🔍

Article

"UCELL" — XIZMAT QAMROVI KENGAYMOQDA

By Behzod RAHMATOV • in 2010

"XK COSCOM" MCHJ (O‘zbekiston Respublikasida o‘z xizmatlarini "UCell" savdo belgisi ostida ko‘rsatadi) mamlakatimiz mobil aloqa bozoridagi yetakchi operatorlardan biridir. E’tiborli jihati shundaki, yakunlangan yil kompaniya faoliyatida ulkan yutuqlarga boy bo‘ldi.

Jumladan, uning xizmat ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilandi va bu jarayon izchil davom ettirilmoqda. Abonentlar va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar ham o‘zaro yaqinlik, odob-axloq me’yorlari doirasida tashkil etilmoqda. Muhimi, kompaniya tobora rivojlanib borayotir.

Bu jabhada u, asosan, o‘zining texnik bazasini yangilash barobarida, xizmat ko‘rsatish hududini ham kengaytirishga intilmoqda. Bu esa uning abonentlari soni, hududiy qamrovi, taklif etayotgan xizmatlari turi va sifati bo‘yicha O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari orasida yetakchilar qatorida bo‘lishiga zamin yaratmoqda. O‘z navbatida, joriy etilayotgan qulayliklar va aloqa sifatining yaxshilanayotgani bois abonentlari soni ham oshib bormoqda.

2007-yildan boshlab "UCell" Yevropa telekommunikatsiya bozoridagi yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan "TeliaSonera" guruhi tarkibiga kirdi. Boshqacha aytganda, u dunyo miqyosidagi telekommunikatsiya sohasidagi kompaniyalarning "katta oilasi" a’zosiga aylandi. Aytish joizki, bugungi kunda "TeliaSonera"ning xizmatlaridan 20 dan ortiq davlatda foydalanishadi. Xususan, mazkur kompaniyaning Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya, Daniya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Nepal, Kambodja va MDH davlatlarida qariyb 140 milliondan ortiq abonentlari bor. Ayni paytda MDX davlatlaridan Qozog‘istondagi "K’cell", Ozarboyjondagi «Azercell», Gruziyadagi «Geocell», Tojikistondagi "Indigo" va "Somonkom" hamda Moldovadagi «Moldcell» kabi mobil aloqa operatorlari "TeliaSonera" guruhi tarkibiga kiradi.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tamiz, "TeliaSonera" 2002-yili Shvetsiyaning "Telia" va Finlyandiyaning "Sonera" kompaniyalari birlashishi natijasida vujudga kelgan. Uning faoliyati asosini telekommunikatsiya, xususan, mobil aloqa xizmati tashkil etadi. "TeliaSonera"ning aksiyalari Stokgolm hamda Xelsinki shaharlaridagi birjalarda kotirovka qilinadi.

Ma’lumki, "UCell" abonentlari bazasi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Jumladan, 2009-yilning noyabr oyiga kelib, ular besh million nafarga yetdi. Bu, albatta, uning mijozlar manfaatini ustun qo‘yayotganidan dalolatdir. Yana bir muhim jihati, kompaniya mijozlari uchun ko‘plab yangi xizmatlar joriy etilmoqda. Ular orasida "GPRS" va "EDGE" texnologiyalari asosidagi mobil Internet, multimediya xabarlari ("MMS"), "GPRS" va "CAMEL" (Customised Applications for Mobile Enhanced Logic) rouming kabi xizmat turlari abonentlar e’tirofiga sazovor bo‘layotir.

2009-yil boshida kompaniya uchinchi avlod mobil aloqa xizmati — 3G tizimini Toshkent shahrida joriy etdi. Bu tarmoq "UMTS" texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, mijozlarga yanada ko‘proq va tezroq aloqa hamda axborot almashish imkonini berdi. Hozirgi kunga kelib, "HSDPA" texnologiyasidan foydalanish orqali kompaniya 3.5G xizmatini ham ko‘rsatmoqda. "HSDPA" (High Speed Downlink Packet Access) juda qudratli texnologiya bo‘lib, u "UMTS" standartining keyingi bosqichidir. "HSDPA" texnologiyasida axborot almashish tezligi ancha yuqori.

