🔍

Article

YANGI IMKONIYATLAR OCHADI.

By [Behzod Egamov] yozib oldi. • in 1996

[Suhbat Polatov], Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining raisi:

Futbolni rivojlantirish uchun bundan uch yil ilgari qabul qilingan qarordan so‘ng bu sohadagi ishlar bir muncha jonlangan edi. Shahrimiz tumanlarida 8 ta yangi futbol jamoalari tuzildi. Hozir yana ikkita ToshGRES va «TTPU» jamoalari tuzilib, jamoatchilikka tanishtirish arafasida turibdi.

Har bir tuman o‘z futbol jamoasiga ega, shuning uchun ham tuman hokimliklari, homiy tashkilotlar ham tabiiyki, o‘z jamoalarining yuqori nufuzga erishishini istaydilar. O‘tgan yili Yunusobod tuman hokimligi ibratli an’anani boshladi. Hokimlik sovrini uchun futbol turniri uyushtirildi. Xayrli tashabbus tezda qanot yoyib, Hamza tumanida ham shunday musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi rejalariga ko‘ra, barcha tumanlarda hokimlik sovrini uchun turnirlar o‘tkaziladi.

Umuman, o‘tgan yili shahar sport qo‘mitamizning bosh-qoshligida bolalar va o‘smirlar uchun 13 marta futbol musobaqalari o‘tkazildi, ularda jami 724 ta jamoa, 14 121 nafar yosh futbolchilar qatnashdilar. Bundan boshqa ko‘plab futbol musobaqalari haqida ham gapirish mumkin. Masalan, yil davomida o‘tkaziladigan 7 xil yosh toifasidagi futbolchilar uchrashuvlari, «Mahalla spartakiadasi» tarkibidagi futbol o‘yinlari va hokazo.

Ammo Vazirlar Mahkamasidagi majlisda adolat yuzasidan aytib o‘tilganidek, futbolni rivojlantirish ishida bir qator kamchilik va muammolar ham bor, ulardan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shahrimizdagi o‘rinbosarlar tayyorlovchi bolalar va o‘smirlar sport maktablarining ishi hali qoniqarli darajada emas. Bu maktablarning ko‘pchiligida hattoki durustroq maydonlar ham yo‘q. Shuning uchun mablag‘ning katta qismi ijaraga ketadi. Mavjud stadionlarning ham ahvoli qoniqarli darajada emas, tomoshabinlar uchun qulaylik yo‘q. Ikkinchi liga jamoalarining o‘yingohlarida hattoki kiyim almashtirish xonalarining ham yo‘qligi achinarli holdir.
Negadir ularning faoliyatiga ikkinchi darajali ish sifatida qarash kayfiyati hanuz bor. Masalan, Asbobsozlik, Agregat, «Toshkabel» zavodlarining futbol jamoalari juda ham nochor ahvolda. «Toshkabel» futbol jamoasi shahrimizdagi eng keksa komandalaridan hisoblanadi. Ularning shunday ahvolda bo‘lishi korxona rahbariyatiga ma’qulmikan?

Yana takror bo‘lsa ham aytish kerak, bolalar va o‘smirlar futboli eng diqqat markazimizdagi ish bo‘lishi lozim. Bu masalada Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi bilan uzviy hamkorlikda ishlashimiz lozim. Shundagina imkoniyatlarimiz bir muncha kengayadi. Umidli yangilik sifatida Shayxontohur tumanidagi 169-maktabda yosh hakamlar tayyorlovchi maxsus sinf ochilganligini aytishim mumkin.

Bu yil «Paxtakor» futbol maktabi 40 yoshga to‘ladi. Futbol fidoyisi, «Paxtakor» faxriysi [Vladimir Shtern] rahbarlik qilayotgan ushbu maskanda ko‘plab iste’dodli futbolchilar tarbiya topgan. O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, bu maktab boshqa joyga ko‘chirilishi kerak ekan. Ammo ko‘plab muxlislar, tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan bunga e’tirozlar bildirilmoqda.Negaki, «Paxtakor» futbol maktabi o‘z an’analari va mavqeiga ega. Farzandlarini bu maktabga yetaklab kelayotgan ota-onalarning ham g‘ururi o‘zgacha bo‘ladi. Bu masala ham ijobiy yechimini topadi, deb o‘ylaymiz.

Poytaxt futboliga oid barcha tadbirlarning boshida Toshkent shahar futbol federatsiyasi turganligini katta minnatdorlik va mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Jamoatchilik asosida ishlayotgan federatsiyamizga Toshkent shahar hokimi [Kozim To‘laganov] raislik qiladilar. Federatsiya raisining o‘rinbosari — futbol faxriysi, respublikada xizmat ko‘rsatgan murabbiy [Gennadiy Ermakov] jonkuarligini ham alohida eslab o‘tish joizdir.
Haqiqiy futbol fidoyilarini birlashtirgan futbol federatsiyamiz tarkibida 44 nafar futbol hakamlari faoliyat ko‘rsatadilar. Ulardan 4 nafari FIFA toifasida, 14 nafari respublika, 26 nafari esa birinchi toifali hakamlardir.
Bu yilgi rejalarimizdan biri — shahar futbol federatsiyasiga kengroq imkoniyatlar yaratish, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Total words

480

Unique words

341

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

0

TTR

0.710

Hapax

270

Distribution

Top frequency chart

Dataset