🔍

Article

ENG ASOSIY MEZON — HAYOT HAQIQATINI AKS ETTIRISH

By OʻzA • in 2009

Shu yil 7-yanvar kuni O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining $$Milliy matbuot markazi$$da ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish masalasiga bag‘ishlangan amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda elektron va bosma ommaviy axborot vositalarining rahbarlari, jurnalistlar, ijodiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti [Islom Karimov]ning milliy o‘zligimizni anglash , bebaho ma’naviy merosimizni asrab-avaylash va xalqimizga yetkazish borasida ommaviy axborot vositalari xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqidagi fikrlari bilan yig‘ilish qatnashchilarini Prezidentning Davlat maslahatchisi [X.Sultonov] tanishtirdi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan bayon etilgan fikrlarda avvalo bugungi kunda jahon miqyosida kechayotgan globallashuv jarayonlari davlatlar va xalqlar o‘rtasida integratsiya va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish bilan birga, mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning o‘tkir quroliga aylanib, turli siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilayotgani, ayniqsa, "ommaviy madaniyat” niqobi ostida aholining keng qatlamlari, birinchi navbatda yosh larning qalbi va ongini egallashga qaratilgan urinishlar, oshkora va pinhona axborot xurujlari tobora kuchayib borayotganiga yana bir bor e’tibor qaratilib, quyidagi masalalarga urg‘u beriladi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining vazifalari ham, ular oldiga qo‘yiladigan talablar ham ko‘p. Lekin eng asosiy, hal qiluvchi talab — haqiqatni, hayotni to‘laqonli aks ettirishdan iborat. Zero, haqiqat jurnalistikaning o‘zgarmas va doimiy shartidir. Ayni vaqtda matbuot va efir orqali haqiqatni yoritish, odamlarga yetkazish har qaysi jurnalistning bilim va tajribasi, uning professional mahoratiga, grajdanlik pozitsiyasiga bog‘liq. Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda chetdan ko‘lami va miqyosini o‘lchab bo‘lmaydigan shiddatli informatsiya oqimi kirib kelyapti, ular orasida bizga yot va begona bo‘lgan zararli g‘oyalar ham oz emas. Hammamiz yaxshi tushunamizki, bunday xatarlardan saqlanish uchun jamiyatni temir devor bilan o‘rab, himoya qilib bo‘lmaydi. Shunday murakkab va qaltis vaziyatda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan avvalo hali hayotiy tajribasi yetarli bo‘lmagan, ongu tafakkuri, axloqiy qarashlari endigina shakllanib kelayotgan yoshlarimizni

ma’naviy jihatdan qurollantirishga yordam berish talab etiladi. Bu o‘rinda gap ularning dunyoqarashi, iymon-e’tiqodini mustahkamlash haqida bormoqda. O‘g‘il-qizlarimizning hayotga munosabati sog‘lom asosda, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida shakllanishi uchun avvalambor ularga ma’naviy oziq berish, bugun olamda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini, sabab va oqibatlarini haqqoniy, ta’sirchan misollar orqali tushuntirish, eng muhimi, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni mustaqil fikrlashga o‘rgatishga ko‘maklashish zarur.

Bir o‘ylab ko‘raylik, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish - bu nima degani? Bu avvalo ko‘p-ko‘p fikr va misollarni o‘zaro solishtirib, qiyoslab, ularning ichidan yakkayu yagona to‘g‘ri haqiqatni ajratib olish, uni o‘z ongiga singdirish, shundan xulosa chiqarib yashashga qodir bo‘lish demakdir. Albatta, haqiqatni ochib berish degani bir qarashda juda sodda, hattoki, jo‘n gap bo‘lib tuyulishi mumkin. Haqiqat yo bor, yo yo‘q, uning nimasini ochib berish mumkin, degan savol tug‘ilishi ham balki o‘rinlidir, Lekin mafkuraviy kurash tobora keskinlashib borayotgan bugungi zamonda shunday ustasi faranglar borki, ular har qanday yolg‘onni ham haqiqat deb boplab tushuntirib qo‘yadiki, ba’zan qip-qizil uydirmalarga qanday ishonganingizni bilmay qolasiz.

