Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida O‘zbekistonda keyingi yillarda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali teleradiodasturlarni tarqatish yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlangan edi.
Bugungi kunda mamlakatimiz telekommunikatsiyalar tizimi dunyoning 180 ta mamlakatiga 28 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqadigan xalqaro kanallarga ega. Yurtimizdagi teleradiokanallar tomonidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar Internet global tarmog‘i orqali real vaqt rejimida jahonga uzatilmoqda.
Darhaqiqat, bugun zamonaviy hayotni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari axborot olish, uzatish va tarqatish erkinligini berish bilan birga, odamlarga o‘z intellektual salohiyatidan yanada to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratib, barqaror iqtisodiy o‘sish, farovonlik darajasini oshirishga ko‘maklashadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi zamonaviy tarmoqlar taraqqiyotida, xizmat ko‘rsatish, xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy sohalar, ilm-fan va texnikani rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bugun jamiyatni yuqori texnologiyalarsiz, kompyuterlarsiz, axborot resurslaridan foydalanmasdan turib rivojlantirib bo‘lmaydi. Ular ijtimoiy hayotning ajralmas qismi va mamlakat taraqqiyotining mezoniga aylangan.
Shu bois yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Aytish joizki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirishda zamonaviy talab va standartlar hamda konstitutsiyaviy tamoyillar asosida qabul qilingan o‘nga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmonlari, qarorlari, qonunosti hujjatlari, bir qancha milliy dasturlarning roli katta.
Shu o‘rinda O‘zbekiston MDH mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib aloqa tarmog‘ining to‘rtinchi avlodini ishga solganligini qayd etish zarur. Mazkur texnologiya ma’lumotlarni 100 Mb/ sekundgacha tezlikda uzatish imkoniyatiga ega. Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tish 2007-yildan bosqichma-bosqich joriy qilinib kelinmoqda. Hozir Toshkent, Buxoro, Samarqand Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida raqamli televizion uzatgichlar o‘rnatilib, teledasturlar sonini 40 tagacha yetkazish ustida ish olib borilmoqda. Raqamli televideniyega o‘tish natijasida radiochastotalar tanqisligi muammosi hal etildi. Radiochastotalarni olish uchun tanlovlar demokratik va oshkora o‘tkazilishi esa teng raqobat sharoitini yaratdi. Yurtimizda raqamli televideniyening jahonda tan olingan va eng zamonaviy standartlaridan biri qabul qilingan.
Qisqacha aytganda, so‘nggi yillarda telekommunikatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi foydalanuvchilarga ko‘p miqdordagi yangi xizmat turlarini ko‘rsatish, iste’molchilar, shu jumladan, davlat boshqaruvi ehtiyojlari hamda huquq-tartibotni ta’minlash uchun xizmat ko‘rsatishning yangi modellarini joriy etish imkonini yaratdi. Bu esa, o‘z navbatida, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishda subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi tur va shakllarini yuzaga keltirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida "Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonunni ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tilganining tub mohiyatida mana shu maqsadlar mujassamdir. Ushbu Qonun Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida ma’qullanib, Prezidentimiz tomonidan imzolandi hamda matbuotda e’lon qilindi.
Mazkur Qonun bilan telekommunikatsiya sohasidagi "oxirgi (terminal) asbob-uskunalar" tushunchasiga aniqlik, shuningdek, "domen nomi" va "domen nomlari tizimi" kabi yangi tushunchalar kiritildi.
Qonunning 8-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar telekommunikatsiya sohasida maxsus vakolatli organning vakolatlarini yanada aniqlashtirishga qaratilgandir. Bu telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organning "UZ" milliy domeni zonasida domen nomlarini ma’muriy boshqarish tartibini va protseduralarini tashkil etish, shuningdek, foydalanuvchilar, qayd etuvchilar hamda "UZ" domenining ma’muriyati o‘rtasida uni tartibga solish bo‘yicha bir qator choralarni belgilash imkonini yaratadi.
Qonunda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik va jismoniy shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv xizmatlar ko‘rsatish maqsadida umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlarining samarali ishlashi va rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi borasidagi majburiyatlari belgilab qo‘yildi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar telekommunikatsiyalar sohasini tashkil qilishning mavjud huquqiy va iqtisodiy asoslarini yanada takomillashtirish, aholi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda davlat boshqaruvi organlarining telekommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondirilishini ta’minlash imkonini beradi.
Ayni paytda mazkur chora-tadbirlarning hayotga izchil tatbiq etilishi siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanishga, ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.