🔍

Article

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari: IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISHNING MUHIM ASOSI

By Shavkat ORTIQOV suhbatlashdi • in 2008

Istiqlol yillarida jamiyatimizning barcha jabhalarida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni axborotlashtirish, pochta va telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mavjud tuman va shahar markazlarini zamonaviy raqamli telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash, iqtisodiyotning ko‘plab institutlarida elektron hujjat aylanishi tizimlarini takomillashtirish yuzasidan qilingan ishlar ana shu sa’y-harakatlar samarasidir. Muxbirimizning O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bo‘lim boshlig‘i [Fayzulla AGZAMOV] bilan suhbati shu xususda.

— Bugun butun dunyoda, xususan, yurtimizda ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)ning o‘rni tobora ortib borayapti. Qolaversa, axborot almashinuvi tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayting-chi, bunda asosiy e’tibor ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga qaratilmoqda?

—Ta’kidlash joizki, axborotlashtirish sohasidagi islohotlar, zamonaviy axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish masalasi mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida olib borilmoqda. Ya’ni, bunda faqat yo‘nalishnigina emas, balki respublika iqtisodiyoti va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olish bosh maqsad qilib olingan. Hozir ana shulardan kelib chiqib, ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, boy tarixiy va madaniy merosimiz, ma’naviyatimiz hamda mentalitetimizga mos milliy axborot muhitini shakllantirish maqsadida respublikamiz aholisi va davlat organlari manfaatlarini ko‘zlaydigan axborotlashtirish yo‘nalishidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligini yanada yaxshilash uchun davlat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda davlat interaktiv xizmatlari, axborot resurslari va tizimlari ro‘yxati barqarorlik kasb etmoqda.

— Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, bu masalada dunyo amaliyoti tajribasida qanday holatlar ko‘zga tashlanadi?

— Keling, ayrim misollarga murojaat etaylik. Jahonning bir qator taraqqiy etgan davlatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiy o‘sish munosabatlarida o‘zaro bog‘liqlik mavjud. Xususan, «Economist Intelligence Unit» mutaxassislarining 60 ta mamlakatda olib borgan izlanishlari aynan rivojlangan davlatlardagina axborot-kommunikatsiya texnologiyalari iqtisodiy o‘sish bilan hamohang ekanligini ko‘rsatdi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’siri kam bo‘lib, mazkur soha yalpi ichki mahsulotning jon boshiga o‘sishini ta’minlashi faqat- gina AKTning taraqqiy etishi ma’lum bir chegaraga yetgandan keyingina amalga oshishini anglatmoqda. Misol uchun, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi AQSHda 7.2, Yevropa Ittifoqida 5,6 foizni tashkil etadi. Mazkur sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar miqdori esa AQSHda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,2 Yevropa Ittifoqida 2,4 foizga teng.

AKT sohasida ilmiy tadqiqotlar uchun sarflangan xarajatlarga kelsak, Amerikada bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,8, Yevropa Ittifoqida 2, Yaponiyada 3 foizdan iborat.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, davlat boshqaruvida AKTni qo‘llash uning samaradorligini, jumladan, axborotning o‘zaro ta’siri, qayta ishlanishi va izlanishini amalga oshirish uchun vaqtning qisqarishi hisobiga 20 foiz oshirish imkonini beradi.

— Bu nimalarda o‘z aksini topadi?

— Aytaylik, bunda axborot almashinuvining elektron usulidan foydalanishda sarf-xarajatlar o‘n barobarga qisqaradi. Idoralarda texnik xodimlar bir qismining kamay- tirilishi hisobiga esa davlat bosh- qaruvida xarajatlarning ham qisqarishiga erishiladi. Fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatining samarali tashkil etilishi ta’minlanadi va murojaat davomiyligi o‘rtacha 12 barobarga kamayadi. Ya’ni, 4 soatdan 15-20 daqiqagacha. Elektron savdo tizimini yaratish, tay- yorlash, o‘tkazish hamda sotishni tashkil etish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larini esa yigirma foizdan qirq foizgacha iqtisod qilish imkonini beradi. Shuningdek, soliq tizi- mida AKTni qo‘llash davlat byudjeti- ga soliq tushumlari darajasini o‘rtacha 10 foizga oshiradi. Elektron nusxa- dagi axborot hajmi har uch yilda ikki marotaba ko‘payadi. Elektron axborot hajmining oshishi bilan birga, qog‘oz- li hujjatlar soni va hujjat almashinuvining hajmi ham yuksaladi.

