🔍

Article

DAVLATIMIZ QUDRATINING TIMSOLLARI

By Anvar Boboyev, O‘zA muxbiri. • in 1999

Mustaqillik sharofati tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi korxonalar barpo etilayotir, yangi-yangi mehmonxonalar, sport inshootlari, bank va boshqa muassasalarning ko‘rkam binolari shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib bormoqda.
Kuni kecha Samarqandda “Sam Kocavto” qo‘shma korxonasining taqdimot marosimi o‘tkazilgan bo‘lsa, endi poytaxtimizda yuqori maqomda xizmat ko‘rsatadigan to‘rt yulduzli “Hilton-Toshkent” mehmonxonasi qurib bitkazildi.

18 mart kuni mazkur mehmonxona bilan tanishish uchun bu yerga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti [Islom Karimov] tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari yangi inshootni ko‘zdan kechirar ekan, xonalarining shinamligi, osoyishtaligi va mijozlar uchun barcha qulayliklar yaratilganini ta’kidladi. Kam sarf-harajat talab qiladigan, ixcham, lekin jahon andozalari darajasida jihozlangan va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan mehmonxona fransuz hamkorlarining faoliyatiga yuqori baho berilishiga sabab bo‘ldi.

Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 1996 yilning may oyida Fransiyaning “Buig” firmasi bilan “O‘zbek–Buig” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan edi. Yangi qo‘shma korxona 1997 yilning mayida qurilishni boshlab, 21 oy ichida mehmonxonani tayyor holga keltirdi.

“Hilton-Toshkent” 250 o‘rinli. Unda bitta to‘rt xonali prezident nomeri, yettita ikki xonali lyuks va boshqa ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan xonalar mavjud. Majmuada mehmonlarning hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mehmonxona boshqaruvi, kelishuvga binoan, AQShning “Hilton” kompaniyasi ixtiyoriga berildi.

Davlatimiz rahbari mehmonxonada yaratilgan sharoit va qulayliklarni ko‘zdan kechirar ekan, yangi qasr o‘ziga xos uslubda bunyod etilganini qayd etdi. Shu bilan birga, [Islom Karimov] inshootning atrofini yanada obodonlashtirish va obodonlashtirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Albatta, jahon andozalari darajasidagi mehmonxonaning hovlisi va atrofi ham o‘ziga monand bo‘lishi lozim. Prezidentimiz mehmonxona atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini aytdi.

Bobomiz sohibqiron [Amir Temur] o‘z vaqtida:

> “Kimki qudratimizga shubha qilsa, qurgan binolarimizni kelib ko‘rsin”, – degan edilar.

Milliy me’moriy obidalarimiz asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz o‘z tarovatini yo‘qotmagan. Endilikda mustaqil yurtimizda ham qurilayotgan har bir yangi inshoot ajdodlarimiz merosi singari muhtasham obidalarga aylanishiga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiqdir.

Shu ma’noda, mustaqillik yillarida barpo etilgan va etilayotgan inshootlarni yurtimiz qudratining timsollari deyish mumkin.

Yangi mahobatli “Hilton-Toshkent” mehmonxonasi ham ana shunday timsollardan biri bo‘ldi.
Yangi mehmonxona bilan tanishuv chog‘ida davlatimiz rahbariga Toshkent shahar hokimi [K. To‘laganov] hamrohlik qildi.

Total words

320

Unique words

256

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

0

TTR

0.800

Hapax

218

Distribution

Top frequency chart

Dataset