🔍

Article

DAVLAT BYUDJETI: DAROMAD VA XARAJATLAR MUVOZANATINI TA’MINLASHGA IMKONIYATLAR YETARLI

By Suhbatdosh Aziz NORQULOV («Xalq so‘zi»). • in 2025

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida "2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonun ma’qullandi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: xo‘sh, asosiy maqsad va yo‘nalishlar nimalardan iborat? Mahalliy byudjetni mustahkamlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Soliqlar va soliqqa tortish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish yo‘nalishida qanday o‘zgarishlar qilish rejalashtirilmoqda?

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi [Erkin GADOYEV] bilan suhbatlashdik.

- [Erkin Fayziyevich], suhbatimizni "2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonun, uning qamrovi va bu boradagi vazifalardan boshlasak.

— Prezidentimiz [Shavkat Mirziyoyev] tomonidan o‘tgan davrdagi iqtisodiy islohotlar natijalari va kelgusi davr uchun mo‘ljallangan islohotlar sharoitida yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilda 200 milliard dollarga olib chiqish vazifasi ilgari surildi. Ushbu maqsadga erishish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 2024-2025-yillarda 6 foiz, 2026-yilda 6,1 foiz va 2027-yilda 6,3 foiz darajasida ta’minlash belgilangan.

2025-yili iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror o‘sishni ta’minlashimiz uchun sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi — 6,1; qurilish ishlari - 14,2; qishloq xo‘jaligi — 4,1; bozor xizmatlari 14,5 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2025 yilda 3250 dollardan oshirilishi rejalashtirilgan.

Barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida shu yil va kelgusi yillarda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini 3 foizdan oshirmaslik, inflyatsiya darajasini 7-8 foiz darajasida ta’minlash hamda 2027-yilda 5 foiz darajaga tushirish mo‘ljallangan.

— Raqamlar salmoqli natijalardan darak beryapti. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda qanday imkoniyatlar mavjud?

— 2025-yilga mo‘ljallangan dasturiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda sanoat- ning energetika, neft va gaz, metallurgiya kabi yirik tarmoq korxonalari va transport korxonalarida samaradorlikni oshirish hamda xarajatlarni pasaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish asosiy vazifa hisoblanadi. "Tejamkorlik va barqarorlik" tamoyili asosida Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasida ham davlat korxonalarining transformatsiya qilinishi natijasida ularning xarajatlari 10 - 20 foizga nazarda tutilgan.

2025-yilda "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida umumiy quvvati 3,5 gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyasini ishga tushirish, umumiy quvvati 160 megavattli yirik gidroelektrostansiyalarni barpo etish orqali jami elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushni 26 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Keyingi yillarda xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi sezilarli darajada oshmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra yalpi ichki mahsulot o‘sishining 45 50 foizi xizmatlar sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sishidagi o‘rnini hisobga olib jamoat transporti infratuzilmasini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan. Umuman olganda, iqtisodiyotning barcha tarmog‘ini hamda hududlarni rivojlantirish borasidagi dasturlarning amalga oshirilishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozining bajarilishini ta’minlashga asos bo‘ladi.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, 2025-yil uchun soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda keyingi yillardagi barqaror o‘sish sur’atlari asosida 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti shakllantirilgan.

— “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonunda qanday asosiy yo‘nalishlar belgilangan?

— Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqib 2025-yil uchun soliq siyosatida muhim o‘zgarishlar belgilanib, asosiy soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12, ijtimoiy soliq 12, aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida saqlanib qolingan.

Mahalliy ishlab chiqariladigan tabiiy gaz iste’moli uchun aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirilib, mahalliy va import qilinadigan tabiiy gaz uchun bir xil tarzda belgilanmoqda.

Import va mahalliy ishlab chiqarilgan gazga bir xilda soliq stavkalari belgilanishi mahalliy tabiiy gaz ishlab chiqarish va yetkazib berish xizmatlariga soliq yukini pasaytirish imkonini beradi.

— Soliqlar va soliqqa tortish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish yo‘nalishidagi o‘zgarishlar nimalardan iborat?

— Soliqlar va soliqqa tortish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish yo‘nalishida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilangan.

Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq aksiz solig‘i stavkalari mahalliy va import qilinadigan mahsulotlar uchun bir xil bo‘lishi lozimligidan kelib chiqib 2025-yil 1-yanvardan sigaretalar uchun aksiz solig‘i stavkasining advalor qismi bekor qilinmoqda hamda mahalliy mahsulotning ming donasiga 300 ming so‘m (amalda 251 ming so‘m), import uchun esa 330 ming so‘m (amalda 320 ming so‘m) belgilandi.

Shu yil 1-iyuldan boshlab esa stavkalar tenglashtirilgan holda sigaretlarning har ming donasi uchun 340 ming so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilgan. 2025-yil 1-yanvardan aroq, konyak va tarkibida spirt hajmi yuqori bo‘lgan boshqa alkogol mahalliy va import mahsulotlariga aksiz soliqlari o‘rtasidagi farq 1,7 martagacha qisqartirish belgilangan (amalda oradagi farq 2,7 marta).

Byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlash va Jahon savdo tashkilotining "Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risida"gi Bitimiga asosan tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi.

— Mahalliy byudjetni mustahkamlash masalasi bot-bot ta’kidlanyapti. Bu borada qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan?

Mahalliy byudjetlar daromadini oshirishga qaratilgan tadbirlar doirasida soliq bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakolatlarini kengaytirish maqsadida 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga tuman hamda shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkalari miqdorini eng kam va eng yuqori stavkalaridan kelib chiqib belgilash vakolati berildi.

Tuman (shahar)lar mahalliy Kengashlariga suv solig‘i stavkasiga 0,7 gacha kamaytiruvchi va 1,5 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash va noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qat’iy stavkasini 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent ko‘llash vakolati berildi.

2025-yil uchun soliq-byudjet siyosatida ko‘zda tutilayotgan o‘zgarishlar hamda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Davlat byudjeti daromadlari prognozi 308,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19 foiz miqdorida belgilangan.

Davlat byudjeti xarajatlari bo‘yicha 2025-yil uchun qariyb 345 trln. so‘mlik xarajatlar prognozi belgilangan bo‘lib, byudjet xarajatlarining 52 foizi yoki 178 trln. so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.

Ish haqi, ijtimoiy nafaqalar va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun 179 trln. so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Ta’lim sohasiga 84 trln. so‘m yoki o‘tgan yilgi ijroga nisbatan 13 trln. so‘m ko‘p mablag‘ rejalashtirilgan. Bunda umumiy ta’limga 54 trln. so‘m yoki 2024-yildagidan 22 foiz ko‘p mablag‘ ko‘zda tutilgan. 2025-yil yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari uchun jami 10 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trln. so‘m yoki 2024-yildagiga nisbatan 20 foiz atrofida ko‘p mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib "2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonunda kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush farovonligini oshirish bilan bog‘liq tadbirlarga 47 trln. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

2025-yil Davlat byudjetida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3 trln. 480 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shundan o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasini ta’minlash tadbirlariga 338 mlrd. so‘m, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish va ushbu yo‘nalishda obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnikasini mustahkamlash uchun 170 mlrd. so‘m, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar xarid qilish, sug‘orish tizimini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 100 mlrd. so‘m yo‘naltiriladi.

Issiqlik ta’minoti korxonalari uchun aholiga tariflarni past narxlarda ushlab turish natijasida ko‘rilgan zararni qoplash uchun byudjetdan 4 trln. 846 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan tuman va shaharlar byudjetlari daromadlar bazasini mustahkamlash, ular mustaqilligini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida aylanmadan olinadigan soliq, yer va mol-mulk soliqlari to‘liqligicha, yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlardan tashqari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi tuman va shaharlar byudjetlarining o‘zida qoldirilishi belgilangan.

Davlat mulkini xususiylashtirish- dan mahalliy byudjetlarga tushadigan tushumlarning 50 foizi tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlarida qoldiriladi hamda davlat mulkini ijaraga berishdan tushumlar tuman va shaharlar mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladi.

Ko‘rinib turibdiki, 2025-yil uchun belgilanayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining bajarilishini ta’minlashda barcha imkoniyat va resurslar mavjud.

Total words

1,172

Unique words

617

Annotated anthroponyms

3

Toponyms

0

TTR

0.526

Hapax

415

Distribution

Top frequency chart

Dataset