Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 20-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 30-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi temir yoʻl transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bagaj — yoʻlovchiga tegishli boʻlgan, bagaj vagonida tashish uchun yoʻl hujjati (chipta) boʻyicha qabul qilinadigan buyumlar;
vagonlar (konteynerlar) operatori — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda vagonlarga (konteynerlarga) egalik qiladigan, temir yoʻl transportining tashuvchisi bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish orqali tashish jarayonida ishtirok etadigan va tashish hujjatlarida koʻrsatilgan yuridik shaxs;
yoʻlovchi — yoʻl hujjatiga ega boʻlgan, poyezdda safarni amalga oshirayotgan yoki temir yoʻl vokzali (stansiyasi) yoxud yoʻlovchilar platformasi hududida bevosita safarga ketishdan avval yoki bevosita safardan keyin turgan jismoniy shaxs;
yoʻl hujjati (chipta) — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi tashish hujjati;
tashuvchi — temir yoʻl transportida ichki hamda xalqaro qatnovlarda yoʻlovchilarni va yuklarni tashish faoliyati boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan, temir yoʻl transportida tashish shartnomasi boʻyicha yoʻlovchini, yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) tomonidan oʻziga ishonib topshirilgan bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish punktidan moʻljallangan punktga yetkazish, shuningdek bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yukni oluvchiga (oluvchiga) berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan yuridik shaxs;
tashish jarayoni — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi, vagonlar (konteynerlar) operatori, infratuzilma operatori tomonidan yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashishga tayyorgarlik koʻrishda, ushbu tashishni amalga oshirishda va yakunlashda bajariladigan, tashkiliy va texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq boʻlgan harakatlar va operatsiyalar majmui;
tashish hujjati — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlaydigan yoʻl hujjati (chipta), bagaj kvitansiyasi, temir yoʻl transporti yuk xati, elektron axborot tashuvchi karta yoki boshqa axborot tashuvchi tarzidagi hujjat;
temir yoʻl stansiyasi — poyezdlarni qabul qilish, joʻnatish, kesishtirish va quvib oʻtish operatsiyalarini, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish, berish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish operatsiyalarini, poyezdlarni tarqatish va tuzish boʻyicha manyovr ishlarini hamda poyezdlar bilan texnik operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan, asosiy temir yoʻllardan tashqari temir yoʻllarning qoʻshimcha guruhlariga ega boʻlgan alohida punkt;
temir yoʻl transporti — umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transportidan iborat boʻlgan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning temir yoʻllar boʻylab tashishlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun moʻljallangan transport turi;
temir yoʻl transporti infratuzilmasi — texnologik majmua boʻlib, u ushbu majmua faoliyatini taʼminlovchi temir yoʻllarni, temir yoʻl stansiyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, aloqa tarmoqlarini, signalizatsiya, markazlashtirish va bloklash tizimlarini, axborot majmualarini, harakatni boshqarish tizimini, binolar, inshootlar, qurilmalar, jihozlar va uskunalarni oʻz ichiga oladi;
temir yoʻl transporti obyekti — foydalanishda boʻlgan temir yoʻl transporti infratuzilmasi va uning tarkibiy qismlari, vokzallar, harakatdagi tarkib, umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transporti;
umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar — yukni joʻnatuvchilarga (joʻnatuvchilarga) va yukni oluvchilarga (oluvchilarga) shartnoma shartlari asosida xizmat koʻrsatish yoki egalik qiluvchining oʻz ehtiyojlari uchun texnologik ishlarni bajarishga moʻljallangan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga bevosita yoki boshqa temir yoʻl shoxobcha yoʻllari orqali tutashadigan shoxobcha temir yoʻllar, shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga tutashmaydigan temir yoʻllar;
umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transporti — yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan, harakatdagi temir yoʻl tarkibini va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarini oʻz ichiga olgan, shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash, shuningdek umumiy foydalanishda boʻlmagan joylardagi shaxsiy ehtiyojlar uchun moʻljallangan ishlab chiqarish-texnologik komplekslar majmui;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotga va uning boʻlinmalariga tegishli boʻlgan, poyezdlarni oʻtkazish, qabul qilish va joʻnatish, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish hamda berish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tegishli operatsiyalarni, manyovr ishlarini bajarish uchun ochiq boʻlgan, ajratilgan mintaqa doirasida peregonlar, temir yoʻl stansiyalari, razyezdlar, quvib oʻtish punktlari joylashgan temir yoʻllar;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti — temir yoʻl transporti infratuzilmasini, harakatdagi temir yoʻl tarkibini, boshqa mol-mulkni oʻz ichiga olgan hamda ommaviy shartnomalar asosida yuridik va jismoniy shaxslarning tashishlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun moʻljallangan yagona ishlab chiqarish-texnologik majmua;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining operatori (bundan buyon matnda infratuzilma operatori deb yuritiladi) — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotga tegishli boʻlgan, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarning va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi boshqa obyektlarining foydalanilishini, joriy saqlanishini va modernizatsiyasini, qurilishini amalga oshiradigan, shuningdek infratuzilmadan foydalanish xizmatlarini, shu jumladan harakatdagi tarkibni oʻtkazish va olib oʻtish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatadigan yuridik shaxs;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotning asosiy faoliyati bevosita tashish jarayoniga tayyorgarlik koʻrish va tashishni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan tarkibiy boʻlinmalari va shoʻba xoʻjalik jamiyatlari;
yuk — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi tomonidan temir yoʻlda tashish uchun qabul qilingan, oʻz vaqtida yetkazib berilishi hamda but saqlanishi uchun ushbu korxona va tashuvchi javobgar boʻlgan obyekt;
yuk bagaji — yoʻlovchilar poyezdlarida va pochta-bagaj poyezdlarida tashiladigan [temir] yoʻl tashish obyekti;
yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) — oʻz nomidan yoxud yukning yoki yuk bagajining egasi nomidan ish yuritadigan va tashish hujjatlarida koʻrsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yukni oluvchi (oluvchi) — yukni yoki yuk bagajini olish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
qoʻl yuki — yoʻlovchining vazn va oʻlchovlar boʻyicha cheklovlar mavjud boʻlgan, u oʻzi bilan yoʻlovchilar vagonida toʻlovsiz olib yuradigan shaxsiy buyumlari;
harakatdagi [temir] yoʻl tarkibi (bundan buyon matnda harakatdagi tarkib deb yuritiladi) — lokomotivlar, tortish lokomotivining yuk, bagaj, yoʻlovchi tashish vagonlari va motorvagonli harakatdagi tarkib, shuningdek tashishlarning amalga oshirilishini va temir yoʻl transportining faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun moʻljallangan boshqa transport vositalari.
