🔍

Article

HAYRLI O‘ZGARISHLARGA UMID

By [Bahodir Xasanov] yozib oldi. • in 1996

Hozir qaerdaki uch-to‘rtta sport ishqibozi to‘planib suhbatlashsa, gap aylanib o‘z-o‘zidan futbol mavzusiga kelib taqalaveradi. Mutaxassislarning-ku, «oromi buzilgan». Kimlardir yo‘qotgan narsasini topgandek to‘lib-toshib yursa, qaysidir mutasaddilar bexamlikning vaqti o‘tganligi, endi astoydil jon kuydirib ishlash kerakligini o‘ylamoqda. Bularning hammasiga Respublika Vazirlar Mahkamasining yaqinda bo‘lib o‘tgan futbolni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan majlisi sabab bo‘ldi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti [Islom Karimov]ning futbolimizning bugungi kuniga baho berar ekan, u hali talab darajasida emasligini, jahon futbol taraqqiyoti darajasiga olib chiqish uchun juda ko‘p ish qilish lozimligini ta’kidladi.

Futbolni tubdan yuqori saviyaga ko‘tarish nimadan boshlanadi? Hammaning bo‘layotgan bahs-munozaralarida xuddi shu masalalar o‘rtaga tashlanmoqda, futbolimizning yurtimiz nufuziga mos bo‘lishi xususida atroflicha fikr-mulohazalar aytilib, aniq tadbirlar belgilanmoqda. Shu jihatdan olganda Vazirlar Mahkamasining shu yil 17 yanvardagi «O‘zbekistonda futbolni tashkiliy asoslari va rivojlantirishning prinsiplarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz futbolining istiqboli uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Shu munosabat bilan tahririyatimizga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning hisobi yo‘q. Ko‘pchilik muxlislar o‘zlari kelib, fikr-mulohazalarini bildirmoqdalar. O‘zimiz ham yuqorida aytganimizdek, turli soha vakillarining futbol musohabalariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Quyida shulardan ba’zilarini keltiramiz.

Mamlakat dovrug‘ini olamga yoyishda sport eng qudratli vosita bo‘lib, sport turlaridan esa bu vazifani bajarishda futbolga yetadigani yo‘q, deydi «Sport» gazetasining bosh muharriri [Safar Ostonov]. O‘tgan bir necha yil ichida ko‘p marotaba buning guvohi bo‘ldik. Ammo bugunga kelib futbolimiz nufuzi yurtimizning kundan kunga ortib borayotgan obro‘-e’tiboriga mos, deya olmaymiz. Nega? Chunki bizda futbolni sun’iy kuchaytirishga ruju qo‘yila boshlandi. Masalan, biror nomdor jamoa o‘z nufuzini o‘ziga o‘rinbosarlar tayyorlab emas, balki «chet»dan futbolchi taklif etib saqlashga harakat qiladi. Shu tariqa o‘yinchi «ayirboshlash» ko‘payib ketdi. Klublarimizning faoliyati nomigagina tashkil etilgan. Futbolchi va klub o‘rtasida deyarli hech qanday huquqiy kelishuv, majburiyatlar yo‘qligi sababli o‘yinchi jamoani ortiqcha mas’uliyatsiz tark etib ketaveradi. Bunda, albatta, futbolchini bir tomonlama ayblab bo‘lmaydi. U moddiy manfaatdorlik ko‘rgan, mehnati munosib qadrlangan jamoadagina bor mahoratini namoyish eta oladi. Bu yoqda klub esa «mablag‘ yo‘q», deb homiylarga ko‘z tikib o‘tirsa... Axir hech qanday homiy bir umr jamoani boqishni zimmasiga olmaydiku!

Yurtimizda futbol ommaviylik bo‘yicha eng oldingi o‘rinlarda turadi. Tennis o‘ynamagan, eshkak eshmagan, chang‘ida uchmagan odamlar bor, ammo umrida biror marta to‘p tepmagan sog‘lom inson topilmasa kerak. Ommaviy futbolni hadeb reklama qilaverish shart emas, faqatgina unga ozgina sharoit yaratilsa bas, maydoncha qurildimi, bolalarning to‘p qo‘ltiklab chiqishlarini ko‘raverasiz. Axir mohir «yulduzlar» ham ana shunday kichik maydonchalarda tug‘iladilar-ku!

