🔍

Article

UMRBOD YODIMDA QOLADI

By Ravshan ERMATOV, «O‘zbekiston iftixori» faxriy … • in 2011

Biz uchun istiqlolning har bir yili, har bir kuni qadrli. Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayot tufayli barchamiz dilimizdagi ezgu niyatlarimiz ro‘yobini ko‘rayapmiz, maqsadlarimizga erishayapmiz. Bundan bir yil muqaddam katta orzular bilan 2010-yilni qarshi olgandik. Tabiiyki, u xalqimiz hayotida, shu jumladan, mening shaxsiy hayotimda bir umrga eslab yuradigan shirin xotiralarni qoldirdi.

Ko‘cha-ko‘yda tanigan-bilganlarim, mahalladoshlarim, sport ixlosmandlari bilan uchrashib qolsam, suhbatimiz mavzui, albatta, 2010-yil yozida Janubiy Afrika Respublikasi yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokimga borib taqaladi. Ularning bu boradagi iliq fikrlari, munosabatlari ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi, qalbimga o‘zgacha quvonch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, hali esini tanib ulgurmagan jajji bolajonlarimiz- ning ismimni aytib, "Sizga o‘xshagan hakam bo‘lmoqchiman", degan so‘zlarini eshitsam, sevinchimdan ichimga sig‘mayman.

Aytishim lozimki, bunday e’tiborga, muvaffaqiyatlarga o‘z-o‘zidan erishganim yo‘q. Yurtboshimizning sport sohasi rivoji yo‘lidagi beqiyos g‘amxo‘rliklari bu o‘rinda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

FIFA mutasaddilari jahon chempionati o‘yinlarini boshqarishga MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari orasidan yagona vakil sifatida meni taklif qilishganida, hatto, ayrim xorijlik sport mutaxassislari bunga ajablanib qarashdi. Qator nufuzli chet el nashrlarida "Shuncha davlat turib, nega aynan O‘zbekistondan hakam chaqirildi?" degan mazmundagi maqolalar ham chop etildi. O‘zimni qo‘lga oldim, xayolimni bo‘lmadim, bor e’tiborimni faqat o‘yinlarga qaratdim. Prezidentimizning "Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz" degan gaplari bunda menga katta dalda bo‘ldi. Ana shu kuch va ishonch bilan chempionat davomida bir emas, beshta muhim uchrashuvni boshqardim. Yakunda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiya rahbarlari, qolaversa, menga ishonqiramay qaraganlarning o‘zidan iliq fikrlarni eshitdim.

Jahon chempionatidan qaytganimizda, xalqimiz katta tantana bilan kutib oldi. Garchi samolyotimiz erta tongda kelib qo‘ngan bo‘lsa-da, "Toshkent" xalqaro aeroportiga minglab sport muxlislari yig‘il- gan ekan. Ularning bizni ochiq chehra bilan, xursand kayfiyatda qarshi olishgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Davlatimiz rahbari Farmoniga binoan "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Bu g‘amxo‘rliklar oldida men o‘zimni hamisha qarzdor deb bilaman va kelgusida ham Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishga harakat qilaman. Yaqinda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida OFKning mavsum yakunlariga bag‘ishlangan tadbiri o‘tkazildi. Unda meni uchinchi bor ^^"Osiyo^^ning eng yaxshi hakami" deb e’lon qilishgani, shubhasiz, O‘zbekiston sportiga berilgan bahodir.

Farzandli bo‘lish, uni tarbiyalash va kelajakda kamolini ko‘rish har bir ota-onaning orzusi. Barkamol avlod yilida menga ana shu baxt nasib etdi. Ya’ni yangi 2011-yil arafasida egiz farzand — bir o‘g‘il, bir qizning otasi bo‘ldim. Judayam xursandman. Farzandlarim kelajakda qaysi kasbni tanlashlaridan qat’i nazar, shu yurtga munosib bo‘lishsa, Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishsa, bundan ortiq saodat yo‘q.

2010-yilni yodga olganda, ana shu quvonchli lahzalar bir-bir xayolimdan o‘tadi. Niyatim, 2011-yil ham xalqimiz uchun yangi zafarlar yili bo‘lsin. Oilalarda fayzu baraka, xotirjamlik hukm sursin.

Total words

402

Unique words

334

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.831

Hapax

295

Distribution

Top frequency chart

Dataset