4-modda. [Temir] yoʻl transportiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari
[Temir] yoʻl transportiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
xavfsizlik;
ochiqlik va shaffoflik;
barqarorlik;
ekologik jihatdan tozalik;
[temir] yoʻl transporti xizmatlarining qulayligi va sifati;
[temir] yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanishdagi tenglik;
[temir] yoʻl transporti infratuzilmasining yaxlitligi va uzluksiz ishlashi.
2-bob. [Temir] yoʻl transporti sohasini davlat tomonidan tartibga solish
5-modda. [Temir] yoʻl transporti sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
[Temir] yoʻl transporti sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
[temir] yoʻlda yoʻlovchilarni va yuklarni tashish xavfsizligini taʼminlash;
[temir] yoʻl transporti obyektlarini qurish va ulardan foydalanishda tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikka rioya etish;
[temir] yoʻl transporti sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
[temir] yoʻl transportining erkin bozor munosabatlari asosida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va tarmoqdagi xususiy sektor ulushini oshirish;
[temir] yoʻl transportida raqobatni hamda u bilan bogʻliq ishlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
[temir] yoʻl transportining safarbarlik shayligini saqlab turish;
[temir] yoʻl transportini rivojlantirish strategiyasini belgilash;
[temir] yoʻl transporti sohasida faoliyatni amalga oshirishi uchun tadbirkorlik subyektlariga teng shart-sharoitlar yaratish;
temir yoʻl tarmogʻini qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb etish;
[temir] yoʻl transportiga oid ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida temir yoʻl tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish;
temir yoʻl transporti sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda taʼlimning zamonaviy innovatsion usullari va standartlarini tizimli ravishda joriy etish.
6-modda. [Temir] yoʻl transporti sohasini davlat tomonidan tartibga solish usullari
[Temir] yoʻl transporti sohasini davlat tomonidan tartibga solish litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini qoʻllash, texnik jihatdan tartibga solish, tarif siyosati, temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlash, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa usullarni qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari temir yoʻl transporti xodimlarining tashish jarayoni bilan bogʻliq faoliyatiga aralashishga hamda ularni boshqa ishlarga jalb etishga haqli emas, bundan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan, favqulodda holat joriy etilgan hollar mustasno.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining temir yoʻl transporti sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
temir yoʻl transporti sohasidagi barqaror rivojlanish strategiyasini belgilaydi;
chet el hukumat moliya tashkilotlarining va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan davlat kafolati ostida bajariladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari dasturini tasdiqlaydi;
davlat tomonidan tartibga solinadigan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish tartibini tasdiqlaydi;
davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar boʻyicha yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatishdan koʻrilgan zararlarni Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlaydi;
[temir] yoʻl transporti sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini belgilaydi;
tashish jarayoni ishtirokchilarining, [temir] yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari, majburiyatlari va masʼuliyatini nazarda tutuvchi [Temir] yoʻl transporti ustavini tasdiqlaydi;
temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarni tasdiqlaydi;
[temir] yoʻl vokzallaridagi (stansiyalaridagi) yoʻlovchilarning va tashrif buyuruvchilarning qoʻl yukini va bagajini tekshirish, ularning [temir] yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi tartibini tasdiqlaydi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlaydi;
[temir] yoʻl transporti sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining [temir] yoʻl transporti sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
temir yoʻl transporti sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
temir yoʻl transporti sohasini rivojlantirish, texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish dasturlarini tasdiqlaydi;
foydalanuvchilarining manfaatlarini inobatga olgan holda, temir yoʻl transporti sohasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini va boshqa dasturlarni, konsepsiyalarni va strategiyalarni, kompleks yechimlarni ishlab chiqadi, kelishadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
[temir] yoʻlda tashishlar xavfsizligini taʼminlash choralarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
[temir] yoʻl transporti sohasida oʻz vakolatlari doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
vagonlar (konteynerlar) operatorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona reyestrini yuritadi;
[temir] yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalarini tasdiqlaydi;
[temir] yoʻl transportidan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini tasdiqlaydi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan temir yoʻl transporti tariflari boʻyicha takliflar kiritadi;
[temir] yoʻl transporti sohasidagi litsenziyalashni, ruxsat berish tartib-taomillarini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
[temir] yoʻl transportida xavfsizlik talablariga, yongʻinga va ekologiyaga oid xavfsizlik talablariga rioya etish masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish hamda oʻtkazishda ishtirok etadi;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, favqulodda holat joriy etilganda, [temir] yoʻl transportida harakatlanish va tashishlar xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalarda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy boʻlinmalari hamda xoʻjalik birlashmalari ishini muvofiqlashtiradi, mazkur favqulodda vaziyatlarni, hodisalarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi, jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi;
shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq [temir] yoʻl transportining muhofaza zonalariga doir talablarga rioya etilishini, shuningdek temir yoʻl transportining muhofaza zonalarida umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotning roziligisiz yer uchastkalari ajratilishiga va ularning ijaraga berilishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. [Temir] yoʻl transporti sohasidagi davlat nazorati organining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi hamda uning hududiy boʻlinmalari [temir] yoʻl transporti sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlardir (bundan buyon matnda davlat nazorati organi deb yuritiladi).