Prezidentimizning o‘rinli tanqidlaridan so‘ng futbolimizda ijobiy siljishlar bo‘lishiga ishonamiz. Ammo bu tanqid faqat futbolgagina tegishli emasligini ta’kidlamoqchiman. Boshqa sport turlari bo‘yicha federatsiyalarning faoliyatida ham xuddi futboldagiga o‘xshash kamchiliklar bisyor. Taekvondo (WTF), tennis, boks federatsiyalarining faoliyatini qoniqarli deyish mumkin. Qolganlar-chi? Qachongacha sportni sun’iy rivojlantirishga urinamiz?

— Haqiqatdan ham, joylarda ommaviy futbolni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish dolzarb vazifa, — deya suhbatga qo‘shildi bosh muharrir o‘rinbosari [Komil Jumayev]. — Maydoncha bo‘lmagach, bolalar ham futboldan uzoqlashib boraveradilar. Respublika Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi birinchi qaroridan so‘ng joylarda futbolga homiylikni mahalliy hokimlar, yirik korxona rahbarlari o‘z zimmasiga olgan edilar. Ammo afsuski, ularning aksariyati bu mas’uliyatli vazifani go‘yo «faxrli unvon» sifatida qabul qilgandek, unchalik o‘zgarish sezilmadi. Qo‘shni davlatlar, chet el jamoalari bilan imkon qadar tez-tez uchrashuvlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Yoshlar, o‘smirlar jamoalari ham xorij safarlariga chiqib, maydon ko‘rsalar, ularning ko‘zi pishib, tajribasi oshib boraveradi. O‘z tumani, shahri va viloyatida g‘olib bo‘lib, xalqaro maydonga chiqmagan jamoa tor muhitga tushib qoladi.

Xullas, futbol quvonchlari va muammolari haqida aytaversak, gap ko‘p. Prezidentimizning kuyinib bildirgan tanqidiy fikrlaridan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining kuni kecha qabul qilgan qaroridan keyin futbolimizda xayrli o‘zgarishlar bo‘ladi, deb umid qilamiz.

— Futbolni tushungan kishi ginа qadrlaydi, — deydi Toshkent shahar Yoshlar Ittifoqi qo‘mitasining birinchi kotibi [Ravshan Abduqodirov]. — O‘zimiz haftada 2-3 marta «Paxtakor»ning kichik maydonida to‘p suramiz. Sexlar, korxonalar, gazeta tahririyatlari, ijodiy jamoalar o‘rtasida har yili an’anaviy turnirlar o‘tkaziladi. Aytmoqchimanki, xalqimizda futbolga bo‘lgan qiziqish Angliya, Fransiya yoki Braziliyadagidan kam emas. Yoshligimizdan ko‘p qavatli uylar oralig‘idagi kichik maydonchalarda to‘p tepib o‘sganmiz. Hozir o‘sha maydonchalarning ko‘pchiligini mashinalar uchun temir garajlar egallab olgan.

Prezidentimizning futbolni yanada rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari Yoshlar Ittifoqi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shahrimizdagi oliy o‘quv yurtlarining talabalari o‘rtasida har yili an’anaviy turnir o‘tkazamiz. Bosh sovrin «Oniks» hissadorlik jamiyatining qo‘li gul ustalari tomonidan tayyorlangan ko‘chma «Billur Kubok»ni qo‘lga kiritish uchun kurash shunchalik qizib ketadiki, hatto ba’zi o‘yinlar videotasvirga yozib olinib, raqib jamoa tomonidan sinchiklab o‘rganiladi.

Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizda futbolni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan majlisi qaroridan so‘ng bu yilgi rejalarimiz jadvaliga futbolga oid ko‘pgina tadbirlarni ham kiritdik. Chunonchi, yuqorida aytilganidek, «Billur Kubok»ni korxonalardagi ishchi-yoshlar jamoalari o‘rtasida ham ta’sis etmoqchimiz. Maktablar, bilim yurtlari va oliy o‘quv yurtlarida futbolni yanada rivojlantiramiz. Chunki yoshlar bor joyda albatta futbol ham bo‘ladi.

Total words

723

Unique words

555

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

0

TTR

0.768

Hapax

462

Distribution

Top frequency chart

Dataset