🔍

Article

Korxona Boshi Berk Koʻchada

By A. Pattoev, Oʻzbekiston rayon «Paxtakor» … • in 1988

$$Oʻzbekiston rayoni$$dagi $$Shursuv sopol quvurlar zavodi$$ hovlisiga kiriboq ta’bingiz xira boʻladi. Togʻ-togʻ uyulgan gʻisht parchalarini, ochiq havoda zanglab yotgan oʻnlab mexanizmlarni koʻrib achinib ketasiz.
Tayyor mahsulotlar yuklanadigan maydonga $$Namangan$$dan kelgan avtomashinalarga vagonetkalardagi gʻishtlar ortilmoqda.
— Hoy ukalar, sekinroq, — deya iltimos qiladi haydovchi, mashina kuzoviga gʻishtlarni koptokdek ota-yotgan ikki yigitga qarab. — Gʻishtlaringizning yarmi sinib, tuproqqa aylanib ketdi-ku...
Oʻninchi besh yillikda qurib bitkazilgan bu korxonaga davlatning etti million soʻmdan ortiq mablagʻi sarflangan. Zavodning ishga tushirilishiga oʻsha vaqtlarda katta umid bilan qaralgan edi. Chunki ministrlik oldida ekin maydonlarining zaxini qochirishda sopol quvurlardan keng foydalanish, «Irstroy» tizimidagi obyektlarni RISHT bilan ta’minlashni yaxshilash masalasi koʻndalang boʻlib turardi.

— Afsuski, umidlar boshidan chippakka chiqdi. Korxona ishga tushgandan buyon biror kun ham toʻla quvvat bilan ishlagani yoʻq. Asosiy nomenklaturadagi mahsulot — sopol quvurlarni realizatsiya qilish tobora qiyinlashib bordi. Nihoyat, korxonada 1986 yil aprel oyidan buyon quvur tayyorlash batamom toʻxtab qoldi.

— Juda qiyin ahvolga tushib qoldik, — deydi bosh muhandis [Mahmudjon Qoʻchqorov]. — Respublikamizda bizning korxonamizdan tashqari quvur tayyorlaydigan yana 5 ta zavod ishlab turibdi. Boshqa korxonalarda plastmassa quvurlar tayyorlanadi. Ularni tashish qulay, yerlarga yotqizish ham oson. Bizniki esa tashishda sinadi, chuqurga joylash mushkul.

— Xoʻsh, bu boshi berk koʻchadan chiqishning iloji bormi? — soʻraymiz bosh injenerdan.

— Bor! Zavodni faqat gʻisht ishlab chiqarishga moslashtirish zarur.

— Unda 5 million soʻm turadigan quvur tayyorlovchi asbob-uskunalar taqdiri nima boʻladi?
Bosh muhandis nima deyishini bilmay bir oz oʻylanib qoldi. Soʻng yelka qisganicha:
— Konservatsiya qilishga toʻgʻri keladi, mushkul bilan, — dedi.
Xoʻsh, korxonani ogʻir ahvoldan qutqarishga umid bogʻlanayotgan gʻisht ishlab chiqarish qanday ahvolda? Hozir gʻisht chiqaradigan bir liniya ishlamoqda. Bu liniyani zavod injener-texnik xodimlari oʻz kuchlari bilan baholi qudrat rekonstruksiya qilishgan. Korxona ma’muriyatining yana bir shunday liniya qurishga yordam berish haqidagi iltimosiga ministrlikdagi oʻrtoqlar quloq solmayaptilar.

Noqulay vaziyat tufayli bu yerda ishlab chiqarish maromi buzilmoqda. Mahsulot hajmi oy sayin kamayib boryapti.

$$Respublika Melioratsiya va suv xoʻjaligi ministrligi$$ ana shu tashvishli holni bartaraf etish yuzasidan shoshilinch choralar koʻrishi zarur, deb oʻylaymiz.

Total words

309

Unique words

268

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

4

TTR

0.867

Hapax

240

Distribution

Top frequency chart

Dataset