joylashtirishga ajratilgan binoni rekonstruksiya qilish, uni zarur asbob-uskunalar, mebellar, zamonaviy kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash, shuningdek, darsliklar va o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasining zahira jamg‘armasidan haqiqiy xarajatlar doirasida mablag‘ bilan ta’min etilsin hamda 2000 yildan boshlab investitsiya dasturiga kiritilsin.

17.O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent islom universitetini tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazsinlar hamda milliy va xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun universitetning tegishli hisob raqamlarini ochsinlar.

18.O‘zbekiston Respublikasi Pochtalar va telekommunikatsiyalar agentligi belgilangan tartibda universitetni zamonaviy aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi va boshqa aloqa turlari bilan ta’minlasin.

19.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 19 maydagi 175-son qarorining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

20.Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari [H.S. Karomatov] zimmasiga yuklansin.

Total words

824

Unique words

468

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

2

TTR

0.568

Hapax

333

Distribution

Top frequency chart

Dataset