Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida alohida ta’kidlaganidek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz taraqqiyotida, avvalambor, xalqimiz uchun munosib hayot barpo etish, oldimizda turgan murakkab va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirish borasida qanday hal qiluvchi o‘rin va ta’sirga ega bo‘lib borayotganiga bugun har qadamda guvoh bo‘lmoqdamiz. Va bu soha ertangi kunimiz, istiqbolimizning, haqiqatan ham, mustahkam poydevoriga aylanib, yanada rivojlanib borishi aniq va muqarrardir.
Darhaqiqat, mustaqillik yillarida chuqur o‘ylangan hayotiy dasturlarning izchil amalga oshirilishi natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal sur’atlarda rivojlanib, iqtisodiyotimizda hal qiluvchi kuchga aylandi. Hozirgi kunda ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 54 foizga yetgani buning yorqin isboti emasmi?
Farg‘ona viloyatida, masalan, "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili" Davlat dasturining izchil ijrosi ta’minlangani tufayli mazkur soha sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Gap shundaki, 2011-yilning 9 oyi mobaynida 436 ta loyiha muvaffaqiyatli o‘zlashtirilib, 2777 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Natijada kichik biznes tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi 661 milliard so‘mga yetdi. Bu viloyat yalpi hududiy mahsulotining 59,2 foiziga tengdir. Bunda bizning korxonamiz jamoasining ham munosib hissasi bor- ligidan mamnunmiz.
Ma’lumki, keyingi yillarda respublikamizda avtomobillarni ekologiyaga ta’siri kam bo‘lgan muqobil yonilg‘ida ishlashga o‘tkazish va bunday yonilg‘ini yetkazib berish bo‘yicha ishlar yanada jadallashdi. Bu borada, tabiiyki, O‘zbekiston hukumatining bir qator qarorlari muhim omil bo‘lmoqda. Bizning avtomobillarga metan gazi quyishga ixtisoslashtirilgan shoxobchamiz ham hukumat qarori asosida bundan uch yil avval bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan edi. Bir yo‘la 20 ta avtomashinaga metan gazi quyish imkoniyatiga ega mazkur shoxobchaning ishga tushirilishi nafaqat aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, balki Qo‘shtepa tumanida naqd pul tushumini ko‘paytirish imkonini berdi. Masalan, 2011-yilning o‘zida tuman xazinasiga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kirim qilingan bo‘lsa, soliq idoralariga 5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ topshirildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, avtomobillarni muqobil yonilg‘iga o‘tkazishning afzalliklari ko‘p. Eng avvalo, u iqtisodiy jihatdan tejamkor bo‘lib, xususan, benzinga nisbatan qariyb 3 barobar arzon. Ikkinchidan, ekologik toza yonilg‘i bo‘lgani bois havoga deyarli is gazi chiqarilmaydi. Qolaversa, metan gaziga moslashgan mashinalarning ichki yonish dvigatellari uzoq va samarali ishlaydi. Shuning uchun ham biz faoliyatimiz ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ko‘plab loyihalarni amalga oshirayapmiz.
Ayni paytda shoxobchani yangi zamonaviy kompressorlar bilan ta’minlash, mijozlarga texnik xizmat ko‘rsatiladigan ustaxona barpo etish ishlari to‘liq yakunlandi. Buning uchun 1,5 milliard so‘m sarflandi. Pirovardida shoxobcha quvvati ikki barobarga oshdi. Bundan tashqari, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida jamoamizda xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.
Yonilg‘i quyish shoxobchalariga texnik jihatdan soz, davlat standartlariga to‘la javob beradigan avtomashinalar kiritiladi. Avvallari bunday talabga javob bermaydigan mashinalar kelsa, ularni qaytarib yuborar edik. Endilikda bunday ovoragarchilikka hojat qolmadi: avtomobillarga shu yerning o‘zida servis xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2011-yilning 9 oyi mobaynida 250 million so‘m miqdorida daromad qo‘lga kiritildi.
Bunyodkorlik va obodonlashtirish, bolalar sportini rivojlantirish, shuningdek, xayriya va saxovat ishlari ham korxonamiz jamoasining diqqat-e’tiborida. Masalan, Qo‘shtepa tumanining [Eshon]guzar qishlog‘idagi ijtimoiy soha obyektlarini bunyod etish va ta’mirlash ishlariga 41 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, bayramlar arafasida 80 nafardan ko‘p ko‘ngli yarim, nogiron kishilarning holidan xabardor bo‘lib turibmiz. Qo‘shtepa tumanidagi fermer xo‘jaliklariga esa ayni paxta yig‘im-terimi mavsumida yaqindan ko‘mak berdik. Ya’ni yuzdan ziyod fermer xo‘jaliklariga hasharchilarni tashishni o‘z zimma- mizga oldik. Bu maqsadlarga 50 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
Albatta, bunday ezgu ishlar beiz ketmas ekan. Iqtidorli yoshlar, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bajarilgan ishlar samarasi bunga misol bo‘la oladi. Aytaylik, yosh tennischi [Azizbek Haydarov]ga korxonamiz stipendiyasi joriy qilingan bo‘lib, unga har oyda 300 ming so‘m ajratiladi. Mazkur e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlangan tennischi 12 yoshli o‘smirlar o‘rtasida respublika chempioni bo‘ldi.
Muxtasar qilib aytganda, korxonamiz erishayotgan muvaffaqiyatlar zamirida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor va ish- bilarmonlar uchun yaratib berilgan qulay shart-sharoit mujassam. Ayniqsa, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida bu sohada ko‘plab imtiyozlar joriy etilgani ayni muddao bo‘ldi. Shu bois korxonamiz jamoasi Yangi yilda ham g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilib, bundan-da yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan holda, iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shaveradi.