Dunyoda kasblar ko‘p. Ammo Vatan himoyachisi bo‘lish ularning ichida eng sharaflisidir. Zero, kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini himoya qilish demakdir.
Tinchlik va osoyishtaligimiz posbonlari — harbiylar bayrami mamlakatimizda milliy bayram sifatida nishonlanishida teran ma’no mujassam. Zero, yurtda tinchlik va osoyishtalik barqaror, sarhadlarimiz mustahkam ekan, ko‘ngilga shodu xurramlik sig‘adi, bayramlar yarashadi, ertangi kunga ishonch ortadi.
…Har kuni ertalab ishonch bilan farzandi- mizni bog‘chayu maktabga kuzatamiz, ishga kelamiz, yaxshi kayfiyat, xursandchilik bilan uyga qaytamiz. Inson hayotidagi bu baxtli onlarning bosh mezoni tinchlikdir. Bu har soat, har daqiqa hushyorlikni qo‘ldan bermay, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz osoyishtaligini ta’minlayotgan harbiylarning mardona mehnati samarasidir. Shu bois ham Vatan himoyachilari bayrami — mardlar bayrami, barchamizning milliy bayramimiz.
Globallashuv shiddatli tus olayotgan bugungi sharoitda mamlakatimiz xavfsizligini, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan urushlar, harbiy qarama-qarshilik va mojarolar, terrorizm xurujlari xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid qilayotgani hech kimga sir emas.