🔍

Article

ORZULARI BIR OLAM

By Jamshid NIYOZOV • in 2009

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, turmush farovonligini oshirish masalasiga eng muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda. "Islohotlar islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun" degan ezgu g‘oya zamirida ham ana shu jihatlar mujassam.

Jumladan, tashkilot, korxona va tadbirkorlik subyektlarida doimiy ravishda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining mehnatga layoqatli qismini ishga jalb etish, tegishli mutaxassislikka ega bo‘lmaganlarni kasbga tayyorlash yoki tanlagan sohalari bo‘yicha o‘quv markazlarida bepul o‘qitish, ishga joylashgunlariga qadar qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ana shu sa’y-harakatlarning amaldagi ifodasidir.

Ta’kidlash joizki, mazkur jarayonda Qurolli Kuchlarimiz safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, rezervga bo‘shatilgan yigitlar uchun alohida imtiyozlar nazarda tutilgan. Muhimi, hayot maktabi sabog‘ini olgan, dunyoqarashi keng, jismoniy va ma’naviy yetuk shunqorlarga ish beruvchilarning ham ishonchi yuqori. Yoshlar bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, oilalari daromadini ko‘paytirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2009-yilda rezervga bo‘shatilgan fuqarolardan hozirgacha 97 foizining bandligi ta’minlangan. Shulardan 16,5 foizi davlat muassasa va tashkilotlariga, 21,7 foizi ishlab chiqarish korxonalari, 16,9 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, qo‘shma korxonalarga ishga joylashgan. Bundan tashqari, muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab qaytgan yigitlarning 18,7 foizi yakka tartibdagi tadbirkorlik va kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, yana bir qismi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ishga kirish uchun hujjat topshirgan. Prezidentimizning 2005-yil 31-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan fuqarolar respublika oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda ham imtiyozga egalar. Armiya saflarida mardlik va jasorat maktabini o‘tagan, jangovar hamda siyosiy tayyorgarlikda yuksak natijalarga erishgan ana shunday o‘g‘lonlardan 17 foizi hozirda o‘zlari tanlagan sohalar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishmoqda.

Albatta, fuqarolarni ishga jalb qilish va jamiyatda o‘z o‘rnini topib olishida joylardagi Bandlikka ko‘maklashish markazlarining ham alohida hissasi bor. Askarlikdan qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida aynan poytaxt tumanlarida olib borilgan sa’y-harakatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, [Sobir Rahimov] (98,3 foiz), Chilonzor (98,1 foiz) hamda Yunusobod (98,0 foiz) tumanlarining shunday markazlari yetakchi ekanligi ko‘zga tashlanadi. Biroq bu boshqa tumanlarda ahvol o‘lda-jo‘lda, degan ma’noni anglatmaydi. Aksincha, hatto eng kichik ko‘rsatkichga ega Bektemir tumanida ham yigitlik maktabini o‘tab qaytganlarning muayyan faoliyat turi bilan bandligiga erishish 93,9 foizga bajarilgani bu tadbirlar alohida e’tiborda ekanidan dalolatdir. Ma’lumki, bugun butun dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan, ko‘plab davlatlar ishsizlar safini “kengaytirayotgan”, hatto iqtisodiy jihatdan ancha qudratli hisoblangan mashhur kompaniyalar ham shundan boshqa chora topolmayotgan bir vaqtda mamlakatimizda aholi ehtiyojlari darajasida bo‘sh ish o‘rinlari yaratilayotgani, fuqarolarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar berilayotgani ko‘nglimizda shukronalik hissini uyg‘otadi.

— Bizga ish so‘rab murojaat qilgan yigitlarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha doimiy ishga joylashtirish maqsadida tumanimizda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat korxonalari, xususiy firma va tashkilotlar, kichik korxonalar bilan o‘zaro kelishuvimiz bor, — deydi Sergeli tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari ^^Xolida Nizamova^^. — Muayyan ish bilan ta’minlanmaganlar esa Bandlikka ko‘maklashish markazi orqali qayta kasbga tayyorlash kurslarida bepul tahsil oladilar va hunar egasi bo‘lishgach, ish bilan ta’minlanadilar.

— Armiyadan qaytgach, tumanimizdagi Bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab murojaat qildim, — deydi mirobodlik [Aziz Solihov.] — Aniq mutaxassislikka ega bo‘lmaganim uchun meni qayta kasbga tayyorlovchi o‘quv kursiga yuborishdi. U yerda men texnika sirlarini o‘rgandim, avtochilangarlik hunarini egalladim. Uqishdan qaytganimdan so‘ng, “[Sulton G‘affor]" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga ishga olishdi. Bundan xursandman.

— Qurolli Kuchlarimiz saflarida aloqachi vazifasida xizmat qilganman, — deydi Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi [Baxtiyor Jalolov]. — Muddatli harbiy xizmat davomida sohaga oid bilimlarni o‘rgandim. Bu borada menga ustoz ofitserlar va serjantlar yaqin ko‘makchi bo‘lishdi. Saboqlarni yaxshi o‘zlashtirganim, soha bo‘yicha muayyan tajriba orttirganim tufayli tuman aloqa bo‘limiga ishga qabul qilindim.

— Hozirda Toshkent davlat texnika universiteti mexanika fakultetining birinchi kurs talabasiman, — deydi rezervga bo‘shatilganlardan yana biri [Afzal Haydarov]. — Muddatli harbiy xizmatdan tavsiyanoma bilan qaytganim uchun tayyorlov fakultetida bepul tahsil oldim. U yerda malakali pedagoglar saboq berishdi va bu orzuim amalga oshishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilib qaytganlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik qalbimizni faxrga to‘ldiradi. Shunga munosib javob qaytarish zimmamizdagi asosiy mas’uliyatdir. — “UzGazOil" kompaniyasining avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga ishga joylashganimga yarim yil bo‘ldi, — deydi Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan fuqaro [Botir Tursunov]. — Jamoamiz ahil, menga hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi, tezda kirishib ketdim. O‘ylab ko‘rsam, davlatimiz tomonidan bizga juda katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayapti. Masalan, armiyadaligimizdayoq ko‘plab imtiyozlardan bahramand bo‘ldik. Muddatli harbiy xizmatdan keyingi hayotimiz ham doimiy e’tiborda. Bularning barchasi, tabiiyki, istiqlol sharofatidir.

— Harbiy xizmatdan qaytgach, qiziqishimdan kelib chiqib Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bepul hunar o‘rganish kurslariga yuborildim, — deydi yakkasaroylik [Shuhrat Jumaturdiyev]. — O‘quv kursini a’lo baholarga tamomlab, “EHM operatori" ixtisosligi bo‘yicha diplomga ega bo‘ldim. Endi o‘zim orzu qilgan joyga ishga kira olishim mumkin. Muxtasar qilib aytganda, aholi orasida armiyaga bo‘lgan munosabatning yanada yaxshilanishida mana shu omillar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, farzandining ulg‘ayib, harbiy xizmatga yo‘l olganini ko‘rgan ota-onalar bir quvongan bo‘lsalar, armiyadan mustaqil fikrli, jismonan baquvvat bo‘lib qaytganidan, hayotda o‘z o‘rnini topayotganidan ikki karra quvonmoqdalar. Bularning barchasi yurtboshimizning oqilona siyosati, islohotlarning amaliy mevalaridir.

Total words

795

Unique words

568

Annotated anthroponyms

8

Toponyms

0

TTR

0.714

Hapax

460

Distribution

Top frequency chart

Dataset