🔍

Article

QUDRATLI TAYANCH

By Erkin VOHIDOV, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq … • in 2009

Mustaqillikning dastlabki yillari, aniqrog‘i, 1993-yilning may oyi edi. Prezident devonidagi mo‘jazgina Qabullar uyida davlatimiz rahbari [Islom Karimov]ning bir guruh ijodkorlar bilan suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘sha kunlar mamlakatda vaziyat ancha murakkab, inqirozga yuz tutgan iqtisodni tiklash, aholini non va eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oshkora tahdid solib turgan ming bir xatarning oldini olish kerak edi. Ochig‘i, ijodiy suhbat ko‘ngilga sig‘adigan payt emasdi.

Mana endi, yillar o‘tib, g‘alvir suvdan ko‘tarilganda, u xotirali muloqotning qadri, ma’naviyat va mafkura mavzusidagi bahsning ahamiyati yaqqol ayon bo‘ladi.

O‘sha suhbat ishtirokchilari Yurtboshimiz so‘zlarini hali-hamon eslab yuradilar;

— Hukmron mafkura endi yo‘q. Lekin mafkurasiz jamiyat bo‘lmaydi, mafkurada esa bo‘shliq bo‘lmaydi, Ma’rifat egallamagan ongni jaholat egallaydi.

— Imorat qancha baland quriladigan bo‘lsa, poydevorni shuncha chuqur olish kerak bo‘ladi. Biz bugun yangi, zamonaviy, demokratik jamiyat asoslarini qurmoqdamiz. Ilg‘or davlatlar tajribasi bizga asqotadi. Lekin biz qurajak imoratning poydevori o‘zimizning azaliy qadriyatlarga qurilsa, deyman. Ota-bobolarimiz ming yillar davomida yaratgan, xalq qalbidan chuqur joy olgan ma’naviy fazilatlar asos bo‘lsa, deyman...

— Iqtisodni tiklash , shahar-qishloqlarni obod qilish aql va tadbir bilan, g‘ayrat va hamjihatlik bilan amalga oshadigan ishlar. Lekin odamlar ongini o‘zgartirish, yangicha dunyoqarashni singdirish mushkul va murakkab, uzoq yillarni talab qiladigan ish. Ana shu ishda sizlarning yordamingiz kerak bo‘ladi.

Bu so‘zlarining aytilganiga o‘n besh yildan oshdi. Mamlakatimiz bu vaqt orasida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Yurt boshqa, tafakkur boshqa, ma’naviy qadriyatlarga munosabat boshqa bo‘ldi. Biz ko‘rmasak, kelajak avlodlarimiz ko‘rar, deya qilgan xayollarimiz ro‘yobga chiqdi. O‘zbekiston dunyoga tanildi, o‘zbek xalqi egilgan qaddini baland ko‘tardi. Agar o‘n besh yil ilgari birov bizdan, oradan ko‘p o‘tmay Moskvaning markazida, Tokioning eng so‘lim go‘shasida bobomiz [Alisher Navoiy]ga haykal o‘rnatiladi, ularning ochilishida ishtirok etasan, desa ishonarmidik? Belgiyada [Ibn Sino,] Misrda [Ahmad Farg‘oniy], Latviyada [Mirzo Ulug‘bek] siymolarini ko‘rish xayolimizga sig‘armidi? Yurtning bugungi ko‘rki, bo‘y-basti, obro‘-e’tiborini to‘lig‘icha tasavvur etganmidik? Bularning hammasi tinch taraqqiyotimizni, bunyodkorlik ishlarimizni ta’minlab bergan oqil siyosat, birinchi qadamlardan to‘g‘ri tanlangan yo‘l, erishilgan muvozanat natijasidir. Bu esa osonlik bilan bo‘lmagan. O‘sha dolg‘ali kunlarda, xaloyiq turli-tuman guruhlar qutqusi bilan ko‘chalarga chiqqanda, zo‘ravon mafkura qulab, uning o‘rni huvillab qolganda millatni birlashtiruvchi qudratli g‘oya kerak edi. Ana shunday mushkul va murakkab muammo qarshisida davlatimiz rahbari yagona va eng to‘g‘ri yo‘lni tutdi. U millatning asl qadriyatlariga suyandi. Xalq tabiatida azaldan mavjud bo‘lgan, yetmish yillik tazyiq barbod qilolmagan imon-e’tiqod, diyonat, mehr-oqibat kabi ma’naviy asoslarini yangi jamiyatning buyuk tayanchiga aylantirdi. Bu ezgu va pok qadriyatlar o‘zining milliy va umuminsoniy xususiyatlari bilan, hech bir din, hech bir mafkura inkor etishi mumkin bo‘lmagan chuqur hayotiy asosi bilan ko‘p millatli, turlicha e’tiqodli jamiyatni birlashtirgan xaloskor qudrat bo‘ldi. “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch”. Muhtaram Prezidentimizning shu nom bilan atalgan kitobini mutolaa qilarkanman, mustaqil O‘zbekistonning yaqin tarixi bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi. Negaki, kitobda tasvir etilgan hodisalarning ko‘piga o‘zim shohid bo‘lganman, bayon qilingan fikrlarning ko‘pini muallifning o‘z tilidan eshitganman. Ular kecha yo bugun paydo bo‘lgan fikrlar emas, balki yillar davomida yig‘ilgan, jahonshumul voqea va hodisalarga munosabat sifatida, zamona ko‘ndalang qo‘ygan og‘riqli savollarga javob tariqasida tug‘ilgan mulohazalardir.