Davlat nazorati organi:
umumiy foydalanishdagi hamda umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarda ushbu Qonunning hamda temir yoʻl transporti sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining yoʻlovchilarni va yuklarni tashish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha talablariga [temir] yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
[temir] yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini, yuklarni tashish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi;
korxonalar va tashkilotlarda[ temir] yoʻl mahsulotini taʼmirlashning barcha turlarini amalga oshirishda texnologik jarayonlarga rioya etilishini texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq nazorat qiladi;
harakatdagi tarkibni va [temir] yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish orqali ularning hisobga olinishini hamda Harakat tarkibining va [temir] yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarining yagona reyestri yuritilishini, shuningdek harakatdagi tarkibni boshqarish huquqiga doir guvohnomalar berilishini amalga oshiradi;
[temir] yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarini qabul qilib olishda ishtirok etadi;
[temir] yoʻl transportida harakatlanish va tashishlar xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalar boʻyicha xizmat tekshiruvlarini tashkil etadi hamda amalga oshiradi.
Davlat nazorati organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotning vakolatlari
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotdir (bundan buyon matnda vakolatli tashkilot deb yuritiladi).
Vakolatli tashkilot:
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportini rivojlantirishning umumiy yoʻnalishlarini belgilaydi hamda umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti infratuzilmasi operatorining, korxonalarining, tashuvchilarining va oʻzi bilan affillangan boshqa yuridik shaxslarning faoliyati yoʻnalishlari muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining barqaror va samarali ishlashini, tashishlar xavfsizligini taʼminlaydi, koʻrsatilayotgan transport xizmatlarining sifatini oshiradi;
keng jamoatchilik va temir yoʻl transportidan foydalanuvchilar oʻrtasida temir yoʻl transportidan xavfsiz foydalanish, yongʻinga va ekologiyaga oid xavfsizlik talablariga rioya etish masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
moddiy-texnika bazasini mustahkamlaydi, [temir] yoʻllar tarmogʻini yanada rivojlantirishga hamda ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga koʻmaklashadi, ilgʻor texnologiyalarni va menejmentning zamonaviy usullarini keng joriy etadi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportini modernizatsiya qilish, takomillashtirish va rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etadi;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, favqulodda holat joriy etilganda, shuningdek harbiy holat joriy etilganda, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davrda temir yoʻl transporti sohasida safarbarlik tayyorgarligi va fuqaro muhofazasi boʻyicha tadbirlarning bajarilishini taʼminlaydi;
zarur boʻlganda, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning, favqulodda holat joriy etilishining shuningdek harbiy holat joriy etilishining oqibatlarini, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davrdagi oqibatlarni bartaraf etish uchun temir yoʻlning harakatdagi tarkibini, korxonalar va tashkilotlarning, vazirliklar va idoralarning boshqa texnikasini jalb etadi;
normativ-texnik talablarga muvofiq boʻlmagan harakatdagi tarkibni umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga qoʻymaydi;
normativ-texnik talablarga muvofiq boʻlmagan harakatdagi tarkibning umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarga chiqarilishiga yoʻl qoʻymaydi;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, favqulodda holat va harbiy holat joriy etilganda, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davrda harbiy tashishlarni [temir] yoʻl transportida tezkor (operativ) amalga oshirish uchun maxsus harbiy poyezdlarga ustuvorlik beradi;
tegishli davlat organlariga temir yoʻl transportida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi, favqulodda holat joriy etish zarurligi, transportga oid va boshqa hodisalar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabar beradi hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻradi;
[temir] yoʻl transporti sohasida hamda yuklarni va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasida oʻz vakolatlari doirasida xalqaro hamkorlikni tashkil etadi va taʼminlaydi.