Ma’lumki, davlat mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, ayting-chi, respublikamiz davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida aynan AKTni keng joriy etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Mana bu raqamlar ham fikrimizni tasdiqlaydi: ayni vaqtda davlat boshqaruvi organlarining 97 foizi o‘z veb-saytiga ega. Lokal kompyuter tarmoqlari 90 foizni tashkil etmoqda. Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari xodimlarining kompyuter savodxonligi bo‘yicha bilim darajasi esa salkam 84 foizga teng. Davlat boshqaruvida AKT kuylanilishini yanada rivojlantirish maqsadida hukumatimiz qarori bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining veb-sahifalariga rasmiy maqom berildi. Shuningdek, milliy axborot-qidiruv tizimi yaratildi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining veb-sahifalarini Internetda bexatar joylashtirish uchun maxsus himoyalangan texnologik maydon yaratildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirish maqsadida, hukumatning maxsus qaroriga asosan, davlat organlarining 49 ta interaktiv xizmat turlari tasdiqlandi. Bundan tashqari, elektron tijoratni rivojlantirish, axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlarini tashkil etishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. — So‘nggi yillarda aholiga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlarining nafaqat turi, balki sifati ham ancha oshdi. Bugun yurtdoshlarimiz ana shu qulayliklardan erkin foydalanish imkoniyatiga egalar. Aytaylik, dunyoning istalgan burchagi bilan aloqa o‘rnatmoqchi bo‘lsak, marhamat, raqamli telekommunikatsiya tarmog‘i xizmatimizga shay turibdi. Yoki Internetni olaylik. Bizni qiziqtirgan biror yangilik yoxud ma’lumot kerak bo‘lsa, qandaydir soniyalar ichida bunga ham ega bo‘la olamiz. Mana shunday qulayliklarni yaratib berish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Shunday emasmi? —Darhaqiqat, dunyoning bir qator davlatlarida mazkur yaxlit tizimni zamonaviy asosda shakllantirishga hamisha e’tibor katta. Siz aytayotgan o‘sha telekommunikatsiya tarmog‘i, Internet yoki ushbu yo‘nalishdagi boshqa xizmatlar imkoniyati doimiy ravishda kengaytirib boriladi. Ana shu ishlar negizida, hech shubhasiz, xalq manfaati yotadi. Bizda ham odamlarimizning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida maxsus dastur asosida yuqorida ta’kidlangan ishlar tashkillashtirilmoqda. Asosiy e’tibor yangi xizmat turlarini joriy etish va rivojlantirishga qaratilgan. Aholiga ko‘rsatiladigan aloqa xizmatlari hajmining oshib borayotgani ham shundan dalolat berib turibdi. O‘z navbatida, bu xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan talab ham ortib borayapti. Masalan, bugun Internetdan foydalanuvchilar soni 1 million 904 ming kishidan oshdi. Jamoa foydalanish punktlari esa 740 tani tashkil etmoqda.
— Axborot resurslarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida yagona texnologik maydon ham tashkil qilingan dedingiz. Shu xaqda to‘liqroq ma’lumot berib o‘tsangiz.
— Atamadan ham ma’lumki, bu axborot resurslarining xavfsizligini ta’minlovchi maydon hisoblanadi. Ushbu maydonda davlat organlarining rasmiy saytlari bepul joylashtiriladi. «UzCERT» xizmati tomonidan har chorakda barcha vazirlik va davlat hokimiyati organlari serverlari va veb-saytlari axborot xavfsizligi talablariga muvofiq kelish-kelmasligi tekshiriladi. Internet tarmog‘i milliy segmenti foydalanuvchilarining veb-resurslarini tekshirish bilan birga, qayta aloqa tizimi va boshqa aloqa kanallari kelib tushgan talabnomalar asosida muntazam ravishda tekshiruvlar olib boriladi. Lekin bu, o‘z