1989-yil oktyabrining shukuhli onlari yodimdan chiqmaydi. O‘shanda Vatan mustaqilligi yo‘lidagi ilk dadil qadam qo‘yilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida"gi Qonun qabul qilingan edi. Qonunni tayyorlash jarayonida ishtirok etib, keskin bahs va tortishuvlarga guvoh bo‘lganman. Hali eski tuzum ta’siridan qutulmagan bir guruh arboblar o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishiga ochiqdan ochiq qarshi turdilar. Yana bir guruhi “Davlat tili deb rus va o‘zbek tillari e’lon qilinsin”, degan talabni olg‘a surdilar. Bu mazmundagi qonun loyihasini matbuotda muhokama uchun chop etdilar. Shunday murakkab vaziyatda respublikamiz rahbari [Islom Abdug‘aniyevich Karimov] o‘zbek tilining davlat maqomini dadil himoya qilgan va yurtimizning ko‘p millatli ekanini ham hisobga olib. bag‘rikenglik asosida mukammal va muvozanatli qonun tayyorlash ishiga bosh bo‘lgan edi.

Jasorat va donishmandlikning uyg‘unligi bo‘lgan bu qonun mohiyatini o‘sha kezlari anglamaganlar keyinroq tushunib yetdilar. O‘zbekchani bilmaganga O‘zbekistonda joy yo‘q, deya hayqirib yurganlar ham hovuridan tushdilar.

Millat qaddini ko‘targan va yurtni ko‘plab mojarolardan, nodir mutaxassislarning ketib qolishidan saqlagan o‘sha tarixiy hujjat Yurtboshimiz rahbarligida yaratilgan milliy qonunchilik maktabining dastlabki namunalaridan biri edi.

1994-yil 22-sentyabri. Prezident [Islom Karimov]ning Oliy Majlis minbaridan aytgan dardli so‘zlari hali-hamon yoddan ko‘tarilmagan: " — O‘zingiz o‘ylab ko‘ringlar, aziz do‘stlar, mustabid tuzum, mustamlakachilik davrida biz kim edik? — Taqdirimiz, erkimiz kimlarning qo‘lida edi? — Ka’ba deb qayerga sig‘inar edik? Har tong “Assalom!..” degan madhiya ohanglari ostida kimlarga qulluq qilib uyg‘onardik?" Ayni o‘sha kunlarda sobiq imperiyani qayta tiriltirish harakati boshlanib ketgan, ayrim davlat va jamoat arboblari turli shakl va turli nomda sho‘ro davlatini tiklash taklifini olg‘a surmoqda edilar. Yurtboshimizning yorqin va ta’sirli so‘zlari, qat’iyati hammamizda tanlagan yo‘limizdan ortga qaytish yo‘q, degan ishonchni mustahkamlagan edi.

