🔍

Article

Qat’iyat hamroh boʻlsin

By R.Toʻrayev • in 1989

Mana yangi yilning, biz juda koʻp orzu va umidlarimizni bogʻlagan yilning ilk mehnat kuni boshlandi. Bugun zavod qoʻngʻiroqlari sasi, ishchi qadamlari tovushi, stanoklar, uskunalar harakati, xullas tabiatda, borliqda, hayotda qanday jonlanish boʻlmasin – hammasi yangi kundan darak berayotir. Darhaqiqat, yangi yil yasharish, yangilanish tuygʻulari bilan qalbimizga kirib keldi.
Besh yillikning uch yili nima berdi? Qayta qurishning ilk bosqichidan qanday saboqlar oldik? Soʻz va ish birligini ta’minladikmi? Qogʻozdagi gaplar amalga koʻchdimi? El-ulus dasturxonida seroblik, ma’murlikmi? Ertangi kun manzili yanada yorqin, nurafshon, munavvar boʻlmogʻi uchun men, sen, u qanday hissa qoʻshmoqchimiz? Ana shunday savollar yangi yil kunlarida qalbda ask-sado bermogʻi aniq.
Birlashmamiz qayta qurish saflarining oldingi qatorlarida boryabdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Shu bois men yuqoridagi savollarga tezroq javob topaman. Ayni paytda ayrimlari haqida mulohaza qilib, bir toʻxtamga kelolmay qolaman.
Iqtisodiy islohot boshlanganda “Navoiazot” birlashmasi Ittifoqda birinchilardan boʻlib xoʻjalik hisobiga oʻtdi. Oʻz-oʻzini mablagʻ bilan ta’minlash va oʻz-oʻzini qoplash harakatini ham bizda quloch ochib kutib olishdi. Tolmay mehnat qilayotganlar koʻzga tashlandi, dangasalar, loqaydlar nazardan qola boshladi. Korxonadagi ilk odimlar, jiddiy qusurlar oʻtgan yilning fevral oyida $$Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti$$ning byuro majlisida tahlil etildi. Unda iqtisodiy islohotni dadillik va qat’iyat bilan amalga oshirish uchun kadrlarni tanlash, tarbiyalash, oʻqitish, oʻrgatish kun tartibidan tushmasligi alohida uqtirildi. Kollektivda rahbar kadrlarni saylash an’anaga aylandi. Har bir sex, brigada, ishchilar oʻzlari uchun yoʻlboshchi tanlashdi. Shu zayl ishchi tashvishi bilan rahbar yumushlari uygʻunlashib ketdi.
Natija esa ayon, Birlashma oʻtgan yilni salmoqli natijalar bilan yakunladi. Plandagidan ziyod qariyb 5 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Mehnat unumdorligi, ishlab chiqarish sur’atlari, shartnoma shartlari boʻyicha soʻz va ish birligi ta’minlandi. Mehnatga haq toʻlashning yangi tarif va stavkalari joriy qilindi.
Oblast partiya konfrensiyasida faqat ikkita sanoat korxona faoliyati ijobiy baholandi. Jumladan, bizning birlashmamizda xoʻjalik hisobi keng tomir yoygani, sof foyda salmogʻi ancha oshgani ta’kidlandi. Bu, albatta, nafaqat meni, balki boshqa hamkasblarimni ham xursand qildi. Ayni paytda mas’uliyatni yanada oshirishimiz zarurligi haqida oʻyladik.
Chunki hali birlashmamizda talaygina rezervlar mavjud. Buni mehnat intizomini oshirish, ishchilarga yetarli shart-sharoit yaratib berish tufayli harakatga keltirish mumkin. Shu paytgacha mehnat kollektivlari (birlashmalari) haqidagi qonun sust amalga oshirildi. Nihoyat bu borada ham ilk qadam tashlandi.
Dekabr oyida korxonamizning bir guruh mutaxassislari $$Polsha$$da boʻlishdi. Unga qadar esa bizda $$Polsha$$ va $$Sovet Ittifoqi$$ ilmiy-texnikaviy aloqalari doirasida kengash boʻlib oʻtgandi. Oʻshanda qoʻshni mamlakatning $$“Alverniya” zavodi$$ bilan shartnomalar imzolandi. $$Polsha$$lik doʻstlarimiz vodorod peroksidi ishlab chiqaruvchi uskunalar yetkazib berish va bu boradagi qurilishlarni bajarajaklarini izhor etdilar. Bu bir yilda 1100 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan alohida sex demakdir. 1989 yilda qurilish nihoyasiga yetkazildi, 1990 yilda esa ishga tushirish moʻljallanmoqda.
Bizning nitroakril tolamiz katta birlashmaning bir boʻlagidir. Sex kollektivi oʻtgan yilni yaxshi yakunladi. Besh yillikning zarbdor toʻrtinchi yiliga yaxshi kayfiyat, dadil odim bilan kirib keldik. Sexda kim bilan suhbatlashmang, albatta iqtisodiy islohot ruhini, ta’sirini sezasiz. Masalan, energiya xizmati brigadasi boshligʻi [Nikolay Aleksandrov]ichning oʻzi 6-razryadli elektrik. U boshqarayotgan brigada ahil va totuv. [Nikolay Aleksandrovich] dam olish kunlari ham brigadasi bilan kelib transport vositalarini remont qilishadi. “Qoʻshimcha haq olish uchun qoʻshimcha mehnat!” shiorini ham ular oʻrtaga tashlashdi. Sifatli ish tufayli maoshlari ortdi.
Sexda mehnatni ragʻbatlantirish yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, odamlar pirovard natija uchun jon koyita boshlaganlari sababli plan muddatidan ilgari uddalandi, majburiyat esa 25 dekabrda bajarildi. Men ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi, qimmati haqida raqamlar keltirishim mumkin. Ammo gap tonnalarda emas, gap iqtisodiy tejamkor boʻlishdadir. Biz hamma narsani oʻrganyabmiz, lekin hisob-kitob har bir ishchi uchun odatiy voqeaga aylanishiga erisha olmayabmiz. Binobarin, 1989 yil iqtisodiy savodxonlik yili boʻlishi kerak.
Yaqinda birlashma bironta kolxozni toʻla ijaraga olish tashabbusi bilan chiqdi. Shundagina har bir ishchiga yiliga oʻrtacha 30 kilogram goʻsht, 50 litr sut berish imkoniyati tugʻiladi. Bu oz. ammo qani edi amalga oshsa? Uy-joy muammosi ham gʻoyat dolzarb. Xullas, ishchi haqida gʻamxoʻrlik uning zarbdor mehnatiga zamin yaratajagini esdan chiqarmaslik shart.
Mana, bugun ishga ketyabmanu koʻnglim charogʻon ekanligini his etyabman. Hamma-hammaga ana shunday tetik ruh yor boʻlishini istayman. Zero, birinchi kun zarbdorchasiga boshlansa ertangi kun ham koʻngildagidek oʻtishiga zamin hozirlanadi. Sifat esa nafaqat korxona, balki inson uchun ham koʻzgu boʻlmogʻi shart.

Total words

645

Unique words

485

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

6

TTR

0.752

Hapax

398

Distribution

Top frequency chart

Dataset