navbatida, ayrim kamchiliklarni ham keltirib chiqaradi. Zamonaviy, ishonchli va axborot xavfsizligini ta’minlovchi milliy ma’lumotlar bazalarini yaratish, axborot resurslari va tizimlarini rivojlantirish, axborot almashinuvining elektron shakllariga izchillik bilan o‘tish uchun vakolatli organ sifatida yangi Markaz tashkil etish hamda ushbu Markazning asosiy vazifasi etib Davlat axborot reyestrini yaratish maqsadga muvofiqdir. Markaz fuqaroning hayot davrida tegishli bo‘lgan ma’lumotlarini vazirlik va idoralardan yig‘ib, yagona bo‘lgan bazada saqlaydi. Misol tariqasida aytish mumkinki, yangi chaqaloq tug‘ilganida ma’lumotnoma (Sog‘liqni saqlash vazirligi), tug‘ilganlik haqida guvohnomani olishi (Adliya vazirligi), pasportga ega bo‘lishi (Ichki ishlar vazirligi), harbiy xizmatga oid ma’lumotlar (Mudofaa vazirligi), soliqlarni to‘lov varaqasi (Davlat soliq qo‘mitasi) haqida tegishli ma’lumotlar va shu usulda barcha vazirlik hamda idoralardan axborotlar kiritib boriladi. Bu bazadagi ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda ko‘rish imkoniyati yaratiladi. Albatta, bunday Markaz zamonaviy dasturiy ta’minot, ishonchli va xavfsiz hamda axborot almashinuvi uchun yuqori tezlikdagi ma’lumotlar uzatish tizimi bilan ta’minlanishi lozim.
— Ayting-chi, yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini iqtisodiyotning turli sektorlarida keng joriy etish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
— Buning uchun, avvalo, davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori sohalarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish va ko‘llash bo‘yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlarining byudjet-smeta xarajatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda AKTga hamda uni tatbiq etishga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan moliyaviy manbalarni inobatga olish lozim. Shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida kompleks ish rejalari, uning yagona siyosatini ishlab chiqishni tashkillashtirishda, milliy axborot makonida, davlat organlarida, jumladan, davlat korxonalari, jamiyatlari va ularning hududiy bo‘linmalarida avtomatlashtirilgan (markazlashgan) tizimni yaratish hamda ular asosida davlat axborot resurslarni yanada ko‘proq rivojlantirish, davlat interaktiv xizmatlarini joriy etishni tezlashtirish kerak.

Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya tizimlari rivojlangan infratuzilma (transport, bank, energetika, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda) axborot xavfsizligini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga, narxni pasaytirish va turlarini ko‘paytirishga imkon beruvchi axborot-xizmat infratuzilmasini yanada rivojlantirish, fuqarolarga AKTdan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratishni jadallashtirish zarur. Dovlat xizmatchilarini AKTdan foydalanish bo‘yicha tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish, barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi holatini baholash maqsadida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarida axborot texnologiyalarini joriy etish darajasini aniqlovchi metodika asosida tegishli tahliliy va hisob-kitob materiallarini taqdim qilishni amaliyotga kiritish orqali, iqtisodiyot sohalarida axborot texnologiyalari hamda avtomatlashtirish vositalarini joriy etish samaradorligini baholash bo‘yicha yagona metodikani ishlab chiqish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri, deb hisoblaymiz.

Total words

1,291

Unique words

749

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.580

Hapax

534

Distribution

Top frequency chart

Dataset