Vakolatli tashkilot qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti infratuzilmasi
Tashuvchilar umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻllar boʻylab tashishlarni Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan foydalanishga doir ruxsat infratuzilma operatori tomonidan beriladi.
Infratuzilma operatori umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan kamsitishlarsiz foydalanilishini taʼminlashi va tashuvchilarga ushbu infratuzilmadan foydalanishda teng huquq berishi shart.
Infratuzilma operatorining tashuvchilarga yoki vagonlar (konteynerlar) operatorlariga nisbatan kamsituvchi harakatlari aniqlangan taqdirda, infratuzilma operatori bunday harakatlar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Infratuzilma operatori umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻllardan va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining boshqa obyektlaridan foydalanishni, ularning joriy taʼminotini va modernizatsiya qilinishini, qurilishini amalga oshiradi.
Umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanish va uning joriy taʼminoti umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanish xizmatlaridan olingan mablagʻlar hisobidan ustuvor tarzda moliyalashtiriladi.
3-bob. [Temir] yoʻl qatnovlarining turlari. Tashish. Yoʻlovchilarning, tashuvchilarning, vagonlar (konteynerlar) operatorining huquq va majburiyatlari
13-modda. [Temir] yoʻl qatnovlari va tashishlarning turlari
[Temir] yoʻl qatnovlari va tashishlar quyidagi turlarga boʻlinadi:
ichki qatnovlar — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi doirasida tashish;
xalqaro qatnovlar — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar oʻrtasida tashish;
toʻgʻridan-toʻgʻri aralash qatnovlar — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini butun harakatlanish yoʻli uchun rasmiylashtirilgan yagona tashish hujjati boʻyicha transportning har xil turlarida aralash tashish. Toʻgʻridan-toʻgʻri aralash qatnovlar ham ichki, ham xalqaro boʻlishi mumkin;
tranzit tashishlar — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali temir yoʻl transportida olib oʻtishni taʼminlaydigan tashish, agar bunday olib oʻtish joʻnatish va yetkazish punktlari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan yoʻlning faqat bir qismi boʻlsa, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida chet davlatlar hududi orqali amalga oshiriladigan tashishlar;
maxsus tashishlar — oʻta muhim davlat ehtiyojlari, shu jumladan mudofaa ehtiyojlari uchun maxsus turdagi yuklar transportda tashilishini taʼminlaydigan tashishlar.
14-modda. [Temir] yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari tashilishini tashkil etish
[Temir] yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi, infratuzilma operatori, vagonlar (konteynerlar) operatori, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasi, yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi), yukni oluvchi (oluvchi), ekspeditor (bundan buyon matnda tashish jarayoni ishtirokchilari deb yuritiladi) ushbu Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasining [temir] yoʻl transporti sohasidagi xalqaro shartnomalariga, [Temir] yoʻl transporti ustaviga, tashishlar qoidalariga, umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
Tashuvchi yoʻl haqini yoki bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining tashish haqini toʻlagan hamda tashish hujjatlarini toʻgʻri rasmiylashtirgan yoʻlovchiga, yuk joʻnatuvchiga (joʻnatuvchiga), yukni oluvchiga (oluvchiga), ekspeditorga tashishni rad etishga haqli emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashish jarayonining oʻz shaxsiy harakatdagi tarkibiga ega boʻlmagan ishtirokchilari shartnomaga asosan vagonlar (konteynerlar) operatori, infratuzilma operatori xizmatlaridan foydalanadi.
[Temir] yoʻl transportida yuklarni tashish yuk joʻnatuvchilarning buyurtmanomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Yuklarni tashish uchun buyurtmanomalarning shakllari, buyurtmanomalarni berish, bajarish va hisobga olish tartibi, shuningdek [temir] yoʻl transportida tashiladigan yuklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasining [temir] yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy yuklarini va shaxsiy tarkibini harbiy holat joriy etilganda, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davrda temir yoʻllarda tashish birinchi navbatda amalga oshiriladi.
15-modda. Yuklar tashilishini tashkil etish
Yuk tashish shartnomasiga muvofiq umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar uni tashish shartlariga rioya etgan holda yuk joʻnatuvchi tomonidan ularga ishonib topshirilgan yukni belgilangan [temir] yoʻl stansiyasiga oʻz vaqtida va but saqlangan holatda yetkazib berish hamda yukni oluvchiga topshirish, yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) esa yukni tashish uchun pul toʻlash va uning qabul qilinishini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Yukni [temir] yoʻl transportida tashish shartnomasi temir yoʻl transporti yuk xatini tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
Yuk tashish shartnomasi temir yoʻl transporti yuk xatiga (qogʻozda va elektron tashuvchilarda) joʻnatish stansiyasining kalendar muhri bosilgan holda yuk qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya yuk joʻnatuvchiga taqdim etilgan paytdan eʼtiboran tuzilgan hisoblanadi.
Yuk belgilangan manzilga yetib kelganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan paytdan eʼtiboran tashish shartnomasiga doir huquq va majburiyatlar yukni oluvchiga oʻtadi.
Yukni oluvchi yuk joʻnatuvchining notoʻgʻri xatti-harakatlari oqibatida tashuvchiga toʻlangan xarajatlar va zararlarning oʻrni qoplanishini yuk joʻnatuvchidan talab qilishga haqli.