Shuning uchun bugungi murakkab hayotda oqu qorani ajratib, haqiqatni anglab olishda yoshlarga avvalo ommaviy axborot vositalari yordam berishi kerak. Qanday qilib? Jurnalistlarimiz o‘z mahorati, bilim va iste’dodi hisobidan zamonaviy axborot vositalarining imkoniyatlari, axborot to‘plash va uni ommaga yetkazishning usul-uslublari haqida yetarli malaka va ko‘nikmalarga ega. Bu sohaning sir-asrori hammadan ham ko‘ra ularga yaxshi ma’lum. Lekin shu borada qilinayotgan ishlar bugungi kun talablariga javob beradimi-yo‘qmi? Hozirgi kunda g‘oyaviy muxolif larimiz, ma’naviyatimizga qarshi kuchlar aholimizga, ayniqsa yoshlarimizga nisbatan chuqur o‘ylangan va puxta niqoblangan tahdid va ta’sirlar o‘tkazishga urinayotgani sir emas. Shunday ekan, biz ham bunga javoban, sodda bo‘lmasdan, o‘zimizning zarur chora-tadbirlarimizni ko‘rishimiz kerak. Yaxshi bilamiz, xalqim iz oqko‘ngil, sodda va ishonuvchan. Matbuotda bosilgan, televideniyedan, radiodan aytilgan gaplarga ishonch bilan qaraydi. Chetdan turib bizga qarshi ish olib borayotgan informatsion markazlar ham shundan foydalanib qolishga urinadi. Bunga ko‘p misollarni keltirish mumkin.

Bunday holatlarning oldini olish, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish uchun avvalo nimalarga e’tibor berishimiz lozim?

Birinchidan, odamning irodasi, dunyoqarashi kuchli bo‘lishi uchun uning hayotga, ertangi kunga, o‘zining kuch va imkoniyatlariga ishonchi mustahkam bo‘lishi kerak. Ayniqsa, farzandlarimiz qalbida ana shunday ishonch tuyg‘usini oshirish uchun ularning asosli va haqqoniy ma’lumot va axborotlarga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu borada ommaviy axborot vositalari bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni, yangilanish va o‘zgarishlar jarayonlarini har tomonlama chuqur, ta’sirchan usullar orqali yoritib borishi zarurligini tushuntirib o‘girishning hojati yo‘q. Lekin bu masalada faqat ofarinbozlik, “yashasin” degan gaplar bilan ish bitmaydi.

Bugun bizga islohotlarimizni to‘liq amalga oshirish, ularning samaradorligini yanada kuchaytirish yo‘lida nimalar g‘ov-to‘siq bo‘lyapti? Bu — byurokratiya, manfaatparastlik, poraxo‘rlik, mahalliychilik, qabilabozlik, loqaydlik kabi salbiy illatlardir. Bunday illatlarni o‘z nomi bilan atab, amaliy misollarda ko‘rsatib berish uchun ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirishimiz kerak.

Ikkinchidan, biz o‘z yurtimizni o‘zimiz, o‘z mehnatimiz, peshona terimiz bilan obod etmasak. buning uchun belni mahkam bog‘lab ishlamasak, hech kim chetdan kelib bu ishni qilib bermaydi. Shuning uchun ham biz ota-bobolarimiz xoki yotgan bu yurt, bu muqaddas zamin - bizniki, uning buguni va istiqboli faqat o‘zimizga bog‘liq, mustaqillik poydevorini qurgan insonlar boshlagan ishlarni davom ettirish - bizning ezgu burchimiz, degan tushunchani, kerak bo‘lsa, hayotiy e’tiqodni yoshlarimizning ongu shuuriga chuqur singdirishimiz darkor. Lekin ommaviy axborot vositalari mana shu fikrni qanday qilib xalqqa, yoshlarga yetkazyapti? Har qarichi muqaddas bo‘lgan ona yerimizga nisbatan farzandlarimizda g‘urur va iftixor, sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otish uchun biz bugun nima qilyapmiz, degan savolga javob izlab ko‘raylik. Tabarruk zaminimizning qadriga yetish uchun avvalo shu yurtda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizning ma’naviy jasoratini anglab, ulug‘lab, ularning shu boradagi ibratli an’analarini yangi bosqichda davom ettirishimiz kerak. Ma’naviy jasorat avvalo o‘z yurtiga bo‘lgan muhabbat va sadoqatda, uning taqdiri uchun fidoyilik ko‘rsatib yashashda namoyon bo‘ladi.

