🔍

Article

OʻZBEKISTON — BETAKROR DIYOR

By Sayidjon MAXSUMOV tayyorladi. • in 2013

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori turizm ham izchil rivojlanmoqda. Yurtimizning betakror tabiati, ko‘hna madaniyat yodgorliklari, zamonaviy bunyodkorlik durdonalarini tomosha qilish ishtiyoqida oshiqayotgan sayyohlar soni yildan yilga oshib borayotgani fikrimiz tasdig‘idir. Ularning orasida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan mehmonlar borligi yanada quvonarlidir.

Yaqinda Mustaqillik maydonidan o‘tayotib, yurtimizga ana shunday havas ila kelgan bir guruh sayyohlar bilan uchrashib qoldik. E’tiborlisi, ularning aksariyati keksa otaxonu onaxonlar edi. Yon-atrofga hayratla boqayotgan sayyohlarga bir ayol kishi nimalarnidir to‘lqinlanib so‘zlab borardi. Asta yaqinlashdik. Yo‘l boshlovchi hamrohlariga O‘zbekiston haqida ingliz tilida shunaqangi to‘lib-toshib hikoya qilardi-ki, buni faqat miriqib tinglash mumkin edi. Avvaliga biz uni mahalliy turistik firma vakili bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Ammo u bilan tanishganimizdan so‘ng yanglishganimizni angla- dik. Sababi…

- [Janet Gilmorman], - dedi u. — Avstraliyaning Sidney shahridan keldim. O‘sha yerdagi "Vendi Vy Tours" sayyohlik kompaniyasida menejer bo‘lib ishlayman. Bilasizmi, hamyurtlarimiz orasida O‘zbekistonga qiziqish yil sayin oshib bormoqda. Buni kelib tushayotgan buyurtmalar sonidan ham bilib olsa bo‘ladi. Masalan, bu gal bir guruh keksa mijozlarimiz bizga murojaat qilganda, qator yo‘nalishlarni taklif etdik. Qarangki, ularning barchasi bir ovozdan "Samarqandga yo‘l" deya nomlangan loyihamizni tanlashdi. Bundan o‘zim ham bag‘oyat xursand bo‘lib ketdim. Chunki doim O‘zbekistonga kelishni intiqlik bilan kutaman. Bu yerning havosi, tabiati o‘zgacha, tarixiy shaharlari, u yerdagi obidalar maftunkor. Odamlarining samimiyligini aytmaysizmi, mehmon kelsa, darrov quvonib, hurmat ko‘rsatadi.

Shu payt yonimizda suhbatimizga quloq solib ketayotgan onaxon bilan otaxon gurungi- mizga qo‘shildi.

— Ijozat bersangiz, men ham taassurotlarim bilan o‘rtoqlashsam, - deydi ulardan biri. — [Barb Edvard], Kanberradanman. Yurtingizga birinchi bor kelishim. Umrim bino bo‘lib, bunday go‘zal diyorni ko‘rmaganman. Samarqand, Buxoro… Odam o‘zini xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilarkan. Bu shaharlarda mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar ham ajoyib.

Ayniqsa, tandirdan endi uzilgan issiqqina nonlaringizning ta’mi og‘zimda, xush bo‘yi dimog‘imda qoldi.

Poytaxtingiz haqida alohida gapirishni istardim. Toshkent nafaqat zamonaviy qiyofasi va infratuzilmasi, balki ko‘hna obidalari bilan ham kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Tabiat musaffoligi, aholi sog‘lig‘ini asrab-avaylashda katta o‘rin tutadigan atrof-muhitni toza kislorod bilan ta’minlovchi daraxtlar hamda butalar ekilgan xiyobonlarni-ku asti qo‘yaverasiz. Botanika va ekologiyaga qiziqqanim uchun bularning ahamiyatini yaxshi bilaman. Poytaxtingiz bu jihatlari bilan dunyoning manaman degan megapolislaridan ortiq bo‘lsa, ortiqki, aslo kam emas.

O‘sha paytda [Edvard] xonimning ona Vatanimiz haqida xuddi shu diyor farzandidek to‘lqinlanib so‘zlayotganini bir ko‘rsangiz edi.

— Xalqingizning mehmondo‘stligi, samimiyati va bag‘rikengligi ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarib, bizga cheksiz ruhiy quvvat baxsh etdi, — dedi u alohida urg‘u bilan. — Sayohat qilaman desang, mana shunday bir umrga esingda qoladigan O‘zbekiston degan jannatmonand joyga borgin ekan. Keksalik sururini suraman desang, insoniy fazilatlar qadrlanadigan O‘zbekistonda yashagin ekan. Shuning uchun ham yoshim 70 ga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, diyeringizga kelib o‘zimni ancha bardam his qildim.
— Nihoyat, mening ham galim kelganidan xursandman, - deydi yana bir suhbatdoshi- miz hazillashib. — Kamina [Toni Spiteri], Tasmaniya orolidanman.
Yoshini 82 da deb aytgan qariya ko‘rinishidan ayni damda ancha quvnoq va kayfiyati ham shunga yarasha ko‘tarinki ekanligini bilish qiyin emas edi.
— Aslo ajablanmang, - dedi u.
— O‘zbekistonga kelgan har bir kishining kayfiyat barometri o‘z-o‘zidan yuqorilab ketar ekan. Sababi nimada deysizmi? Bu yerdagi tinchlik, xotirjamlik, musaffo osmon, toza havo. Bunday yoqimli ob-havo nafaqat sog‘liq, balki ruhiyatga ham ijobiy ta’sir o‘tkazarkan. Kundan-kun tetiklashib, yosharayotgandekman. Qolaversa, xalqingizdagi bir-biriga mehr-oqibat, hurmat, oilalardagi ajib insoniy fazilatlarni ko‘rib, ruhiyatim yanada tetiklashdi. Keksayib yolg‘iz qolgan mendek kishi buni hammadan ko‘ra ko‘proq anglasa kerak.

Mana, bugun ham Toshkentdagi ko‘plab diqqatga sazovor manzillar — Mustaqillik maydoni, [Baxtiyor] ona haykali, Simpoziumlar saroyi, [Amir Temur] xiyobonini aylandik. Bozorlarga bordik, u yerdagi sarxil mevayu sabzavotlarni ko‘rib hayratga tushdik. Milliy taomlardan tatib ko‘rdik.

Albatta, taassurotlarim bular bilan tugamaydi. Hozir esa, kun tartibiga ko‘ra, osh markaziga boramiz. Chunki hammamizga palov yoqib qoldi. Kimdir bu taom keksalarga og‘irlik qiladi deyishi mumkin. Bo‘lmagan gap! Aksincha, undan tanovul qilgan odam yanada kuchga to‘larkan. Biz ham shunday qilishimiz kerak. Axir iloji boricha bu go‘zal makonda ko‘proq sayr qilish, uning xalqi muhabbatidan to‘yib quvvat olish asosiy niyatimiz-da.

Total words

609

Unique words

485

Annotated anthroponyms

6

Toponyms

0

TTR

0.796

Hapax

412

Distribution

Top frequency chart

Dataset