16-modda. Temir yoʻl transporti yuk xati
Yuk joʻnatuvchi tashish uchun yuk taqdim etilganda tashuvchiga har bir joʻnatma uchun temir yoʻl transporti yuk xatini, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan zarur hollarda esa boshqa hujjatlarni (sertifikat, litsenziya, veterinariya sertifikatini, bojxona deklaratsiyalarini) ham taqdim etishi shart.
Temir yoʻl transporti yuk xatining va boshqa tashish hujjatlarining shakli, ularni rasmiylashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalari bilan belgilanadi.
Yuk joʻnatuvchi oʻzi tomonidan temir yoʻl transporti yuk xatiga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardir.
17-modda. Yuk tashish uchun haq
Yukni tashish uchun haq, agar yuk tashish shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuk joʻnatuvchi, ekspeditor tomonidan yukni joʻnatish paytiga qadar toʻlanadi. Yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, ekspeditor talabi bilan bajariladigan yuk tashish va topshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun toʻlov taraflarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuklarni tashish uchun haq yuklarni tashish amalga oshiriladigan eng qisqa masofa uchun hisob-kitobdan kelib chiqqan holda undiriladi.
Yirik gabaritli (nogabarit) va ogʻir vaznli yuklarni tashish amalga oshiriladigan eng qisqa masofani aniqlash umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarning bunday yuklarni tashish uchun texnik imkoniyatlarini va oʻtkazuvchanlik qobiliyatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi yuk tashish uchun haqni va toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni taʼminlash maqsadida tashish uchun ularga berilgan yuklarni ushlab qolish huquqiga ega.
Yuk joʻnatuvchining, yukni oluvchining, ekspeditorning tashish uchun qarzi mavjud boʻlganda, shuningdek toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi keyinchalik qarz toʻlanguniga qadar tashish shartnomasini tuzishni rad etishi mumkin.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirishda aybdor boʻlgan taraf (yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, ekspeditor) temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga vagonlar va konteynerlardan foydalanganlik uchun butun kechiktirilgan vaqt uchun haq toʻlaydi.
18-modda. Yuklarni yetkazib berish muddatlari
Tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalariga muvofiq yuk tashish shartnomasida belgilangan muddatda yukni belgilangan temir yoʻl stansiyasiga yetkazib berishi shart.
Agar yetkazib berish muddati tugashiga qadar yuk belgilangan manzilga yetkazib berilgan va yukni oluvchiga topshirilgan yoki qabul qilish-topshirish (qoʻyib berish) yoʻllariga keltirilgan boʻlsa, yuk muddatida yetkazib berilgan hisoblanadi.
Agar yukni qabul qilish-topshirish (qoʻyib berish) yoʻllariga yetkazib berish yuk joʻnatuvchining, yukni oluvchining, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasining aybi bilan kechiktirilgan boʻlsa (yuk tushirish frontining bandligi, yuk tashish shartnomasiga muvofiq yuklarni tashish uchun haq va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlar toʻlanmaganligi), yuk muddatida yetkazib berilgan hisoblanadi.
19-modda. Vagonlardan, konteynerlardan foydalanganlik va umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda harakatdagi tarkib bekor ushlab turilganligi (toʻxtab turganligi, kechiktirilganligi) uchun haq
Vagonlardan, konteynerlardan foydalanganlik va umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda harakatdagi tarkib bekor ushlab turilganligi (toʻxtab turganligi, kechiktirilganligi) uchun haq umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl egasi tomonidan:
vagonlar, konteynerlar yuk ortish (tushirish) va manyovr ishlarini amalga oshirish uchun yuk joʻnatuvchilarda, yukni oluvchilarda va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl egalarida boʻlgan butun vaqt uchun;
yuk joʻnatuvchilarning, yukni oluvchilarning, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egalarining aybi bilan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda harakatdagi tarkibning bekor ushlab turilganligi (toʻxtab turganligi, kechiktirilganligi) vaqti uchun toʻlanadi.
Haq miqdorlari qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
20-modda. Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaji tashilishini tashkil etish
Yoʻlovchi tashish shartnomasiga koʻra umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi yoʻlovchini yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan unga poyezdda joy bergan holda, belgilangan manzilga yetkazish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi, yoʻlovchi esa yoʻl haqini toʻlashi shart.
Bagajni, yuk bagajini tashish shartnomasiga koʻra umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi bagajni, yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazib berishi, yoʻlovchi (joʻnatuvchi) esa uni tashish uchun haq toʻlashi shart.
Yoʻlovchi tashish shartnomasi yoʻl hujjati (chipta), bagaj tashish shartnomasi bagaj kvitansiyasi, yuk bagajini tashish shartnomasi esa yuk bagaji kvitansiyasi bilan rasmiylashtiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi yoʻl hujjati (chipta) yoʻlovchi tomonidan koʻrsatilgan belgilangan stansiyagacha sotilishini taʼminlashi shart. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish kassalari, elektron terminallar va Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti orqali yoʻl hujjatlari (chiptalar) sotilishini tashkil etishi mumkin.
Yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan yoʻlovchiga joy bermagan yoki tashishni davom ettirishni rad etgan, shuningdek bagaj va yuk bagaji kvitansiyasiga koʻra bagajni va yuk bagajini koʻrsatilgan belgilangan joyga yetkazib bermagan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi oʻz hisobidan yoʻlovchini, bagajni, yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazishi yoki shartnomaning lozim darajada bajarilmaganligi sababli yoʻlovchiga (joʻnatuvchiga) yetkazilgan barcha zararlarning oʻrnini unga qoplashi shart.
Yoʻlovchilar poyezdlarning joʻnash va kelish vaqti, yoʻl haqining, bagajni, yuk bagajini tashish haqining qiymati, yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish boʻyicha temir yoʻl kassalarining, vokzal xonalarida joylashgan saqlash kameralarining ish vaqti, yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida va ishonchli axborot bilan, shuningdek umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti korxonalarining ishi toʻgʻrisidagi boshqa zarur axborot bilan taʼminlanishi kerak.
Yoʻlovchilarning va [temir] yoʻl transporti xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, [temir] yoʻl transportida tashishlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida vokzalga kirishda vakolatli organlar belgilangan tartibda qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirishni hamda yoʻlovchilarni va boshqa shaxslarni shaxsiy koʻzdan kechirishni amalga oshirishi mumkin. Koʻzdan kechirish rad etilganda vokzalga kirish taqiqlanadi, yoʻlovchilar esa tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
21-modda. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yoʻlovchilarning imtiyozli yurishi
[Temir] yoʻl transportida yoʻl hujjatlari (chiptalar) yoʻlovchilarga toʻliq qiymatida sotiladi. Qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolarga [temir] yoʻl transportida yurish uchun imtiyozlar belgilanishi mumkin. Bunday hollarda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi bilan hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
22-modda [Temir] yoʻl transportida yoʻlovchining huquq va majburiyatlari
Yoʻlovchi quyidagi huquqlarga ega:
poyezdlarning qatnov yoʻnalishlari boʻylab yoʻlovchilarni tashish uchun ochiq boʻlgan, oʻzi koʻrsatgan belgilangan stansiyagacha har qanday poyezdga va har qanday vagonga yoʻl hujjatini (chiptani) sotib olish;
sotib olingan yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan poyezd vagonida joy olish;
oʻzi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish. Yoʻlovchi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bittadan ortiq bola ketayotgan boʻlsa, ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlariga esa bolalar tarifi boʻyicha alohida joy berilgan holda yoʻl hujjati rasmiylashtiriladi. Besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarga ham alohida joy berilgan holda bolalar tarifi boʻyicha yoʻl hujjati rasmiylashtiriladi;
bitta toʻliq yoʻl hujjati yoki bolalar tarifi boʻyicha yoʻl hujjati uchun ogʻirligi oʻttiz olti kilogrammdan ortiq boʻlmagan qoʻl yukini oʻzi bilan bepul olib yurish. Mazkur ogʻirlikdan ortiq boʻlgan qoʻl yuki bagaj vagoniga topshirilishi lozim. Nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining imkoniyati cheklangan guruhlari jumlasidagi yoʻlovchilar oʻzi bilan qoʻshimcha ravishda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan texnik yordamchi (kompensatorli) vositalarni va maxsus harakatlanish vositalarini bepul olib yurish huquqiga ega;
Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda tashuvchiga yoʻl hujjatini (chiptani) qaytarish va tashuvchidan yoʻl haqi va bagajni tashish uchun toʻlovni (joʻnatuvchi esa bagajni, yuk bagajini tashish uchun toʻlovni) qaytarib olish;
Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yoʻl hujjatining (chiptaning) amal qilish muddatini uzaytirish;
boʻsh joylar mavjud boʻlganda va yoʻl hujjatiga (chiptaga) oʻzgartirishlar kiritilganda yoʻl hujjati (chipta) sotib olingan poyezddan avvalroq ketadigan yoʻlovchi poyezdida yoʻlga chiqish;
belgilangan haq evaziga bagajni tashish uchun topshirish;
avval sotib olingan yoʻl hujjati (chipta) shikastlangan, yoʻqolgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yozma talabnoma boʻyicha tashuvchidan (yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish kassalaridan yoki yoʻlovchi agentliklaridan) uning dublikatini olish. Avval qaytarilgan yoʻl hujjatlariga (chiptalarga) doir dublikat berilmaydi.
Yoʻlovchi:
yoʻl hujjatini (chiptani) sotib olishda, poyezdga chiqishda va safar davomida yoʻl hujjatini (chiptani) tekshirishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi, bundan shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlar mustasno;
poyezdga chiqishda va safar davomida safar yakuniga qadar yoʻl hujjati (chipta) mavjud boʻlishi;
jamoat tartibiga, yoʻlovchi vagonlaridan va yoʻlovchilarni tashish xizmatlari koʻrsatish uchun moʻljallangan obyektlardan foydalanish qoidalariga rioya etishi, shuningdek tashuvchining mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi va safar davomida ham, kutish joylarida ham yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etishi shart.
Yoʻlovchining zimmasida qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
23-modda. Bagajni va yuk bagajini tashish
Tashuvchi yoʻlovchidan yoki joʻnatuvchidan bagajni va yuk bagajini qabul qilishi hamda mazkur operatsiyalar uchun ochiq boʻlgan har qanday temir yoʻl stansiyasigacha joʻnatishi shart.