Shu bilan birga, "UCell" mavjud 2G hamda 3G xizmat turlarini yanada kengaytirish bo‘yicha ham ishlar olib bormoqda. Bu borada zarur bo‘lgan "UMTS"/ "HSDPA" jihozlarini o‘rnatish ishlari respublikamiz viloyatlarida amalga oshirilmoqda va ular yaqin orada ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda kompaniya tomonidan turli soha vakillari, ishbilarmon va tadbirkorlar uchun maxsus tariflar taklif qilinayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, "Tadbirkor" va "Ish uchun" tariflari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Masalan, "Ish uchun" arzon, shu bilan birga, sifatli mobil aloqa xizmatini amalga oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan "Prepaid" tarifdir. Ushbu tarif rejasining o‘ziga xosligi shundaki, abonentning o‘zi aloqada bo‘lishni xohlagan insonlarni tanlab, muloqot doirasini yaratishi va ular bilan tarmoq ichida atigi $0.01 narxida suhbat qurishi mumkin. Shu bilan birga, bu tarifda barcha kirish qo‘ng‘iroqlari bepul, chiqish qo‘ng‘iroqlari esa bir daqiqasi uchun atigi $0.02. Bundan tashqari, abonentlar har oyda 100 ta tekin "MMS" va 60 megabayt bepul mobil Internetga ega bo‘ladilar. Bu xizmatlar uchun kuniga $0.10 abonent to‘lovi to‘lanadi, xolos.

«Ish uchun» tarifiga nafaqat yirik korporativ mijozlar, yuridik shaxslar, kompaniyalar xodimlari, balki O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan xususiy tadbirkorlar ham ulanishlari mumkin. Ro‘yxatga olish jarayoni oddiy va ko‘p vaqt talab qilmaydi.

Yaqinda esa "Unlimited" korporativ tarifining narxi yanada arzonlashtirildi. Endi oyiga atigi 40 AQSH dollari to‘lab, korporativ mijoz istagancha suhbatlashishi mumkin. Shuningdek, unga 200 megabayt hajmda Internet orqali bepul axborot almashish, shu bilan birga, 200 dona bepul "MMS" xabari- dan foydalanish imkoniyati beriladi.

Bu hali hammasi emas. Arzonlashtirilgan "Internet", "MMS" va "SMS" xizmatlari ham mavjud.

Kompaniyaning dilerlar tarmog‘i ham kengayib bormoqda. Hozirgi kunda 3000 dan ortiq abonentlar bilan ishlash shoxobchalari faoliyat olib bormoqda. "UCell" rouming xizmatlarini 126 dan ziyod davlatda 265 dan ortiq kompaniyalar tarmog‘i orqali taklif qilmoqda.

"UCell" mijozi bo‘lgan kompaniyalar keng qamrovli xizmatlar, shu bilan birga, tejamli tarif rejalari, yuqori tezlikdagi Internet va elektron pochta aloqasi, axborot almashish imkoniyatlari, videoqo‘ng‘iroq va boshqalarga ega bo‘ladilar. Bu xizmatlar ularning qo‘l telefonlarini mobil ish joyiga aylantirib, mijozlar, hamkorlar va xodimlar bilan aloqa qilishlariga imkon beradi.

"UCell" O‘zbekistonda yetakchi texnologiyalarni qisqa muddat ichida tatbiq qilish uchun keng qamrovli tadbirlar olib bormoqda. Buning uchun innovatsion va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, texnika salohiyati yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan. Ishbilarmon va tadbirkorlar esa qo‘l telefonini mobil ofis sifatida ishlatib, elektron pochta, turli ma’lumotlarni, qayerda ekanliklaridan qat’i nazar, o‘z vaqtida qabul qilishlari va yuborishlari mumkin bo‘ladi.

Total words

739

Unique words

489

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.662

Hapax

381

Distribution

Top frequency chart

Dataset