Avtomobilsozlik O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu nafaqat yalpi ichki mahsulotga salmoqli hissa qo‘shish, balki ish o‘rinlari yaratish, turdosh tarmoqlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va ichki talabni rag‘batlantirish imkonini beradi. Mamlakat uchun avtomobilsozlik iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va texnologik mustaqillikni mustahkamlashning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi.
Aholi uchun ham avtomobilsozlik muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, kundalik hayot va mehnat uchun transportning zaruriy darajasini ta’minlaydi. Mahalliy avtomobillarning mavjudligi ko‘proq variantlarni tanlash imkonini beradi.
So‘nggi yillarda erishilgan muvaffaqiyatlarga qaramay, O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati mavqeini yana-da mustahkamlash borasida oldimizda salmoqli ishlar turibdi. Innovatsiyalarga sarmoya kiritish, mahsulot sifatini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash nafaqat iqtisodiy, balki har tomonlama o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlaridir. Avtosanoatning rivojlanishi turdosh tarmoqlar, jumladan, metallurgiya, kimyo, elektronika va logistika sohalarining yuksalishiga yordam beradi, bu esa umumiy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaydi.
Mahsulot sifati yaxshilandi
O‘tgan yilda mamlakatimiz avtomobil sanoati ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishini ko‘rsatib, ijobiy dinamikani namoyish etdi. Yangi ishlab chiqarish liniyalarining ishga tushirilishi, mavjud korxonalarning modernizatsiyalanishi
mahsulotlar sifati va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy va ekologik toza avtomobil modellarini ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratildi. 2024-yilda O‘zbekiston avtomobilsozlik sohasi oldinga muhim qadam tashladi, ammo muvaffaqiyatlarni mustahkamlash va yangi cho‘qqilarni egallash uchun innovatsiyalar, infratuzilmani takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritishni davom ettirish zarur.
Mamlakat aholisi uchun avtomobilsozlik sohasi qulay narxlarda sifatli transport vositalaridan foydalanishni ta’minlaydi, harakatchanlik va turmush darajasini oshiradi. Avtomobil eksporti davlatning ishonchli savdo sherigi sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga, an’anaviy xomashyo tarmoqlariga qaramlikni kamaytirishga ko‘maklashadi. O‘tgan yil davomida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishni o‘zida jam lagan holda soha faol rivojlandi. Ushbu sa’y-harakatlar sezilarli natijalar berdi, bu ham iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, ham mahsulot sifatining yaxshilanishida o‘z ifodasini topmoqda. 2024-yil yakuni bo‘yicha 73 trln. so‘mlik mahsulot, jumladan, 430 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu — 2016-yildagiga nisbatan o‘sish 4,8 barobarni tashkil etganini anglatadi. Eksport 571 mln. dollarga (2016 yildagiga nisbatan o‘sish — 11,3 barobar) yetgan bo‘lsa, avtomobilsozlik sohasining sanoatdagi ulushi 11 foizdan ortdi. Davlat byudjetiga 9 trln. so‘mdan ko‘proq soliq va boshqa to‘lovlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda avtomobillar parki 4,3 mln. donaga yetkazildi. (2016 yildagiga nisbatan o‘sish — 2,1 barobar), 1 ming kishiga avto- mobillar soni 117 tani tashkil etdi (2016 yildagiga nisbatan o‘sish - 1,8 karra).
Elektromobil va gibrid avtomobil ishlab chiqarish loyihasi
Jahonda sotilgan yangi avtomobillarning umumiy hajmida elektromobillarning ulushi besh yildan keyin 33 foizga, 2035-yilga borib esa 54 foizga ortadi. Lekin dunyoda elektromobillar ishlab chiqarishning jadal rivojlanib borishi bu kabi muddat va ko‘rsatkichlarga undan oldinroq erishilishidan ham dalolat bermoqda. Chunki o‘tgan yilning o‘zida, bunday mashinalar ulushi avtomobil bozorida 2 barobarga o‘sgan. 2022 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiya- sida "yashil" iqtisodiyotga har o‘tish, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yi cha ham maqsadlar belgilangan. Gap shundaki, bugungi kunda jahondagi singari yurtimizda ham muqobil energiyada harakatlanuvchi avtomobillarga ehtiyoj oshib bormoqda. Ushbu transport turi toza energiya yordamida harakatlanadi, uglerod chiqindilarini chiqarmaydi va atrof-muhitni ifloslantirmaydi. Elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 13 baravarga kam bo‘lgani holda, 3 baravar kam "issiqxona gazlari"ni ajratib chiqaradi. O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil martdagi "O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish" investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida"gi qarori ham bejiz qabul qilingani yo‘q. Unga muvofiq, loyihani amalga oshirish davrida umumiy qiymati 160 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya, shu jumladan, 60 mln. AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi. Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha ko‘paytirish, ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasini 60 foizga- cha yetkazish, mahalliy aholi uchun 10 mingta yangi ish o‘rnini yaratish, elektromobil va gibrid avtomobillarning doimiy ravishda eksportga chiqariladigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish; sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash hamda kafolatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha iste’molchilarning manfaatlarini himoyalash choralarini ishlab chiqish; avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan, investorga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shart hamda sharoitlarni yaratish qarorda ko‘rsatib o‘tilgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Xitoyning "BYD" kompaniyasi hamkorligida Jizzaxdagi yangi zavodda "Chazor" va "Song Plus Champion" modellarini ishlab chiqarish boshlandi. Loyiha doirasida 60 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish, 1 200 ta ish o‘rni hamda respublika bo‘ylab 21 ta dilerlik va servis markazi yaratish ko‘zda tutilgan. Zavodda avtomobil kuzovlarini payvandlash, bo‘yash va yig‘ish uchun yuqori texnologiyali uskunalar o‘rnatildi va MDHda yagona bo‘lgan laboratoriya ochildi. Ushbu korxonaning joriy quvvati 50 ming dona avtomobilni tashkil qilib, uning quvvatini uch bosqichda 500 ming dona avtomobilga yetkazish rejalashtirilgan. "BYD" avtomobillarining butlovchi qismlarini mahalliylashtirish orqali 2025-yilda elektromobillar xarajatlarini kamaytirish mumkin.