Biz mustaqillikka erishganimizdan so‘ng [Imom Buxoriy], [Imom Termiziy], [Imom Moturidiy], [Burhoniddin Marg‘inoniy], [Abdulxoliq G‘ijduvoniy], [Bahouddin Naqshband] singari aziz-avliyolarimiz, [Muhammad Muso Xorazmiy], [Ahmad Farg‘oniy], [Abu Rayhon Beruniy], [Ibn Sino,] [Mahmud Zamahshariy], [Mirzo Ulug‘bek] singari allomalarimiz, [Amir Temur], [Jaloliddin Manguberdi] kabi buyuk arboblarimiz, [Alisher Navoiy], [Bobur Mirzo] kabi mumtoz shoir va mutafakkirlarimizning nomlarini, asarlarini tom ma’noda qaytadan kashf etdik. Lekin bu ulug‘ ajdodlarimizning jahon madaniyati va sivilizatsiyasiga qo‘shgan buyuk hissasini yoshlarimiz biladimi? Albatta, biladi. Ammo, afsuski, aksariyat hollarda umumiy, yuzaki tarzda biladi, Aytaylik, [Xorazmiy]ning o‘nlik sanoq sistemasini yaratganini, [Beruniy]ning ilmiy jasoratini. [Amir Temur]ning bunyodkorlik dahosini, [Ulug‘bek]ning beqiyos kashfiyotlarini, arablarga arab tili grammatikasini o‘rgatgan [Zamahshariy] merosini, mana, yaqinda Misrda haykalini o‘rnatganimiz [Ahmad Farg‘oniy] bobomizning o‘lmas xizmatlarini nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo tan olayapti, ularning xotirasiga hurmat bajo keltiryapti. Va bularning barchasi bizga quvonch bag‘ishlashi tabiiydir. Ayni vaqtda biz bu ulug‘ siymolarimizning faqat nomlarini zikr etish, ularning shuhratiga mahliyo bo‘lish bilan cheklanib qolmayapmizmi, degan haqli savol tug‘iladi. Ana shunday buyuk zotlarning faoliyati, jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyati, bugungi hayotga ta’siri haqida jamoatchiligimizga. yosh avlodga yetarlicha ma’lumot yetkazib beryapmizmi, degan masala barchamizni o‘ylantirishi kerak. Masalaga shu nuqtayi nazardan qarab, nima uchun butun dunyo ahli buyuk ajdodlarimizning merosini tan olishini, bu ulug‘ zotlar nima hisobidan bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani, buning tub omillari, sabablari nimada ekanini har tomonlama chuqur ochib berishga qaratilgan ilmiy-ommabop va ma’rifiy ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar, maqola va risolalar yaratilyaptimi-yo‘qmi, yaratilayotgan bo‘lsa, ular bugungi talablarga javob beradimi, degan savolni o‘z-o‘zimizga berishimiz lozim. Afsuski, bu borada ommaviy axborot vositalarida amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo‘lmasligini jurnalistlarimizning aksariyat ko‘pchiligi ham yaxshi biladi. Bu mavzuni yoritishdagi kamchilik va nuqsonlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Eng asosiysi — avvalo bilim va malaka, ijodiy mahorat va mas’uliyatning yetishmasligi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ma’naviy tarbiya sohasidagi ishlarimizga yangi turtki berish uchun yuqorida nomlari zikr etilgan ulug‘ siymolarning har biri haqida keng ommaga, birinchi navbatda yoshlarga mo‘ljallangan alohida ma’rifiy ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar yaratish, gazetalarimizda maxsus ruknlar tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Ta’kidlash kerakki, bunday mavzudagi ko‘rsatuv va eshittirishlar onda-sonda emas. aksincha, puxta o‘ylangan tizimli asosda tayyorlanishi lozim. Bunda eng zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda, yoshlarning ongiga mos, ularning qiziqish va intilishlariga hamohang bo‘lgan, ularni o‘ziga tortadigan jihatlarga alohida e’tibor qaratish kerak. Uzoq va zerikarli ma’ruzalardan iborat ko‘rsatuvlarni keng tomoshabinlar, birinchi navbatda yoshlar qabul qilmaydi. Bu yo‘nalishdagi yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizdagi eng salohiyatli olimlar, tarixchi va adiblar, bilimdon mutaxassislar ishtirokida ilmiy-ijodiy guruhlar tuzish, ularga zarur sharoit yaratib berish, maxsus grantlar ajratish masalasini o‘rganib chiqish haqida topshiriq berildi. Barchamizga ma’lumki. yaqin tariximizda va bugungi kunda ma’naviy hayotimizda munosib o‘rin egallagan katta san’atkorlar, rejissyorlar, rassomlar kam emas. Jamoatchiligimiz, yoshlarimiz ularning ijodiy faoliyati haqida kengroq ma’lumot olishni, betakror san’atidan yanada to‘laroq bahramand bo‘lishni istaydi.