Mustaqillik bizga hurriyat, o‘z taqdirimizga egalik huquqi barobarida ma’naviy asliyatimizni qaytarib berdi. “Xalq uchun afyundir” deya hukm o‘qilgan dinimiz yana ma’naviy qadriyatga aylandi, nomlarini aytish qatag‘on bo‘lgan [Imom Buxoriy,] [Sohibqiron Amir Temur], ijodi “reaksion” sanalgan ulug‘ shoiru allomalarimiz, ruhlari quvg‘in bo‘lgan ajdodlarimiz Vatanga qaytdilar. "Bu yorug‘ olamda eng buyuk jasorat nima, degan savolga, hech ikkilanmasdan, eng buyuk jasorat — bu ma’naviy jasorat, deb javob bersak, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘lamiz”. Bu haqqoniy so‘zlarni mamlakatimiz rahbarining o‘z faoliyatiga, jamiyatni yangilash yo‘lida amalga oshirayotgan ishlariga to‘la-to‘kis tatbiq etish mumkin. Hind xalqining ulug‘ farzandi, Hindistonning birinchi davlat rahbari, mamlakat mustaqilligini e’lon qilgan [Javaharla’l Neruning] “Jahon tarixiga bir nazar” deb atalgan kitobi bor. O‘ttizinchi yillar boshida yozilgan. Garchi u qizi Indiraga maktublar shaklida yozilgan bo‘lsa ham, aslida, barcha hind yoshlariga, balki butun jahon xalqlariga murojaat edi. “Dunyo tarixini bil, o‘zligingni tani, mustamlakachilik mohiyatini angla, sen — ozod insonsan”, degan xitob edi. Har bir xalq tarixining mas’uliyatli burilish nuqtalarida ogohlikka chorlovchi shunday kitoblarga ehtiyoj paydo bo‘larkan. Bundan o‘n yil avval jahon yuzini ko‘rgan “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” ana shunday asar edi. Prezident [Islom Karimov]ning qo‘limizdagi yangi kitobi asrning yana bir mash’um xatari, balki qurol, otash balolaridan ham dahshatliroq bo‘lgan jahonshumul ma’naviy xurujdan ogoh qiluvchi nidodir. Qarangki, [Neruning] maktublari yozilganida, [Indira Gandi] o‘n yetti yoshda ekan. Bugun Istiqlol yilida tug‘ilganlar o‘n yettiga to‘lib, ota o‘gitlari bitilgan kitobni qabul qilib oldilar. Yaxshi kitobni o‘qib tugatgan kishi, odatda, yayradim, maza qildim, rohat topdim, deydi. Lekin shunday kitoblar borki, ularni mutolaa qilsang, aksincha, oromingni yo‘qotasan. Ular seni o‘ylashga, fikr yuritishga majbur qiladi. Ko‘ngilga yurt g‘amini, millat qayg‘usini soladi. Anglagan kishiga bunday qayg‘u ming kitob rohatidan afzaldir. “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” ana shunday nodir kitoblar sirasiga kiradi. Uni tagzaminiga yetib o‘qigan har bir inson o‘ziga savollar beradi. Shu zahmatkash xalqim uchun, kurashlarda qo‘lga kiritilgan Istiqlol uchun, kelajagini qurayotgan yurtim uchun men nima qildim, deya o‘zidan so‘raydi. Burch tuyg‘usi, qarzdorlik hissi unga tinchlik bermaydi.

Hurriyat — or-nomus, nafsoniyatdir,
Qadrin bilgan elga mangu niyatdir.
Hurriyatning o‘zi tayyor baxt emas,
Baxt uchun eng buyuk imkoniyatdir.

Hurriyatga ishonch, saboting kerak,
Jur’ating, parvozing, qanoting kerak.
Vatan hurriyati uchun hamisha
Fidolikka tayyor hayoting kerak.

Total words

1,072

Unique words

787

Annotated anthroponyms

13

Toponyms

0

TTR

0.734

Hapax

650

Distribution

Top frequency chart

Dataset