Yoʻlovchining bagaji yoʻl hujjati (chipta) boʻyicha qabul qilinadi, joʻnatuvchining yuk bagaji esa yoʻl hujjati (chipta) taqdim etilmagan holda tashish hujjati (yuk bagaji kvitansiyasi) boʻyicha qabul qilinadi.
Yoʻlovchining (joʻnatuvchining) bagaji, yuk bagaji bagaj vagoni mavjud boʻlgan eng birinchi poyezdda joʻnatiladi. Bunda tashuvchi yoʻlovchining (joʻnatuvchining) bagaji, yuk bagaji birinchi navbatda joʻnatilishini taʼminlashi shart. Tashish hujjatlarida (yoʻl hujjatida, bagaj va yuk bagaji kvitansiyasida) koʻrsatilgan yoʻnalish boʻyicha tashilayotgan bagaj, yuk bagaji yoʻlovchi ketayotgan poyezdda yoki tarkibida bagaj vagoni mavjud boʻlgan eng birinchi poyezdda joʻnatilishi kerak.
Yoʻlovchi (joʻnatuvchi) bagajni topshirganda uning qiymatini eʼlon qilishga haqli, yuk bagajini topshirganda esa uning qiymatini eʼlon qilishi shart.
Oʻzining oʻlchamlari, qadogʻi va xususiyatlari boʻyicha bagaj vagoniga qiyinchiliklarsiz yuklanishi va joylashtirilishi mumkin boʻlgan hamda tashuvchining mol-mulkiga va boshqa yoʻlovchilarning (joʻnatuvchilarning) bagajiga, yuk bagajiga ziyon yetkaza olmaydigan shunday buyumlar va predmetlar bagajda, yuk bagajida tashishga qabul qilinadi.
24-modda. Bagajni va yuk bagajini yetkazib berish muddati
Bagajni va yuk bagajini yetkazib berish muddati tashish amalga oshirilayotgan yoʻlovchi tashish poyezdining belgilangan temir yoʻl stansiyasigacha harakatlanishi vaqti bilan poyezdlar harakati jadvaliga koʻra belgilanadi.
Agar bagajni, yuk bagajini tashish safar davomida qayta yuklash orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa, yetkazib berish muddati har bir qayta yuklash uchun bir sutkaga koʻpaytiriladi.
Bagaj, yuk bagaji yoʻlovchiga, oluvchiga belgilangan stansiyada bagaj, yuk bagaji kvitansiyasi va olish vakolati berilgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda beriladi.
Bagajni, yuk bagajini berish temir yoʻl stansiyasi yoʻlovchi tashish operatsiyalari uchun ochiq boʻlgan davr ichida amalga oshiriladi.
25-modda. Temir yoʻl transportida pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish
Temir yoʻl transportida pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish qonunchilikda belgilangan tartibda pochta vagonlarida amalga oshiriladi.
26-modda. Tashuvchining huquq va majburiyatlari
Tashuvchi quyidagi huquqlarga ega:
narx belgilash qoidalariga muvofiq tashish narxlarini erkin belgilash, bundan tartibga solinadigan tariflar belgilangan hollar mustasno;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, harakat xavfsizligiga tahdid, ekologiya va sanitariya normalari buzilishi yoki boshqa gʻayrihuquqiy harakatlar (harakatsizlik) yuzaga kelishiga sabab boʻladigan holatlarda tashishni rad etish.
Tashuvchi qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Tashuvchi:
ichki va xalqaro qatnovlardagi [temir] yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga doir faoliyat uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlishi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, tashishlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan harakatdagi tarkibga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda ega boʻlishi;
tashishlarni belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan harakatdagi tarkibda amalga oshirishi;
harakat va [temir] yoʻl transportidan foydalanish xavfsizligi talablari bajarilishini taʼminlashi;
yoʻlovchining xavfsizligini, unga zarur qulayliklar va xizmat koʻrsatish sharoitlari yaratilishini, yoʻlovchi tomonidan bagaj hamda yuk bagaji topshirilgan taqdirda esa ularning oʻz vaqtida tashilishi hamda but saqlanishini taʼminlashi;
nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining imkoniyati cheklangan guruhlari jumlasidagi yoʻlovchilarning harakatdagi tarkibdan, axborotdan, shuningdek aloqa vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, [temir] yoʻl orqali tashish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar koʻrsatish chogʻida zarur shart-sharoitlar yaratishi;
majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan joʻnatilayotgan yuk uchun muvofiqlik sertifikatining koʻchirma nusxasini yuk joʻnatuvchidan talab qilishi;
qonunchilikka muvofiq oʻz fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinishini amalga oshirishi shart.
Tashuvchining zimmasida qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
27-modda. Vagonlar (konteynerlar) operatorining huquq va majburiyatlari
Vagonlar (konteynerlar) operatori quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga tegishli boʻlgan vagonlarni (konteynerlarni) pulli asosda taqdim etish boʻyicha xizmatlarni mazkur vagonlardan (konteynerlardan) foydalangan holda tashishlarni amalga oshirishdan manfaatdor boʻlgan yuk joʻnatuvchiga, yukni oluvchiga, tashuvchiga, boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarga tegishli shartnomalarga asosan koʻrsatish;
oʻz xizmatlarini koʻrsatish uchun narxlarni narx belgilash qoidalariga muvofiq erkin belgilash.
