🔍

Article

QIMMATLI QOG‘OZLAR BOZORI Uning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.

By Nodira KARIMOVA, O‘zbekiston Respublikasi Oliy … • in 2010

Yaqinda "Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Prezidentimiz tomonidan imzolandi va kuchga kirdi. Ushbu huquqiy hujjat qimmat- li qog‘ozlar bozorini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishi, tabiiy.

Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda qimmatli qog‘ozlar bozori yuqori sur’atlarda kengayib, uning ishtirokchilari ko‘paymoqda. Bu esa iqtisodiyotimizning o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, mamlakatimizning ko‘pgina yirik va yetakchi korxonalari o‘z aksiyalarini muomalaga chiqarmoqda hamda ularni fond va investitsiya bozorlarida joylashtirish orqali milliy va xorijiy investorlarning uzoq muddatli sarmoyalarini maqsadli sarmoya sifatida jalb etmoqda. Ushbu Qonun, aytish joizki, Prezidentimizning 2009-yil 28-iyuldagi “Tijorat banklarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan uzoq muddatli kreditlari ulushini ko‘paytirishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablari va unda belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan. Tabiiyki, bank tizimidagi islohotlar qimmatli qog‘ozlar bozorining huquqiy asosini yanada takomillashtirishni kun tartibiga qo‘ydi. Boshqacha aytganda, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda banklar mulkchilikning har qanday shakli asosida aksiyadorlik jamiyati tarzida tashkil etilishi belgilangani holda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunda korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqiga faqat aksiyadorlik jamiyatlari ega zakanligi aytilgan. Albatta, soha qonunchiligidagi ushbu me’yorlarni bir-biriga moslashtirmasdan turib, qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish mumkin emas. Shu bois ham “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ma’lumki, mamlakatimizda obligatsiyalar bozorining samarali shakllanishi moliya bozorimizni yanada kengaytirish va uning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Mazkur bozorning holati va darajasini ifodalovchi raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘yicha 22 ta xo‘jalik subyekti foizi yoki 19 mlrd. so‘m miqdoridagi korporativ obligatsiyalar tijorat banklari tomonidan chiqarilgan obligatsiyalardir. Ularning asosiy xususiyati esa uzoq muddatliligidir. Amaldagi Qonunning 3-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar — korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqi turli shakldagi tijorat banklariga ham berilayotir. Bu, o‘z navbatida, qimmatli qog‘ozlar bozorida o‘zaro raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Sog‘lom raqobat muhiti bor joyda intilish, harakat, eng muhimi, yuqori natijalar bo‘lishi tabiiydir. Shuningdek, Qonunning “Qimmatli qog‘ozlarning chiqarilish shakli” deb nomlangan 4-moddasi “obligatsiyalar yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar uchun chiqariladi” deb to‘ldirildi. Bundan tashqari, Qonunning 49-moddasiga ham ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar tijorat banklari, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korporativ obligatsiyalarni emissiya qilishlari mumkinligiga sharoit yaratib beradi. Mazkur Qonun hozirgi paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Inqirozga qarshi choralar dasturining ham ajralmas bir qismi ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Muxtasar qilib aytganda, yaqinda kuchga kirgan “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklarining investitsiya salohiyatini osh irishga, real iqtisodiyot tarmoqlarida jozibali investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi

Total words

398

Unique words

279

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.701

Hapax

217

Distribution

Top frequency chart

Dataset