O‘tgan yilning noyabr oyida $$London shahri$$da «Qur’oni karim (matni, talqini va tarjimalari)» mavzusiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. $$London universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlari markazi$$ tomonidan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu anjumanda 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan taniqli islomshunos, qur’oniy ilmlarning yetuk tadqiqotchilari va sharqshunoslarning 50 dan ziyod ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Biz ham «Toshkentdagi Usmon Mus’haf (qur’oni)ining tarixi» mavzuida ma’ruza qildik. So‘ngra o‘tgan yili Toshkentning Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan respublika ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi tomonidan suratga olingan «Mus’hafi Usmoniy» filmi namoyish etildi. 20 daqiqalik bu film xorijlik olimlarga shu darajada manzur bo‘ldiki, ularning ko‘pchiligi o‘z mamlakatlarida ko‘rsatish uchun filmdan nusxalar ko‘chirib berishimizni iltimos qildilar.
Ma’lumki, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom vafotlaridan keyin saltanatni o‘ttiz yil davomida birin-ketin to‘rt xalifa — Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali hazratlari boshqarganlar. Uchinchi xalifa Umar rahnamoligida (644- 656-yillar) vujudga kelgan tarixiy zarurat tufayli 650-yilda ilk marta Qur’oni karimdan kiyik terisiga kufiy xatida olti nusxa ko‘chirilib, o‘sha davrdagi islom dinining markazlari hisoblangan Makka, Madina, Bag‘dod, Basra, Kufa kabi shaharlarga bir nusxadan yuborilgan. Xalifa Umar bir nusxani o‘ziga olib qolgan. Oradan bir necha asrlar o‘tgach esa ushbu mo‘tabar nusxalardan biri Amir Temur hazratlari tomonidan Samarqandga olib keltirilgan edi. Hozirda ushbu muqaddas kitob Toshkentda, O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yaqinda davlatimiz rahbarining bevosita rahnamoligida Hastimom dahasi batamom qayta qurilib, betakror majmua barpo etildi. Majmuaning ko‘rki bo‘lgan Mo‘yi Muborak madrasasida zamonaviy uslubda jihozlangan maxsus moslama o‘rnatilib, butun musulmon dunyosi uchun noyob va bebaho diniy-ma’naviy boylik hisoblangan muqaddas Mus’haf mana shu joyda mukammal muhofaza qilingan holda saqlanmoqda. Anjuman kunlarida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli islomshunos, sharqshunos olimlar bilan muloqotda bo‘ldik. Jumladan, turkiyalik taniqli olim, Istanbuldagi Islom tadqiqotlari markazining professori Muhammad Said Uzurvarli janoblari bilan muloqotimiz g‘oyatda samarali kechdi. Uzurvarli bizga o‘zi tadqiq qilib, bundan ikki yil muqaddam Istanbulda chop ettirgan samarqandlik taniqli faqih Alouddin Muhammad al-Usmondiyning arab tilida yozilgan «Lubob al-kalom» («Kalom ilmining javhari») nomli asarini tuhfa qildi. Aytish kerakki, Al-Usmondiy haqida mutaxassislarimizda muayyan tushuncha bo‘lsa-da, lekin uning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi haqida yetarli ma’lumotga ega emasdik.
Olimning to‘liq ismi Abul Fath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn as-Samarqandiy al-Usmondiy bo‘lib, hijriy 488 (milodiy 1098, ya’ni bundan 910-yil muqaddam) yilda Samarqandning Usmond qishlog‘ida tavallud topgan (qishloq ba’zi manbalarda Asmand yoki Samand kabi nomlar bilan ham atalgan). Uning otasi Muhammad Abdulhamid ibn Umar al-Usmondiy Samarqandning yetuk olimlaridan sanalib, so‘zga chechanligi va mohir va’zxonligi bilan xalq orasida tanilgan edi. Yozma manbalarda al-Usmondiyning hayoti haqida juda kam ma’lumotlar keltirilgan. U 60-yil umr ko‘rib, hijriy 552 (milodiy 1157) yilda Buxoroda vafot etgan. Ayrim mualliflarning yozishicha, u fiqh ilmini ustozi Ashraf ibn Muhammad al-Alaviydan, hadis ilmini esa as-Sadr ash-Shahid laqabi bilan mashhur bo‘lgan Umar ibn Abdulaziz ibn Muoz al-Buxoriydan o‘rgangan. Yana manbalarda ko‘rsatilishicha, al-Usmondiy qator islomiy ilmlarda, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarni o‘rganadigan maxsus soha — ilm al-xilof bo‘yicha yetuk olim hisoblangan. Ilm ahllari orasida bo‘ladigan bahs va munozaralarda o‘zining chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan.
Alloma hozirgi avlodlarga ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan bo‘lib, ularning hammasi arab tilida yozilgan. «Xasr al-masoil va qasr ad-daloil» («Muayyan masalalar va qisqa dalillar»), «Tariqat al-xilof fil fiqh bayn-al-aimmat al-aslof» («O‘tgan allomalar o‘rtasida fiqh ilmidagi ixtiloflar»), «Bazl an-nazar fil-usul» («Fiqh asos- larida chuqur nazar»), «Ta’liqa
fil-fiqh» («Fiqh ilmida izoh»), «Al-Amoliy» («Imlo qilingan masalalar») fikrimiz isbotidir.
Shular bilan birga, al-Usmondiyning ilmiy-ma’naviy merosida «Lubob al-kalom» («Kalom ilmining javhari») nomli asari salmoqli o‘rin egallaydi. Uning ikki qo‘lyozmasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining qora Chalabiyzoda bo‘limidagi bir necha qo‘lyozma asarlar jamlangan majmuada (raqami 347) keltirilgan. Asarning ushbu eng qadimiy nusxasida ko‘p harflar arab tiliga xos bo‘lgan nuqtalarsiz nasta’liq xatida xattot Ali ibn Najmiddin tomonidan ko‘chirilgan. Qo‘lyozmaning oxirgi varag‘idagi yozuv nusxaning muallif vafotidan keyin qariyb bir yarim asr o‘tgach ko‘chirilganligini bildiradi. Asarning Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso nomli xattot nasta’liq xatida ko‘chirgan ikkinchi qo‘lyozma nusxasi esa Sulaymoniya kutubxonasidagi Shahid Ali Posho bo‘limida 1704 raqami ostida saqlanadi.
«Lubob al-kalom» qimmatli manbadir. Muqaddimada «Hidoyatan lil mubtadiy fi tas’hih al-e’tiqod» deb yozgan muallif o‘z asarini e’tiqodni sog‘lomlashtirish, tuzatish yo‘lida dastlabki qadam tashlaydiganlarni hidoyat yo‘liga boshlash maqsadida yozganligini ta’kidlaydi. Zero, al-Usmondiyning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish yurtimizdan chiqqan olimlarning islom madaniyati va falsafasi, ayniqsa, islomiy ilmlar rivojiga qo‘shgan ulkan hissalarini aniqlashdek muhim va oliyjanob ishga xizmat qilishi, shubhasizdir.