Futbolchalik el sevgan o‘yin yo‘q va paydo bo‘lishi ham mushkul. Demak, sport qiroliga e’tibor ham shunga yarasha bo‘lishi tabiiy. Buni mamlakatimiz rahbari yana bir bor hammamizga eslatganida o‘ziga xos ma’no bor. Modomiki, yurtimiz shuhratini olamga taratmoqchi ekanmiz, albatta, futbolga ham shunga yarasha munosabatda bo‘lishimiz talab qilinadi.
Respublika Vazirlar Mahkamasining yaqinda qabul qilgan qarorida mamlakatimizda futbolni rivojlantirishning tashkiliy asoslari va prinsiplarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari aniq va ravshan belgilab berilgani bejiz emas, albatta.
Bundan yigirma yil muqaddam Namanganda respublika birinchi ligasining navbatdagi uchrashuvi o‘tkaziladigan kuni muxlislarning stadionga o‘yin boshlanishidan naq uch soat avval kelib, joy ola boshlagani, shu yerning o‘zida futbol olamidagi yangiliklaru mish-mishlar xususida bahs avjiga chiqqanining guvohi bo‘lganimda, rosti, hayratga tushgan edim. Chunki o‘sha kezlar O‘zbekistonimizning bosh komandasi «Paxtakor» o‘yinlariga ham muxlislar bunchalik e’tibor berishmas edi-da.
To‘g‘ri, Namangandagi stadion bilan Toshkentdagi stadion o‘rtasida katta farq bor! Namanganliklar ertaroq kelishgani bois qulayroq joylarni egallab olishar, poytaxtdagi stadionda esa olingan chiptalarga muvofiq o‘tirish lozim edi. Shunday bo‘lsa-da, muxlislardagi vatanparvarlik hissi o‘z ta’sirini o‘tkazgani ham shubhasiz edi.
Oradan yillar o‘tib, «Paxtakor» Namanganing «Navbahor»idan o‘z maydonida ham mag‘lubiyatga uchraydigan kunlar keldi. Lekin biz hozir diqqatimizni ochkolarga yoki to‘plarga emas, 1995 yil kuzida poytaxtimizda ushbu ikki komanda o‘rtasidagi uchrashuvda hozir bo‘lgan ishqibozlarga qaratmoqchimiz.
Shu kuni «Paxtakor» stadioniga chempionat uchrashuvlarida eng ko‘p tomoshabin tashrif buyurdi. Kelganlarning ko‘pchiligi namanganliklar ekani futbol muxlislariyu sport jurnalistlarini taajjublantirmadi. Aslida, masalaning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlasak, ushbu holning mantiqqa zid ekaniga ishonch hosil qilamiz. Zеро, yaqindagina «Paxtakor» deganda o‘zbek futboli tushunilardi. «Paxtakor» O‘zbekistonning o‘ziga xos timsoli edi.
Nima uchun bugungi ahvol vujudga keldi? Komandada iqtidorli o‘yinchilar hamon faoliyat ko‘rsatishmoqda-ku! «Paxtakor» safida mamlakatimiz mustaqillikka erishgach o‘tkazilgan chempionatlarning ikki eng sermahsul to‘purari, Osiyo o‘yinlari chempionlarining ko‘pchiligi to‘p surishdi-ku!
Bizningcha, asosiy sabab — jamoa bilan muxlislarning o‘zaro munosabatidadir. Esingizdami, bir necha yil avval «Paxtakor» mavsum oldidan, chempionat davomida va musobaqalar yakunlangach muxlislar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazar edi. Komanda Talabalar shaharchasi, «Bilimlar uyi», traktorsozlar va temiryo‘lchilar saroylarida hozir bo‘lib, ishqibozlarni qiziqtirgan savollarga javob berardi. Bu esa muxlislar safining kengayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatar edi.
Hozir-chi?
