Prezidentimizning "Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatini yanada takomillashtirish singari keng qamrovli vazifalar ijrosini ta’minlashga katta e’tibor karatilayotir.
Mazkur huquqiy hujjat asosida "Sog‘lom ona — sog‘lom bola" tamoyilining hayotga tatbiq etilishi tufayli erishgan ijobiy ko‘rsatkichlarimiz bugun xalqaro doirada ham e’tirof etilmoqda. Xususan, poytaxtimizda joriy yilning noyabr oyida o‘tkazilgan ushbu mavzudagi xalqaro simpoziumda O‘zbekistonimiz onalar va bolalar salomatligini asrash yo‘lida tibbiyotning o‘ziga xos milliy modeliga asoslanib namunali ish olib borayotganligi xorijlik ekspertlar tomonidan ko‘p bor tilga olindi.
Respublika Perinatal markazi mamlakatimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ana shunday ezgu islohotlar tufayli zamonaviy shart-sharoit va imkoniyatlar bilan ta’minlangan tibbiy muassasalardan biridir. Markazimizda homiladorlik davrida muayyan bir xastalik bilan og‘rigan, muddatidan avval tug‘uruq ehtimoli mavjud bo‘lgan bo‘lajak onalar hamda erta tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishlanadi. Tug‘uruq, neonatal jarrohlik, reanimatsiya, neonatal patologiya singari bo‘limlarda eng malakali mutaxassislar, ilmiy-amaliy tadqiqot olib borayotgan olim va shifokorlar faoliyat ko‘rsatayotir. Muassasamizda jahon andozalariga mos tibbiy asboblar — ikki va uch o‘lchamli UZD, SRAR, laparoskopiya, sun’iy nafas berish, vakuum, bronxoskopiya singari zamonaviy uskunalar, reanimamobil, transport inkubatori singari qulayliklar mavjud. Yaqinda esa markazning "Sen yolg‘iz emassan" jamg‘armasi tashabbusi bilan tubdan rekonstruksiya qilinib, so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan muhtasham binosi foydalanishga topshirildi.
Mutaxassislarning fikricha, qaysi mamlakatda neonatal jarrohlik yo‘nalishi taraqqiy topgan bo‘lsa, aynan o‘sha yerda sog‘liqni saqlash tizimi rivojiga yuksak e’tibor qaratilayotgan bo‘ladi. Nega deganda, ushbu soha tibbiyotning eng murakkab yo‘nalishlaridan biridir. Yangi tug‘ilgan go‘dak vujudi hali tashqi muhitga moslashib ulgurmagan va tibbiy nuqtayi nazardan to‘liq o‘rganilmaganligi bois neonatal jarrohlik yo‘li bilan davolanadigan xastaliklar muolajasi mutaxassisdan o‘ta chuqur bilim va yuksak mahorat talab qiladi. Eng muhimi esa, bu borada hech bir shifokor yuqori texnologiyalar ko‘magisiz jarrohlikni muvaffaqiyatli amalga oshirolmaydi. Operatsiya paytida issiqlik zanjirini ta’minlashdan tortib, chaqaloqning mo‘jazgina a’zosidagi nuqsonni bartaraf etishgacha bo‘lgan barcha jarayon igna bilan quduq qazishdek gap. Chaqaloqlar jarrohligida xastalikni davolashga imkon qadar tez fursat ichida kirishish lozim. Shu bois tug‘ma nuqsonlarni bartaraf
etishda onalarning homiladorlik davridayoq mutaxassis nazoratiga olinishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Binobarin, hozirgi kunda bo‘limimiz mutaxassislari Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Latviya, Italiya va Xitoy mamlakatlaridagi hamkasblar bilan doimiy hamkorlikda ish olib borishayapti. Xorijiy davlatlardagi yetakchi klinikalarda malaka oshirish, qolaversa, markazimizda jahonga taniqli neonatolog jarrohlarning vaqti-vaqti bilan mahorat saboqlari o‘tkazilib turilishi yosh xodimlarimiz uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.
Shuni yodda tutish lozimki, har qanday xastalik sog‘liqqa nisbatan loqaydlik natijasidir. Shu bois inson o‘z salomatligi uchun, eng avvalo, o‘zi qayg‘urishi, ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Masalan, tug‘ma nuqsonlarni olaylik. Ushbu turdagi xastaliklar muayyan sabablarga ko‘ra, homiladorlikning dastlabki uchinchi oyida yuzaga kelib, rivojlana boshlaydi. Ya’ni bular homilador ayolning gripp, gepatit singari yuqumli xastaliklarga chalinishi, bundan tashqari, turli stresslar, surunkali buyrak xastaligi, yurak porogi, kamqonlik hamda darmondorilar yetishmovchiligi natijasida kelib chiqadi. Agar bo‘lajak ona doimiy ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tib tursa, turli viruslar yuqishining oldini olish borasida mutaxassis maslahatiga qat’iy amal qilsa, bunday noxush holatlarning oldini olish mumkin. Bugungi kunda respublikamizning eng chekka qishlog‘u mahallalarida muntazam ravishda "Salomatlik haftaligi", "Yosh onalar maktabi" singari tadbirlar tashkil etila- yotganligi ham bejiz emas. Zero, farzand — oila quvonchi, yurt kelajagi. Ertamiz egalari har jihatdan barkamol inson bo‘lib shakllanishi bizning ayni paytdagi sa’y-harakat va intilishlarimizga bog‘liqdir.