Vagonlar (konteynerlar) operatori qonunchilikka va vagonlar (konteynerlar) operatorining xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vagonlar (konteynerlar) operatori:
ushbu Qonun qoidalariga, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan [temir] yoʻl transportidagi xavfsizlik talablariga rioya etishi;
vagonlarga (konteynerlarga) mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda egalik qilishi;
operator faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan vagonlarni (konteynerlarni), boshqa obyektlarni oʻz hisobidan lozim darajadagi texnik holatda saqlashi;
malakali xodimlarga ega boʻlishi;
tegishli malaka talablariga javob beradigan va koʻrsatilgan ishga nisbatan tibbiy qarshi koʻrsatmalarga ega boʻlmagan shaxslarni ishga qoʻyishi;
harbiy va bojxona tashishlarini, davlatning mudofaa qobiliyatini taʼminlash, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning, joriy etilgan favqulodda holatning oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq tashishlarni amalga oshirish majburiyati yuklatilgan tashuvchilarga ustuvor tartibda bunday tashishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan vagonlarni (konteynerlarni) shartnoma asosida taqdim etishi;
Davlat nazorati organiga yoki uning hududiy boʻlinmasiga operatorning vagonlaridan (konteynerlaridan) foydalangan holdagi tashishlar chogʻida sodir boʻlgan temir yoʻl transporti hodisalari va temir yoʻl transporti harakat xavfsizligi va ekspluatatsiyasi qoidalarini buzish bilan bogʻliq boshqa hodisalar, ularning yuzaga kelish sabablari va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida axborot taqdim etishi shart.
Vagonlar (konteynerlar) operatorlari tashuvchilar va (yoki) infratuzilma operatori bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan tashish jarayonini amalga oshirish chogʻida shartnomalar asosida hamkorlik qiladi.
4-bob. [Temir] yoʻl transporti tariflari. Moliyaviy va xoʻjalik faoliyati
28-modda. [Temir] yoʻl transportida tashish tariflari
Umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transportida quyidagi tashish tariflari turlari qoʻllaniladi:
yuklarni tashish tariflari;
yoʻlovchilarni tashish tariflari;
bagaj va yuk bagajini tashish tariflari;
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish tariflari.
Umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transporti tashish tariflari ichki qatnovlarda tashish tariflariga va xalqaro qatnovlarda tashish tariflariga boʻlinadi.
[Temir] yoʻl transportida tashish tariflari turlarining tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlari;
tortish lokomotivi xizmatlari;
vagon xarajatlarini qoplash qismi.
Xalqaro qatnovda (shu jumladan tranzit tashuvlar) umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida tashish tariflari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq tartibga solinmaydigan [temir yoʻl transporti tariflari, yigʻimlari va toʻlovlari shartnoma asosida belgilanadi va raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq nazorat qilinadi.
Vakolatli tashkilot umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida qoʻllaniladigan tashish tariflarining turlari boʻyicha maʼlumotlarni va ularning oʻzgarish dinamikasini yuklar, harakatdagi tarkib turlari kesimida ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
29-modda. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida davlat tomonidan tartibga solinadigan tashish tariflari
Quyidagilar uchun belgilangan tashish tariflari davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflardir:
ichki qatnovlarda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining infratuzilmasi xizmatlarini koʻrsatish;
ichki qatnovlarda umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda lokomotiv tortish xizmatlarini koʻrsatish;
yoʻlovchilarni ichki qatnovlarda tashish, bundan yoʻlovchilarni yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda tashish mustasno.
Davlat tomonidan tartibga solinadigan tashish tariflari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan kollegial organ tomonidan belgilanadi.
Davlat tomonidan tartibga solinadigan tashish tariflari quyidagilarni hisobga olgan holda shakllantiriladi:
iqtisodiy jihatdan asoslanganlikni (tannarx, faoliyatning zarar koʻrilmasligini taʼminlaydigan zarur foydani, shuningdek vakolatli tashkilotni saqlash, umumiy foydalanishdagi [temir] yoʻl transportini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlarini);
shaffoflik va prognoz qilishni;
temir yoʻlda tashishlar sohasida raqobatdosh muhit rivojlantirilishini taʼminlashni;
davlat tomonidan tartibga solinadigan tashish tariflari boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi subyektlarni harakat xavfsizligi taʼminlanishiga va xizmatlar sifati yaxshilanishiga zarar yetkazmagan holda xarajatlarni maqbullashtirishga ragʻbatlantirishni.
30-modda. Tashuvchining zararlari oʻrnini qoplash
Davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar boʻyicha yoʻlovchilarni tashishdan koʻrilgan zararning oʻrni toʻliq hajmda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Ichki qatnovlarda temir yoʻl transportida yuklarni tashish tariflariga chegirmalar berilmaydi.
Xalqaro qatnovlarda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yuklarni tashish tariflariga chegirmalar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan zararlarning oʻrnini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Article
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida
Total words
5,337
Unique words
1361
Annotated anthroponyms
85
Toponyms
0
TTR
0.255
Hapax
740
Distribution
Top frequency chart
Dataset