Bu choralar O‘zbekistonni elektromobillar ishlab chiqarishda mintaqaviy yetakchiga aylantiradi. Bu, o‘z navbatida, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish imkonini yaratadi. 2025-yildan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "BYD" avtomobillarini Markaziy ^^Osiyo^^ va qo‘shni davlatlarga, jumladan, Qozog‘istonga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumki, "BYD" avtokonserni elektromobillar sohasida yetakchi hisoblanadi. U yangi energiya manbalaridan foydalangan holda, yengil avtomobillar, krossoverlar, tijorat avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradi. 2024-yil yakunlari bo‘yicha kompaniya 4 mln. 272 mingdan ziyod elektromobillar sotgan. Bu unga AQSHning "Tesla" kompaniyasini ham ortda qoldirib, elektromobillar savdosi bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanish imkonini berdi.
Mamlakatimiz elektromobillarni ommaviylashtirish va ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bir necha rag‘batlantiruvchi jihatlarga ega. Elektr energiyasi narxining pastligi, iliq va issiq iqlim (batareyalar kam quvvat yo‘qotadi) hamda qo‘shni davlatlarda bunday ishlab chiqarishlarning mavjud emasligi shular sirasiga kiradi. "O‘zavtosanoat" AJ bunday ulkan loyihani amalga oshirishi natijasida "BYD" avtomobillari- ning to‘liq siklli (CKD: shtamplash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish) ishlab chiqarishini tashkil etishga erishadi.
E’tiborli jihati, "BYD" uchun bu aslida chet elda ishlab chiqarishni kengaytirishning birinchi tajribasi, shuning uchun xitoylik- lar unga alohida e’tibor qaratyapti. Bundan tashqari, kelishuv shartlari mahsulotlarni mahalliylashtirish dasturini o‘z ichiga oladi. Keyingi bosqichlarda dvigatellar, elektrodvigatellar, shuningdek, batareyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Elektromobillarning oddiy avtomobildan ustun tomoni, bu — foydalanish xarajatlarining kamligi. 100 km. yo‘l uchun elektromobil (13 kVtsoat) uy sharoitida o‘rtacha 3900 so‘mlik, ko‘chada 32500 so‘mlik zaryad olsa, shu masofaga yonilg‘i- li dvigatelda harakatlanuvchi avtomobil 64 ming so‘mlik yonilg‘i ishlatadi, ya’ni 16 baravar ko‘proq. Agar xaridor bir yilda 20 ming km. masofa yuradigan bo‘lsa, 10 - 12 mln. so‘m atrofida mablag‘ iqtisod qiladi. Qolaversa, elektromobillarda servis xarajati 30 foizga (moy, filtr, sham yo‘q) kam. Elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish davriyligi 20 ming km. atrofida bo‘lsa, oddiy avtomobillarga har 5 - 7 ming kilometrda texnik xizmat ko‘rsatilishi lozim bo‘ladi.
Investitsiyalar va mahalliylashtirish
2024-yilda "O‘zavtosanoat" AJ tizim korxonalarining investitsiya loyihalari doirasida 243 mln. dollar investitsiyalar, shu jumladan, 188 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
21 ta mahalliylashtirish loyihasi doirasida 17,4 trln. so‘mlik mahalliy mahsulot ishlab chiqarildi hamda 453,1 mln. dollarlik importni qisqartirishga erishildi. 181 dona avtomobil detallari- ni mahalliylashtirish hisobiga 602 mlrd. so‘mlik ishlab chiqarish xarajatlari qisqartirildi. Jumladan, tarmoqlararo kooperatsiya va shatakka olish mexanizmi orqali tarmoq korxonalari tomonidan "Damas" va "Treker" modellari uchun shinalar, "Treker" va "Oniks" modellari uchun tom reytinglari, uskunalar paneli, g‘ildiraklar, yoritish chiroqlari, o‘rindiq matolari va sun’iy charm qoplamalari yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘tgan yilda tarmoqda 2 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jami tarmoqda ish bilan band bo‘lganlar soni 39 ming nafarni tashkil etdi (2016-yildagiga nisbatan o‘sish- 1,6 barobar).
2024-yil avtomobilsozlik iqtisodiyotimizning drayver sohalari- dan biriga aylandi. Avtomobilsozlikda amalga oshirilayotgan islohotlar hisobiga investitsiyalarni jalb etish, sohani modernizatsiyalash, yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish, ularni kengaytirish, eng asosiysi, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish imkoniyati yaratilmoqda.