Misol uchun, mumtoz qo‘shiqchiligimizning mohir ijrochisi ^^Munojot Yo‘lchiyeva^^ ijodini olaylik, Bugun bu san’atkor ustoz darajasiga yetishdi. Lekin uning salohiyati va imkoniyatlaridan biz to‘laqonli foydalanyapmizmi? Ilgarilari san’at olamida [Yunus Rajabiy] maktabi yoxud ^^Halima Nosirova^^ maktabi bo‘lardi. Yoki yaqinda vafot etgan buyuk san’atkor [Turg‘un Alimatov]ning o‘z ijodiy maktabi bor edi. Nima uchun bugun ^^Munojot Yo‘lchiyeva maktabini tashkil etmasligimiz kerak? Uning ijod yo‘li, ijro mahorati haqida ko‘rsatuvlar tashkil etib yoki konservatoriyada "ustoz-shogird” turkumida dars-mashg‘ulotlar uyushtirib, qiziqarli bir shaklda tomoshabinlarga taqdim etilsa, bu ham o‘lmas ma’naviy merosimizni xalqimizga yetkazishga xizmat qilmaydimi? Shuningdek, atoqli matematik olimlarimiz haqida yoki shaxmat bo‘yicha jahon chempioni [Rustam Qosimjonov] haqida hujjatli film yaratib, ularning timsolida xalqimizning qanday yuksak intellektual salohiyatga ega ekanini ko‘rsatib bersak, bu, hech shubhasiz, yoshlarimizning qalbida o‘z aql-idroki. o‘z kuchiga ishonch tuyg‘usini oshiradi, eng muhimi, ular uchun hayotda o‘ziga xos ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Xalq ustalari, masalan, mohir naqqosh va o‘ymakorlarning betakror ijodi butun boshli maqola yoki ko‘rsatuvlarga mavzu bo‘lishga arzimaydimi? Afsuski, hozir e’lon qilinayotgan chiqishlarda ularning ishlari shunchaki yuzaki ta’riflab o‘tiladi, xolos. Bu o‘lmas san’at namunalarining asrlar davomida nima hisobidan yashab, e’zoz topib kelayotganining nozik tomonlari e’tibordan chetda qoladi. Agar ularning mahoratini atroflicha chuqur yoritib, bu sermashaqqat kasbning siru asrori to‘liq ochib berilsa, qancha-qancha yoshlarimizda shu kasbga nisbatan mehr va havas kuchayishi tabiiy. Albatta, ommaviy axborot vositalari bu boradagi hamma yo‘nalishlarni birdan qamrab ololmaydi, lekin asosiy, eng muhim mavzular doimo e’tibor markazida turishi kerak. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ana shu fikrlar yuzasidan bo‘lib o‘tgan muloqotda so‘zga chiqqan jurnalist va ijodkorlar Yurtboshimizning yuqorida bayon etgan qarashlari ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun dasturiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Darhaqiqat, hozirgi kunda mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan 4 mingdan ziyod moddiy-ma’naviy obida umumjahon merosining noyob namunasi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ana shunday boy ma’naviy merosimizning mohiyati va ahamiyatini yoshlarimiz ongiga teran singdirish matbuotimizning dolzarb vazifasidir.

Yig‘ilishda milliy qadriyatlarimiz, xususan, buyuk ajdodlarimiz haqida ko‘rsatuv yoki tahliliy maqolalar tayyorlaganda siyqa yondashuvlarga, umumiy gaplarni takrorlashga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi, mavzuning ichki ma’nosini chuqur ochib berish orqaligina kutilgan samaraga erishish mumkinligi aytib o‘tildi. Bu esa avvalo har qaysi jurnalist, rejissyor yoki ssenaristning ijodiy mahorati, uning bilim va tajribasi, professional malakasini muntazam ravishda oshirib borishni talab etadi. Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlarini yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘ladigan asosiy manba Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asari ekani e’tirof etilib, bu kitobda bugungi va ertangi kunimiz uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan, nafaqat yangi ko‘rsatuv va eshittirishlar. balki ko‘plab ilmiy tadqiqotlar, badiiy, hujjatli va publitsistik asarlar uchun turtki va yo‘nalish beradigan bir qator mavzular asoslab, ko‘rsatib berilganiga e’tibor qaratildi. Ushbu asarda aks etgan ezgu fikr va g‘oyalarni keng aholi qatlamlariga yetkazib berish borasidagi ishlarni chuqur ilmiy asosda izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi. Yig‘ilish yakunida ommaviy axborot vositalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlarining samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish haqida kelishib olindi.

Total words

1,744

Unique words

1080

Annotated anthroponyms

29

Toponyms

1

TTR

0.619

Hapax

822

Distribution

Top frequency chart

Dataset