Yurtboshimiz mustaqillikning dastlabki yillaridan beri xususiy tadbirkorlik, ishbilarmonlik, fermerlikning mamlakatimiz obodonchiligi, xalqimiz farovonligini oshirishda ulkan ahamiyat kasb etishligini qayta-qayta ta’kidlab kelmoqda.
$$Farg‘ona vodiysi$$dagi uch viloyat teleko‘rsatuvlari galma-gal namoyish etiladi. Shunday ko‘rsatuvlarning birida xuquq-tartibot idoralari faoliyatiga bag‘ishlangan qisqagina lavha beixtiyor diqqatimni tortdi. Unda uyini omborga aylantirib, qandaydir qing‘ir yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan bir necha bochka paxta yog‘ini deyarli ikki baravar qimmatga pullayotgan shaxsning kirdikori fosh etilgan edi. Ming taassuf! Chirmovuq o‘zini o‘simlik hisoblaganidek, o‘ng kelgan vaziyatdan foydalanib. hatto mahalladoshlarini qaroqchidek shilish evaziga boylik orttirishdan hazar qilmaydigan bunday toifalar ham, nahotki, uzlarini ishbilarmon deb bilishsa?! Xayriyatki, o‘z nomini sharaflab yashovchi haqiqiy ishbilarmonlarimiz yurtda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular yulib tashlanishga mahkum etilgan o‘sha chirmovuqfe’llardan farqli o‘laroq, mevali o‘simliklardek to‘kinchilikka daxldordirlar. Nafaqat Farg‘onada, balki respublikamizda ham tadbirkorlik maktabi sifatida tilga tushgan Oltiariq tumanida har qadamda elga qayishib ish ko‘ruvchi mulkdorlar son-sanoqsiz. Aka-uka Erkaboyevlar, Umrzoqovlar, G‘ayrat Qosimov, Farhod Abdurahimov... Bunday saxovatpeshalar ichida o‘ta yurtparvarligi bilan ajralib turuvchi yosh tadbirkor Hokimnazar Mamatov haqida alohida so‘z yuritmoqchimiz. Bunga bir voqea turtki berdi. Yuqorida aytilgan «yog‘furush»ning o‘laksaxo‘rlarga xos atvoridan ko‘nglim xiralashganicha mahallamiz guzariga chiqib bordim-u, bir qopi bozordagidan qariyb o‘n ming so‘m arzonga un sotilayotganining guvohi bo‘ldim. Gapning tagiga yetgach, qalbim tuyqus yashnab ketdi.
G‘alla mahsulotlarining jahon bozorida keskin qimmatlashib ketishi bizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Mamlakatimizda g‘alla mustaqilligini ta’minlash choralari o‘z vaqtida ko‘rilgani ko‘l kelib, tahlikali holat yuz bermagan bo‘lsa-da, ayrim ochofatlar fursatdan foydalanib, cho‘ntakni qappaytirish maqsadida unning narxini sun’iy ravishda haddan ziyod oshirib yuborishga urindilar, Yaxshiyamki, hukumatning joylardagi vakillari tezkor choralar ko‘rib, mahalla boshqaruvlari orqali unning aholiga imtiyozli narxlarda sotilishini vaqtida ta’minlay olishdi. Shunday kunlarda el ishiga jonkuyarligini Hokimnazar yana bir bor namoyon etdi. Keltirilgan uch ming tonna unning o‘n tonnaga yaqini nisbatan kamxarj oilalarga bepul tarqatildi. Bu bilan u aholi o‘rtasida ba’zi bir tushunmovchiliklar kelib chiqishining oldini olishda mahalliy rahbarlar bilan yelkama-yelka turib, yurtga fidoyilik namunasini ko‘rsatdi. Agar istasa, mahsulotni qimmatroqqa sotib, tuzukkina foyda ko‘rishi mumkin edi. Ammo u kabobni emas, savobni tanladi. Prezidentimiz biz, tadbirkorlarga har yoqlama suyanch bo‘lib. kasbimizdan baraka topishimiz uchun katta imkoniyatlar yaratib bermoqda, — deydi Hokimnazar Mamatov. — O‘z navbatida, biz ham Yurtboshimiz boshchiligida belgilanayotgan ulug‘vor rejalarni tezroq yuzaga chiqarish, yurtimizda osoyishtalik, serobgarchilik bo‘lishini ta’minlashda dastyorlik qilolmasak, oddiy odamiylik tushunchasi qayoqda qoladi?
Og‘ir kunlardan burnimizni qonatmay olib chiqqan, xalqimizni yorqin manzillarga yetaklayotgan Yo‘lboshchimizga bundan keyin ham yelkadosh bo‘laveramiz. Boylik orttirishdan maqsad, avvalo, o‘lkasini yanada ko‘rkam, millatdoshlarini yanada baxtiyor qilish ekanini og‘izda gapirish boshqa, amalda namoyish etish boshqa. Hokimnazar boshchiligidagi jamoa bultur tumandagi mehnat faxriylari sihatgohiga qo‘shimcha bino qurishga 5,5 million so‘m mablag‘ ajratdi, oliy o‘quv yurtlarida tahsil ko‘rayotgan mahalliy talabalardan o‘n nafarining shartnoma pullari to‘lab turilibdi, Poloson qishlog‘idagi bosh gaz taqsimlagichning qishga qolmasdan ishga tushirilishiga katta yordam berildi. Ijtimoiy himoya yili munosabati bilan o‘tkazilgan turli xayriya tadbirlarining aksariyatida ular faol qatnashdilar. Bulardan tashqari, 2-ligada qatnashayotgan «Imkon-Oltiariq» futbol jamoasi (Hokimnazarning o‘zi bunda to‘purar hujumchilardan biri) to‘liq otaliqqa olingan. Qishloq futbolchilari uchun yetti ming o‘rinli stadion qurilishi boshlab yuborildi. Bu ishlarga 25 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
Ba’zi ishbilarmonlarni ko‘rib, ular ko‘proq pul sanashga ishqiboz, degan tasavvur uyg‘onadi kishida.