Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, 2012-yilda oila, birinchi navbatda, yosh oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berildi. Darhaqiqat, Mustahkam oila yilida oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilib, muayyan yutuqlarga erishildi. Jumladan, oilalar farovonligi va daromad manbalarini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan qariyb 80 milliard so‘mga yaqin, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun esa salkam 47 milliard so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Qishloq joylarda maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning uch yil muddatga soliqlardan ozod etilishi hisobiga esa 40 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
Aytish joizki, oilalar mustahkamligini ta’minlashda "Mahalla" xayriya jamoat fondi, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda "Mustahkam oila yili" Davlat dasturi asosida qabul qilingan "Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi Qonun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, shu orqali oilaviy biznesning qonunchilik asosi yaratilib, tadbirkorlikni yuritishda yuzaga kelgan milliy an’analarimiz va xo‘jalik yuritish faoliyatining mavjud holatiga mos keladigan huquqiy kafolat kuchaytirildi. Natijada oilaviy biznesning jadal rivojlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlash asosida aholi turmush darajasi yanada yuksalishiga erishildi. Buni mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar samarasi misolida ham ko‘rish mumkin.
"Mahalla" xayriya jamoat fondi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili respublikamizning har bir tuman va shaharlarida, mahallalarida tadbirkorlik, hunarmandchilik va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish maqsadida 9 mingdan ziyod turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. E’tiborlisi, ushbu izlanishlar bois faoliyatning mazkur turi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz soni sezilarli darajada oshdi. Yil davomida Fondning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari hamda fuqarolar yig‘inlari tomonidan 4 ming 400 ga yaqin fuqaroga kredit olishga ko‘maklashilgani ham shundan dalolat berib turibdi.
— O‘tgan yilda xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesning keng ko‘lamli yo‘nalishlaridan biri — xizmat ko‘rsatish sohasida erishilgan natijalar, ayniqsa, e’tirofga loyiq, - deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari ^^Gavhar Alimova^^.
— Aniqrog‘i, hududlar imkoniyatlari va aholi qiziqishlaridan kelib chiqib, juda ko‘plab mahalla fuqarolar yig‘inlarida novvoylik, sartaroshlik, duradgorlik, kulollik, kosiblik, tikuvchilik, kasanachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik turlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada yuzlab fuqarolarni, xususan, yoshlarni o‘z mahallalarida ish bilan ta’minlash imkoni yaratildi. Masalan, Jizzax viloyatida shu yo‘nalishda 10 mingdan ziyod, Farg‘onada 26 mingga yaqin, Namanganda esa 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Obod turmush yilida oldimizda turgan vazifalar bundan da ulkan. Xususan, mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirib, oilalar, mahallalar, qisqacha aytganda, yurtimizni yanada obod, farovon qilish talab etiladi. Zero, obod hayot degan tushuncha, Yurtboshimiz aytganidek, azal-azaldan xalqimizning ongu tafakkurida, avvalambor, farovonlik, to‘kinchilik, mo‘l-ko‘lchilik, qut-baraka, bozorlarda arzonchilik ma’nosini o‘zida mujassam etib keladi. Shuning uchun ham bugungi kunda xalq farovonligi tushunchasi Vatan ravnaqi hamda yurt tinchligidek, biz uchun eng aziz va muqaddas bo‘lgan qadriyatlar bilan birgalikda milliy G‘oyamizning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etmoqda.
— O‘tgan yili mahallamizda tikuvchilik sexini ishga tushirish orqali 10 ga yaqin kishini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashdik, — deydi Uchtepa tumanidagi "Qoryog‘di" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi [M. Mirzayev]. — Shu bilan birga, 3 ta oilaning mikrokredit olishiga yordamlashdik. Hozirga qadar ulardan biri eshik-rom ishlab chiqarishni, yana biri qandolatchilikni yo‘lga qo‘ydi. Obod turmush yilida bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida puxta hozirlik ko‘rdik. Ya’ni hududdagi oilalar imkoniyat va qiziqishlari bilan yaqindan tanishib, tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan 12 ta oilaga kredit olishlariga ko‘maklashishni bu yilgi rejamizga kiritdik.
Yurtimiz mahallalarida oilaviy biznesning asosiy yo‘nalishlaridan hisoblangan qishloq xo‘jaligi ham tobora rivoj topib borayapti. Chunonchi, bugun respublikamizdagi 4 milliondan ortiq oilalar ixtiyorida 495 ming gektar yer bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi ana shu tomorqalarda yetishtirilayotir.
Shu bilan birga, oilalarda xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesning chorvachilik yo‘nalishi ham keng ommalashmoqda. Aholi xonadonlarida 7 milliondan ortiq qoramol parvarishlanayotgani shu nuqtayi nazardan bejiz emas. Muhimi, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida, o‘tgan yili "Mustahkam oila yili" Davlat dasturi asosida Fondning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari sa’y-harakati bilan 1874 ta kam ta’minlangan oilaga bir boshdan qoramol, 3300 dan ortiq oilaga 66 mingdan ziyod parranda olib berildi.
Umuman olganda, Mustahkam oila yilida Fond tomonidan jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Yangi yilda esa bu yo‘nalishdagi ishlar yana bir pog‘ona yuksaladi. Zero, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznes xonadonlarimiz farovonligi hamda yurtimiz obodligi garovidir.