Esingizdami, «Paxtakor» o‘yinlari o‘tishidan bir necha kun avval chiptalar shahar markazining odam gavjum joylarida sotila boshlardi. O‘yindan so‘ng ishqibozlar oqimi Navoiy va O‘zbekiston ko‘chalarini to‘ldirib, uy-uylariga tarqalishardi. Hozir-chi?
Eslaysizmi, poytaxtda tahsil olayotgan minglab talabalar o‘zlari tug‘ilib o‘sgan viloyat komandasi sobiq ittifoq chempionatining ikkinchi ligasi uchrashuvini o‘tkazish uchun Toshkentga kelganda, boshqa ishlarini yig‘ishtirib qo‘yib, stadionga oshiqishardi.
Istiqlolga erishgan mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti tomon dadil odimlamoqda. Bozor esa xaridorgir mahsulotnigina tan oladi. Mahsulot egasi mahsulot sifatini ta’minlashdan tashqari, uni reklama qilishni ham yo‘lga qo‘yishi zarur.
Poytaxtimiz futbolida bozor iqtisodiyotining ushbu muhim tamoyillariga amal qilinyaptimi? Afsuski, ijobiy javob berish qiyin. Chunki Toshkent komandalarining o‘yini yuksala boshlagan bo‘lsa-da, uni zamon talabi darajasida targ‘ib-tashviq qilish hamon oqsamoqda.
Ishqibozlarga futbolni har tomonlama yaqinlashtirmay turib, stadionga tashrif buyurganlarga qulay sharoit yaratmay turib, tabiiyki, yangi cho‘qqilarni zabt etish mumkin emas.
Shu o‘rinda yana Namangandagi tajribaga e’tibor berish maqsadga muvofiqday tuyuladi. E’tibor bering, nima uchun O‘zbekiston futbolining mana-man degan yulduzlari bugun aynan «Navbahor»ga oshiqmoqda?
Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, shundoq ham yulduzlarga boy Namanganda «Paxtakor»ning yetakchi o‘yinchilari [Abduqahhor Ma’rufaliev], [Sobir Hodiyev], [Ilhom Sharipov], aka-uka [Nazarov]lar, Farg‘onadan [Eduard Mamotov], MDH chempionlari turniridan so‘ng esa [Sergey Lebedev] va [Sergey Andreyev] ham, MHSK safida o‘tgan chempionatda hamkasblari o‘rtasida eng yaxshi natijaga erishgan va milliy terma jamoadan joy olgan darvozabon [Oleg Belyakov] yangi mavsumga hozirlik ko‘rishayotgan ekan.
«Navbahor» rahbarlari va homiylari muxlislar manfaatlarini o‘ylab, jamoani yanada kuchaytirish, ko‘p yillardan buyon ushalmay qolayotgan orzu — chempionlik unvoniga nihoyat erishish yo‘lida yangi-yangi choralarni ko‘rishmoqda.
Komanda safida jamlangan futbolchilar o‘yinning dastlabki soniyalaridan final hushtagigacha fidoyilik bilan harakat qilishlariga guvoh bo‘lgan muxlislar esa kelgusi o‘yinni intiqlik bilan kutib yashaydilar va o‘yin kuni viloyatning chekka qishloqlaridan Namanganga oshiqishadi. Stadion yana muxlislar bilan to‘lib-toshadi.
Balki shuning uchun ham «Navbahor» «Paxtakor»ga hal qiluvchi to‘pni so‘nggi daqiqada kiritgandir (va o‘z navbatida, toshkentliklar yana bir bor o‘yin oxirida qimmatli ochkolarni yo‘qotishgandir)...
Xulosa shuki, futbol muxlislar uchun ekanini yaxshi anglagan va shunga qarab ish tutgan taqdirdagina katta futbolning katta zafarlariga erishish mumkin. Fursat g‘animatda poytaxtimiz futboli shuhratini tamoman yo‘qotib qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rish zarur. Shunda, muhtaram yurtdoshimiz ta’kidlaganlaridek, «Paxtakor» obro‘si yana qayta tiklanadi, poytaxtlik ishqibozlar ko‘nglida yorug‘lik porlaydi.